O‘zbekiston | 14:13 / 02.08.2021
61179
4 daqiqa o‘qiladi

Olmaliqda YPX xodimiga «Qora Malibu»ni qo‘yib yuborishni buyurgan komandirga chora ko‘rilgani ma'lum qilindi

«Qora Malibu» voqeasi 28 iyul kuni Olmaliq shahrining Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida sodir bo‘lgan. O‘zini Abror Ismoilov deb tanishtirgan YPX xodimi «O‘zbektemir yo‘lmashta'mir» unitar korxonasiga tegishli bo‘lgan avtomobilni haydovchi harakat vaqtida xavfsizlik kamaridan foydalanmagani uchun to‘xtatgan.

Toshkent viloyati IIB matbuot xizmati Olmaliq shahrida YPX xodimi tomonidan to‘xtatilgan «Malibu» voqeasi bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumot berdi.

«Joriy yilning 28 iyul kuni Toshkent viloyati Olmaliq shahar hududida o‘tkazilgan nazorat-reyd tadbirlari davomida M.Ulug‘bek ko‘chasida xizmat olib borayotgan YPX xodimi A.Ismoilov tomonidan «OʼZTEMIRYOʼLMASHTAʼMIR» unitar korxonasiga tegishli bo‘lgan «Malibu» rusumli avtomobil haydovchisi harakat vaqtida xavfsizlik kamaridan foydalanmagani sababli to‘xtatilgan.

Tekshiruv davomida transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi barcha hujjatlar haydovchining yonida bo‘lgan.

Haydovchiga nisbatan MJtKning 125-moddasi 1-qismga (xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalarini buzish) asosan EV-21 seriyali 10-972827 raqamli elektron shakldagi bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Ma'muriy bayonnomani rasmiylashtirish jarayonida YPX xodimining komandiri aloqaga chiqib, ko‘p ushlab turmasligini, haydovchiga nisbatan «xushmuomala»da bo‘lishini aytib, transport vositasini qo‘yib yuborishini aytgan. Shundan so‘ng haydovchi harakatni davom ettirgan.

Ushbu holatda (ratsiya orqali bog‘langan) 2-mintaqaviy hudud YPX otryadi komandiri amaldagi me'yoriy hujjatlar talablarini buzgani uchun intizomiy jazolandi», deyiladi rasmiy ma'lumotda.

Ma'lumotnomada inspektor Abror Ismoilov bo‘yicha ma'lumot yo‘q, shuningdek, avtomobil salonida o‘tirib, u bilan savol-javob qilganning ham, inspektorga telefon qilib, buyruq berganning ham shaxsiga aniqlik kiritilmagan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatida qoidabuzar haydovchini to‘xtatgan YPX xodimi ratsiya orqali «yuqoridan» kelgan buyruq sabab uni qo‘yib yuborishga majbur bo‘lgani tasvirlangan video tarqalgandi. 

Unda xizmat vazifasini bajarib, haydovchiga nisbatan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirish vaqtida YPX inspektoriga ratsiya orqali aloqaga chiqilgani va Malibu’ni qo‘yib yuborish bo‘yicha buyruq berilganini ko‘rish mumkin. «Telefon qilishdi, qanaqa mashinani ushlab turibsan?.. Qo‘yvor bo‘ldi, ko‘p gapirmasdan. Yaxshi yetvoling deb tushuntirvor», degan buyruq beruvchi ovoz.

Toshkent viloyati IIBB boshlig‘i matbuot kotibi Bobur Tulyaganov telegram kanalida ushbu hodisaga munosabat bildirgan.

«Toshkent telekanali «Poytaxt yo‘llari» ko‘rsatuvi orqali efirga uzatilgan Olmaliq shahrida YPX inspektori bilan bo‘lgan voqea ijtimoiy tarmoqlardagi deyarli barcha faollar tomonidan muhokamaga qo‘yilmoqda.

Holat yuzasidan yozilayotgan izohlarning asosiy qismini qo‘llab-quvvatlayman. 

Ya'ni quyi tizimda, quyosh tig‘ida kun bo‘yi xizmat qilayotgan inspektor qoida buzgan haydovchini to‘xtatsa-yu, u hozir senga ko‘rsataman deb boshini baland qilib o‘tirsa. 

Ko‘p o‘tmay inspektorga yuqoridan chiqib, (qoidabuzar) «haydovchidan uzr so‘rab, qo‘yib yubor. Oq yo‘l tila» deyilishi shu inspektorning shashtini, ishchanlik obro‘sini, yoyinki g‘ururini sindiradi.

Chamamda aloqaga chiqilgan vaqt, inspektor haydovchiga nisbatan (elektron) jarima tuzib bo‘lgan edi. 

To‘xtamang, qoida buzganning oldida boshingizni egmang, kasbingiz bilan faxrlaning, hurmatli YPX inspektorlari», degan u.

Mavzuga oid