Jahon | 00:05 / 31.07.2021
50638
10 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi vaziyat: Xitoyda yana kasallik avj oldi, Braziliya «Sputnik» uchun shartnomani bekor qildi

Xitoyda - yangi, hozircha keng bo‘lmagan ko‘lamda kasallanish avj oldi, bunga sabab bo‘lgan virus shtammi Rossiyadan kelgani taxmin qilinmoqda; Braziliya «Sputnik V» yetkazib berish bo‘yicha shartnomani bekor qildi; Avstraliya chegaralari keyingi yilgacha ochilmaydi.

Foto: Getty Images

Pandemiya boshidan buyon rasmiy statistika bo‘yicha zararlanganlar soni 197 mln kishidan oshgan, 4,2 mln kishi kasallik qurboniga aylangan. Hozircha Yer shari aholisining 14,4 foizi to‘liq emlangan.

Xitoyda yangi o‘choq - Uhan davridan buyon eng yomon vaziyat

Xitoyda kasallik yana keng tarqala boshladi: dastlab to‘qqiz million kishi yashaydigan Nankinda virus aniqlangach, tez orada beshta provinsiya va Pekinda ham kasallik avj oldi. Rasmiylar virus samolyot orqali Rossiyadan kirib kelganini tusmol qilishmoqda.

Hozircha kasallanganlar soni 200 nafar atrofida, ammo hukumat nashrlari buni 2019 yil Uhanda epidemiya tarqalishidan keyingi eng jiddiy vaziyat sifatida baholashmoqda.

Mahalliy rasmiylar yangi o‘choq paydo bo‘lishini «Delta» shtammi mamlakatga kirib kelishi bilan bog‘lashmoqda, uning Nankindagi ilk tashuvchisi samolyot bortida ishlagan farrosh bo‘lib,u 10 iyul kuni Rossiyadan uchib kelgan.

Nankin aeroporti 11 avgustga qadar yopilgan; hukumat shaharning 9,3 millionlik aholisini va shaharga keluvchilarni yoppasiga test qilish kampaniyasini boshlagan. Boshqa hududlardagi test qilish ishlari shuni ko‘rsatmoqdaki, «Delta» yana 13 shaharga, shu jumladan poytaxt Pekinga ham yetib borgan.

Shu bilan birga, Global Times gazetasi bilan suhbatlashgan ekspertlar kasallik avj olishi ilk bosqichdayoq aniqlangani va virus keng tarqalib ketishining oldini olish mumkinligini aytishmoqda.

Shu vaqtgacha xitoylik rasmiylar, ularning o‘zlari bergan statistikaga ko‘ra, virusni muvaffaqiyat bilan jilovlab kelishayotgandi, bir necha holatlar aniqlangan kichik o‘choqlar darhol qat'iy karantinga olinib, hududlar chegaralari yopilishi samara berayotgandi.

Braziliya «Sputnik»dan voz kechdi - bu vaqtincha bo‘lishi ham mumkin

Rossiyaning «Sputnik V» vaksinasining sertifikatsiyasi kechikishi munosabati bilan Braziliya ushbu vaksinaning 10 mln dozasi uchun shartnomani bekor qilmoqchi: Rossiyaliklarning Braziliyadagi hamkor kompaniyasi vaksina haqidagi kerakli ma'lumotlarni taqdim etmagan.

Payshanba kuni Braziliya sog‘liqni saqlash vaziri Marselu Keyroga «Sputnik» yetkazib berish bo‘yicha mart oyida imzolangan shartnoma bekor qilinishi, bunga Braziliyadagi Anvisa regulyatori rossiyaliklar vaksinasini o‘z vaqtida sertifikatlashtirmagani sabab bo‘lishini ma'lum qildi.

«Sputnik» targ‘iboti bilan shug‘ullanuvchi Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar fondi Uniao Quimica farmatsevtika kompaniyasi bilan vaksinalar yetkazib berish hamda uni joyida ishlab chiqarish bo‘yicha shartnoma imzolagandi. Yetkazib berish hamda ishlab chiqarish uchun sertifikatsiya talab etiladi, ammo regulyatordagilar kompaniya buning uchun vaksina haqidagi kerakli ma'lumotlarni taqdim etmaganini ma'lum qilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirining so‘zlariga ko‘ra, «Sputnik» rasman tasdiqlangachgina Braziliya uni sotib olishi mumkin, ungacha esa mamlakat aholisi boshqa vaksinalar bilan emlanadi.

Reuters agentligi Rossiya fondidan va UniaoQuimica kompaniyasidan vaziyatni izohlashni so‘ragan, ammo hozircha javob ololmagan.

Yaponiya - Favqulodda holat hududi kengaymoqda

Yaponiyada virus tarqalishi tempi o‘sishda davom etmoqda: so‘nggi bir kunda ushbu mamlakatda 10743 kishida kasallik qayd etilgan (bir kun oldin ham 10 mingdan ko‘proq holat), bosh vazir Yoshixide Suga yana to‘rt prefekturada favqulodda holat e'lon qilgan.

Olimpiya o‘yinlari o‘tkazilayotgan Tokio atrofidagi hududlarda va mamlakat g‘arbida joylashgan Osaka megapolisida favqulodda holat rejimi joriy etilgan. Yaponiyada favqulodda holat rejimi shartlari u qadar murakkab emas, masalan, uyda o‘tirish talab qilinmaydi: hukumat shunchaki ishga bormaslikni tavsiya etadi.

Ancha avvalroq favqulodda holat rejimi joriy etilgan Tokioning o‘zida so‘nggi bir kunda 3300ta yangi kasallanish holati qayd etilgan. Poytaxt shifoxonalaridagi og‘ir ahvoldagi kovid bemorlari uchun mo‘ljallangan koykalarning 60 foizi band.

Olimpiada ishtirokchilari va tashkiliy ishlar bo‘yicha xodimlar orasida so‘nggi bir kunda 27 nafar yangi virus tashuvchi aniqlangan, bundaylar soni endi 200 kishidan oshadi. O‘yinlar tashkilotchilari qat'iy karantin, muxlislar kiritilmasligi va total test qilish musobaqani davom ettirishni ta'minlashiga hamda virus «olimpiya qobig‘i»ni yorib o‘ta olmasligiga ishontirishgandi.

Avstraliya hali-beri ochilmaydi

Avstraliya bosh vaziri Skott Morrison qit'a-mamlakat chegaralari aholining 80 foizdan ortiq qismi to‘liq emlab bo‘linmaguncha ochilmasligini ma'lum qildi. Hozircha katta yoshli avstraliyaliklarning taxminan 18 foizi vaksinaning ikki dozasini ham qabul qilgan.

Morrison juma kungi chiqishida koronavirus ustidan g‘alaba qozonish bo‘yicha reja haqida gapirdi. Uning hukumati tuzgan reja to‘rt bosqichni o‘z ichiga oladi, bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra hozirda Avstraliya birinchi bosqichda turibdi - bu lokdaunlar orqali virusga bosim o‘tkazish va uni tiyib turish bosqichidir.

Avstraliya uchinchi bosqichga borib o‘z chegaralarini ochish xavfsiz deb hisoblashi mumkin. Bu bosqichda hukumat emlangan avstraliyaliklar istalgan mamlakatga uchishiga ruxsat beradi.

Bosh vazir uchinchi bosqich yangi yildan keyin boshlanishi mumkinligiga umid bildirgan.

Avstraliya shu vaqtgacha boshqa katta davlatlar orasida pandemiyani nisbatan yaxshi jilovlagan davlat bo‘ldi: 26 million kishiga jami kasallanish holatlari 34 ming atrofida va mingga yaqin o‘lim. Bu - chegaralar tez va to‘liq yopilishi samarasi bo‘ldi.

Hozirda Avstraliya chegaralarini faqat o‘zi kabi pandemiyaga qarshi muvaffaqiyatli kurashgan Yangi Zelandiya uchun ochgan; ayni vaqtda bunday ro‘yxatga Singapurni ham qo‘shish bo‘yicha muzokaralar ketmoqda.

Isroil uchinchi doza bilan emlash kampaniyasini boshladi

Isroil dunyoda birinchi bo‘lib aholini koronavirusga qarshi ommaviy qayta emlashni boshladi.

Mamlakatda koronavirusga qarshi vaksinaning ikkinchi dozasini kamida besh oy avval olgan 60 yoshdan katta odamlar Pfizer / BioNTech vaksinasining uchinchi dozasi bilan qayta emlanadi.

Immunitetni kuchaytiruvchi inʼeksiyani juma kuni telekameralar qarshisida 60 yoshli prezident Isaak Hersog oldi.

Prezidentni Pfizer/BioNTech vaksinasi bilan emlashdi. Bu jarayonda ishtirok etgan bosh vazir Naftali Bennet jurnalistlarga bergan intervyusida Isroil bu ishda kashshof ekanini aytib, uchinchi emlash samarasi haqidagi ma'lumotlarni butun dunyo bilan bo‘lishishini ma'lum qildi.

Bennetning so‘zlariga ko‘ra, aslida uchinchi doza bilan emlash bo‘yicha kampaniya rasman boshlanishidan oldin immuniteti pasaytirilgan ikki ming isroillik sinov jarayonida qatnashgan va ularda hozirgacha nojo‘ya ta'sirlar kuzatilmagan.

Isroil - vaksinatsiya bo‘yicha dunyo yetakchilaridan biri bo‘lib turibdi: 9,3 million kishidan 57 foizi ikki dozani ham qabul qilib bo‘lgan. Rasmiylar qayta emlash zaruratini mamlakatda «delta» («hindcha») shtammning tarqalishi bilan izohladi. Bu shtamm tufayli Isroilda ham kasallanish holatlari ortishi kuzatilgan: bir necha oy oldin kunlik holatlar bir nechta edi, hozir esa kuniga ikki mingdan ortiq holatlar qayd etilmoqda.

O‘z navbatida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti uchinchi doza bilan qayta emlashning samaradorligi va xavfsizligi borasida yetarlicha tadqiqotlar o‘tkazilmagani uchun hali bunday emlashni tavsiya etmayapti. Tashkilotdagilar buning o‘rniga, rivojlangan davlatlar vaksinalarni kambag‘al davlatlar bilan bo‘lishishi kerakligini, shu orqali koronavirusning qaytadan keng avj olishi va yangi shtammlar paydo bo‘lishining oldini olish mumkin bo‘lishini ta'kidlagan.

Bayden emlanganlarni mukofotlashga chaqirdi

AQSh prezidenti Jo Bayden shtatlar rasmiylarini kovidga qarshi vaksina olganlarga 100 dollar miqdorida mukofot berish, shuningdek, federal xizmatchilar uchun majburiy emlanishni joriy etishni taklif etdi.

AQShda aholining qariyb yarmi to‘liq emlangan.

Mukofot uchun pullarni shtatlar pandemiyaga qarshi kurash bo‘yicha federal jamg‘armadan olishlari mumkin - bu mablag‘ hajmi ikki trillion dollargacha yetadi. Bundan tashqari, Bayden xodimlari emlanishi uchun ularga dam olish kunlari taqdim etgan kichik va o‘rta biznes vakillarining yo‘qotishlari qoplab berilishini va'da qilgan.

AQShda federal xizmatchilarning soni ikki million atrofida - emlanmaganlar ishdan bo‘shatilmaydi, ammo ular har kuni test topshirish va niqobda bo‘lishga majbur bo‘lishadi.

Jo Bayden bu choralar «Delta» shtammi keng tarqalgani va «emlanganlar orasidagi pandemiya» bilan izohlanishini ma'lum qildi. Tibbiyot xodimlarining hisob-kitoblariga ko‘ra, AQShda kovid qurbonlarining 99 foizi vaksina olmaganlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

AQSh Kasalliklar profilaktikasi va nazorati bo‘yicha markazning payshanba kuni e'lon qilingan hisobotida «Delta» shtammi avvalgi shtammlarga qaraganda bir yarim barobar yuqumliroq ekani, uning yuqumlilik darajasi suvchechakniki bilan bir xilligi qayd etilgan. Shu bilan birga, ushbu shtammdan o‘lim darajasi avvalgi shtammlarnikidan yuqori emas.

Dastlab Hindistonda qayd etilgan «Delta» shtammi hozirgacha dunyoning 132 mamlakatida qayd etilgan va hozirda dunyodagi yangi holatlarning aksar qismi shu shtamm bilan bog‘liqdir.

Mavzuga oid