O‘zbekiston | 20:37 / 05.08.2021
8167
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqand viloyatida test sinovlarining birinchi kuni o‘tkazildi

Bugun, 5 avgust kuni Samarqand viloyatidagi 14 ta oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun test sinovlari boshlandi.

Samarqanddagi test sinovlari viloyatdagi 5 ta sport maydonlarida o‘tkazilmoqda. Samarqand shahri Depo ko‘chasidagi «Lokomotiv» futbol maydonida 1200ta, Sartepo 2-BO‘SM futbol maydonida 1080ta, Kimyogarlar qo‘rg‘oni «Nurafshon» futbol maydonida 960ta, Samarqand tumanidagi BO‘SM futbol maydonida 960 ta, Jomboy tumanidagi BO‘SM futbol maydonida 1200ta — jami 5400ta o‘rin hozirlangan.

Kun.uz Samarqand shahridagi «Lokomotiv» futbol maydonida bo‘lib, test jarayonlarini kuzatdi.

Davlat test markazi mas'ul xodimi Nurxon Bekniyozov 1-smenada 160 nafarga yaqin abituriyent test sinovlarida qatnashmaganini ma'lum qildi. Bekniyozovga ko‘ra, test sinovlariga kirmagan abituriyentlar ichida kimdir ma'lum sabab bilan, masalan, koronavirusga chalingan bo‘lsa, davolanayotganini asoslovchi hujjatlarni taqdim qilgan taqdirda yana bir marta test topshirish uchun imkoniyat beriladi. Shuningdek, imtihonga kirishdan avval harorati yuqori bo‘lgan abituriyentlar ham maydonga kiritilmagan.

Birinchi smenada «Lokomotiv» maydonida bir nafar, viloyat bo‘yicha yetti nafar abituriyent taqiqlangan harakatlar qilgani yoki turli qurilmalar olib kirishga uringani uchun imtihondan chetlatilgan.

Ma'lumot o‘rnida aytish mumkin, Samarqand viloyatidagi 14 ta oliy ta'lim muassasalari uchun 12450 ta kvota ajratilgan.

Davlat test markazi mas'ullarining ma'lum qilishicha, 5–14 avgust kunlari Samarqand shahrida abituriyentlarni manzilga yetkazish uchun alohida yo‘nalishlar tashkil qilingan. Ushbu yo‘nalishlarda maxsus avtobuslar ertalabki 4:30 dan 6:00 gacha, kunning ikkinchi yarmida kech soat 21:00 dan 22:00 gacha (imtihon bo‘lib o‘tadigan hududdan birinchi manzilgacha) harakatlanadi.

Ushbu maxsus avtobuslar Ishtixon, Qo‘shrabot, Payariq, Oqdaryo tumanlaridan imtihon topshiruvchi abituriyentlar uchun Ibn Sino va Dahbed ko‘chasi chorrahasida;

Paxtachi, Narpay, Kattaqo‘rg‘on (tuman va shahar), Nurobod va Past Darg‘om tumanidan keluvchi abituriyentlar uchun «Hazora» avtoboshbekatida;

Urgut, Toyloq, Samarqand tumanlaridan imtihon topshiruvchilar uchun Siyob (Kaftarxona) avtoboshbekatida;

Bulung‘ur, Jomboy tumanlaridan keluvchi abituriyentlar uchun Siyob dehqon bozorida (Yo‘l o‘tkazgich tagida) tashkillashtirilgan.

Har bir maxsus avtobus qaysi yo‘nalish bo‘yicha harakatlanishi haqida yo‘l ko‘rsatkichiga ega. Ushbu avtobuslardan faqatgina abituriyentlar foydalanishi mumkin.

Isomiddin Po‘latov, Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid