O‘zbekiston | 11:33 / 09.08.2021
3999
2 daqiqa o‘qiladi

«Toshissiqquvvati» yilni 869 milliard so‘m zarar bilan yakunlagan

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevning o‘tgan haftadagi tadbirlari va joriy haftadagi rejalari bo‘yicha ma'lumotlar berdi.

“2 avgust kuni hurmatli prezidentimiz Toshkent shahrida issiqlik ta'minoti tizimini modernizatsiya qilish loyihasi bilan tanishdi.

Ma'lumki, poytaxtimizdagi ko‘p issiqlik tarmoqlari o‘tgan asrda qurilgan. Hozirgi kunga kelib 12 ta markaziy va 180 ta mahalliy qozonxonalar, 2 ming kilometr magistral va tarqatish quvurlari eskirgan. Bu juda katta energiya sarflanishiga, xizmat sifati yomonlashishiga olib kelmoqda. Avariya holatlari ham ko‘p uchramoqda.  

Bu esa aholining haqli e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Masalan, o‘tgan yili va shu yil davomida bu masala bo‘yicha odamlardan 6 ming 330 ta murojaat kelib tushgan.

Xizmatdan qoniqmaslik to‘lovga ham ta'sir qilmoqda. “Toshissiqquvvati” davlat unitar korxonasi yilni 869 milliard so‘m zarar bilan yakunlagan, kreditor qarzdorligi ham katta. Agar qozonxona va tarmoqlar hozir yangilanmasa, bunday muammolar ko‘payib boraveradi.

Shuning uchun Toshkent shahridagi issiqlik ta'minoti tizimini modernizatsiya qilish, bozor tamoyillari va davlat-xususiy sheriklikni joriy etish rejalashtirilmoqda”, – dedi prezident matbuot kotibi o‘z nutqida.

Bildirilishicha, prezident bu masalada juda chuqur o‘ylab ish tutish, boshqa shaharlar tajribasini tahlil qilib, eng yaxshi to‘xtamga kelish zarurligini ta'kidlagan. Shuning uchun, taqdimot qilingan loyihani avval Toshkent shahridagi mavzelardan birida sinovdan o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.

Mavzuga oid