O‘zbekiston | 16:54 / 07.08.2021
12528
3 daqiqa o‘qiladi

Botanika bog‘idagi imtihonlar. 3 kun ichida telefon va shpargalka olib kirgan 6 abituriyent aniqlandi

O‘zbekistonda oliy ta'lim muassasalariga kirish uchun test sinovlari davom etmoqda. Toshkentdagi Botanika bog‘ida bo‘lib o‘tayotgan imtihonlarda bir smenada 2 ming 880 nafar abituriyent, bir kunda esa 5 ming 760 nafar abituriyent ishtirok etishi mo‘ljallangan.

Davlat test markazi mutaxassisi Bobur Yusupovning aytishicha, uch kun ichida taqiqlangan vositalarni olib kirish bilan bog‘liq 7ta holat aniqlangan.

“Uch kunda 6ta telefon va 1ta shpargalka olib kirgan abituriyentlar aniqlandi. Mas'ul nazoratchilar tomonidan dalolatnoma tuzilib, bu abituriyentlar imtihondan chetlatildi.

Har bir abituriyentning tana harorati nazorat qilinyapti, hozircha 2 nafar abituriyentda tana harorati me'yordan baland ekani aniqlanib, ular ham testga kiritilmadi. Barcha imtihonlar tugagandan keyin, davlat komissiyasi tomonidan tegishli tartibda ular uchun qo‘shimcha test sinovlari tashkil qilinadi”, – dedi u.

5 avgustda o‘tkazilgan imtihon natijalari 6 avgust kuni e'lon qilindi.

DTM mutaxassisiga ko‘ra, har bir abituriyent o‘z shaxsiy kabineti orqali nafaqat to‘plagan ballarini, balki javoblarining to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanini ham ko‘rishi mumkin. Chunki platformaga abituriyent javoblar varaqasining nusxasi joylanadi.

Test jarayonlari kuzatuv kameralari orqali nazorat qilinadi va ota-onalarga onlayn tarzda kuzatish imkoniyatini beradi. Har bir abituriyent face-nazorat tizimida tekshiruvdan o‘tkaziladi.

“Botanika bog‘ida o‘tkazilayotgan imtihonlarda 96ta guruhning har biri video nazorat orqali kuzatilyapti. Abituriyentlar face-nazoratdan o‘tishadi va shu vaqt ichida mos kelmagan ishtirokchilar ham aniqlandi. Ularga nisbatan tegishli choralar ko‘riladi.

Bu tizimda o‘z imtihon vaqtini adashtirib, boshqa vaqtda kelayotgan abituriyentlar ham uchrayapti. Ular ham nazoratdan o‘ta olmaydi, chunki kiritilgan ma'lumotlar bazasiga abituriyent qachon va qaysi paytda testga kelishi kerakligi kiritilgan”, – deydi “Xavfsiz shahar” jamoat tartibiga ko‘maklashish markazi xodimi Abdufarid Matkarimov.

Avvalroq, Qashqadaryoda ham imtihonlarda telefon ishlatganlar va boshqaning o‘rniga kirganlar aniqlangani haqida xabar berilgan edi.

Mavzuga oid