O‘zbekiston | 17:42 / 28.07.2021
7505
4 daqiqa o‘qiladi

Faqat bayramlarda xabar olib qo‘yish kifoya qilmaydi – Yunusoboddagi Mehribonlik uyidagi holat uchun mas'ullar tanqid qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda. Tadbirda ota-onasidan ajragan, mehrga muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan vazifalar belgilab olindi.

«Bugun ota-onasidan ajragan, mehrga muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ustuvor vazifalarni belgilab olishimiz zarur. Bu sohada muammolar borligini hammamiz bilardik va bugun tizim bo‘yicha bu kamchiliklarni bartaraf etish vaqti keldi.

Mana, viloyat hokimlari joylardagi Mehribonlik uylaridan turib ishtirok etishyapti. Har bir hokim so‘zga chiqqanda raqamlarni emas, o‘z farzandim, nabiram shunday holatga tushib qolsa nima bo‘ladi, degan savolni o‘zlaridan o‘tkazib javob berishi kerak.

Albatta, har bir go‘dak bu yorug‘ dunyoga kelar ekan, unga hamma ota-onasi bag‘rida yayrab o‘ssin, baxtli-saodatli bo‘lsin, deb tilak bildiradi. Lekin, taqdir taqozosi bilan ularning ayrimlari ota-ona mehridan benasib qoladi. Bunday holatda bu norasida bolalarning aslo aybi yo‘q ekanini barchamiz yaxshi tushunamiz, albatta», degan davlat rahbari.

Ma'lum qilinishicha, hozirgi kunda 13ta bolalar uyida 560 nafar bolalar (3-4 yoshgacha), 16ta Mehribonlik uyi va 4ta Bolalar shaharchasida 1,8 ming nafar bolalar (3 yoshdan 18 yoshgacha), 86ta maxsus internatda 21 ming nafar bolalar (7 yoshdan 18 yoshgacha) hamda homiylik, vasiylik, oila patronati asosida 79 ming nafar bolalar tarbiyalanmoqda.

«Bir o‘zimizga savol beraylik, ushbu mehrga muhtoj bolalar g‘amxo‘rlikni to‘liq his qilyaptimi? Afsuski, yo‘q. Ularning bilimiga, sportiga, fanlar bo‘yicha qiziqishlariga sharoit yaratyapmizmi? Ijobiy javob yo‘q.

Bugun Yunusoboddagi 21-son Mehribonlik uyiga borganimda na sohaga mas'ul vazirlik, na hudud sektor rahbarlari bu yerdagi muhit va sharoit bilan ishlamagani ayon bo‘ldi. Faqat Navro‘z bayramlarida bolalardan xabar olib qo‘yish kifoya qilmaydi. Misol uchun, so‘nggi 10 yilda Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalarining uy-joyga muhtoj 1 ming 188 nafar bitiruvchilaridan 610 nafariga yoki 51 foiziga uy-joy ajratilgan.

Mehribonlik uylaridagi ta'lim-tarbiya ishlari ham mutlaqo qoniqarsiz. Shuningdek, Mehribonlik uylari bitiruvchilarining atigi 1,6 ming nafari yoki 64 foizi ish bilan ta'minlangan. Shu kabi, o‘tgan yili ixtisoslashgan maktablarni bitirgan 1,5 mingdan ziyod nogironligi bor yoshlarning atigi 264 nafari ishga joylashtirilgan. Bu biz uchun katta muammo. Ularda ertangi kunga ishonch bo‘lmaydi.

Ochiq aytish kerak, bugungi kunda xalq ta'limi tizimiga qarashli Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalaridagi tarbiyachilarning 95 foizi ayollar bo‘lib, bolalar ularni “ona” deb chaqirishadi. Lekin, “ota” tarbiyasi-chi? Bu yerdagi farzandlarimizni oilaga imkon qadar yaqin muhitda tarbiyalashimiz uchun, albatta, ota va ona mehrini bera oladigan tizim yaratishimiz kerak.

Tuman va shahar hokimlari hamda sektor rahbarlari bolalarni homiylik, vasiylik va oila patronatiga berish ishlariga umuman e'tiborsiz. Shu bois, sohada mutlaqo yangi tizim joriy qilinadi», deya davlat rahbarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid