O‘zbekiston | 17:56 / 04.08.2021
16713
3 daqiqa o‘qiladi

«Qarashlarimizni keskin o‘zgartirishimiz kerak» - Prezidentlikka ilk nomzod saylovoldi platformasi va «yashil iqtisodiyot» haqida

Bugun, 4 avgust kuni O‘zbekiston Ekologik partiyasi markaziy kengashining navbatdan tashqari plenumida partiyaning O‘zbekiston prezidentligi saylovi uchun nomzodi ilgari surildi.

Prezident saylovida Ekopartiya markaziy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi Narzulla Oblomurodov nomzod sifatida qatnashadi.

Narzulla Oblomurodov plenum yakunida OAV vakillarining qator savollariga javob berdi.

— Bugun partiya vakillari sizning nomzodingizni O‘zbekiston prezidentligi uchun ilgari surdi. O‘zingizni prezident sifatida tasavvur qilyapsizmi?

— Bugun tarixiy kun. Mamlakatdagi eng yosh siyosiy partiyaning O‘zbekiston prezidenti saylovlarida ishtirok etishi bo‘yicha qaror qabul qilindi. O‘zbekiston saylov qonunchiligi bo‘yicha partiya ushbu saylovlarda ishtirok etish va partiyaning yuqori organi bo‘lgan – partiya s'yezdiga taklif kirityapti. Yakuniy so‘z esa s'yezdda qabul qilinadi. Bungacha bizning qonunchilik va boshqa tashkiliy masalalarda qiladigan ishlarimiz bor.

Aynan s'yezdda partiyaning muhim qarorlari qabul qilinadi.

— Bugun O‘zbekistonni chuqur ekologik muammolar qamrab olgan. Ammo biz bu muammolarni yechish borasida partiyaning biror harakatini sezmayapmiz. Siz esa shu holatda saylovga kiryapsiz.

— O‘zbekistonda ekologiya masalalari ustuvor ahamiyat kasb etib boryapti. Shu ma'noda xalqimizning ham bu boradagi faolligi oshib boryapti.

Bugun butun dunyoda ham aholini tashvishga solayotgan ekologik muammolar mavjud. Shunday ekan, bizda ham iqtisod «yashil taraqqiyot» talablari bilan birgalikda olib borilishi kerak.

— Partiyaning saylovoldi platformasida «yashil iqtisodiyot» asosiy yo‘nalishlardan biri sifatida belgilab olingan. Sizningcha, «yashil iqtisodiyot» qanday bo‘lishi kerak?

— Albatta, «yashil iqtisodiyot» saylov oldidan bizning eng muhim yo‘nalishlardan hisoblanadi. Bu ko‘plab masalalarda bizning yangicha fikrlashimiz bilan bog‘liq. Bunda biz doimiy an'analardan voz kechib, yangi kadrlar tayyorlashimiz kerak.

Tabiiy resurslardan foydalanish borasidagi qarashlarimizni ham keskin o‘zgartirishimiz kerak.

— Bugun O‘zbekistondagi qurilishlarda «yashil iqtisodiyot» talablariga umuman rioya qilinayotgani yo‘q. Xo‘sh, «yashil iqtisodiyot»ni asosiy maqsadimiz deya da'vo qilayotgan partiya nega bu borada o‘z talablarini amalga kirita olmayapti?

— Bizning oldimizda maqsad, rejalar ko‘p. Bu masalalar esa keng jamoatchilik ishtiroki bilan yechim topishiga ishonamiz.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abdusalim Abduvohidov.

Mavzuga oid