Xorijiy tillar: Qanday qilib qiyinchiliklarni yengib o‘tish va yaxshi natijaga erishish mumkin?
Xorijiy tillarni o‘rganish insonga yangi madaniyat, bilim va yangi do‘stlar bilan tanishish, muloqotga kirishish hamda dunyoqarashni o‘stirishda yordam beruvchi eng yaxshi vosita. Ammo yangi tillarni o‘rganish anchayin murakkab jarayon va hamma ham bu murakkabliklarni yengib o‘tolmaydi.
Kun.uz til o‘rganuvchilar uchun eng muhim tavsiyalar, bu borada ko‘pchilik uchun umumiy bo‘lgan muammolar hamda ularni yengib o‘tish haqida xorijiy tillar mutaxassisi Azamat Akbarov bilan intervyu uyushtirdi.
— O‘z ona tilidan tashqari bir yoki bir necha tilni o‘rganish insonga nima beradi?
O‘zbekistonda bu masalaga nega ko‘p e’tibor qaratilyapti?
— Dunyo rivojlanyapti. Sun’iy chegaralar olib tashlanyapti. Insonlarda dunyoni, uning ilmlarini o‘rganishga qiziqish ortyapti. Iqtisodiyotlar rivojlanyapti. Albatta, O‘zbekiston ham bu jarayonlardan chetda emas. Bizga ham millionlab mehmonlar, sayohatchilar kelmoqda. Ayni mana shular ham O‘zbekistonda til o‘rganishni dolzarb masalaga aylantirmoqda.
Dunyo millatlari va insonlarning o‘ziga xos madaniyati, urf-odatlari bor. Til o‘rganish esa insonni boshqa madaniyatlar bilan ham yaqinlashtiradi.
— Deylik, biror xorijiy tilni o‘rganishga ishtiyoq juda kuchli. U ishni nimadan boshlashi kerak?
— Til o‘rganishda eng asosiysi xohish, istak va ilk qadamni tashlash. Afsuski, ko‘pchilikda ilk qadamni tashlash omilini qo‘rquv omili yengib ketaveradi. Bu bizning tarbiyamiz bilan ham bog‘liq jihat.
Farzandlarimizga yoshligidan kattalar o‘tirgan davrada gapirmaslikni, fikrini aytmaslik vahokazolarni o‘rgatamiz. Ularni doim qoliplar bilan chegaralaymiz.
Bola mana shunday to‘siqlar bilan katta bo‘lar ekan, uning o‘ziga bo‘lgan ishonchi sust bo‘ladi. Qaror qabul qilish, mustaqil tashabbuslarga qadam qo‘yishga qiynaladi. Bu bolani tanqidiy va tahliliy fikrlashdan to‘suvchi katta to‘siq.
Biz tarbiya berishdagi mana shu uslublarni o‘zgartirishimiz kerak.
Yevropa va Janubiy Koreyada yosh bolalarni xato qilishga o‘rgatishadi. Tilda ham shunday. Qancha ko‘p xato qilsangiz, shuncha rivojlanishga xizmat qiladi.
Menga o‘qituvchilarning bola tilni o‘rganolmayapti degan fikri ma’qul kelmaydi. Til – abstrak tushuncha. Xo‘sh, bola tilni nimasini o‘zlashtirolmaydi? Zamonlarnimi? Artikllarnimi? Harakat nominimi? O‘qituvchi bunga javob berolmaydi.
Agar biz bolaning xatolariga to‘g‘ri tashxis qo‘ya olsak, bola o‘sha xatolarni takrorlamaydi. Qaytaraman, xorijda o‘qituvchilar bolani imkon qadar ko‘proq xato qilishga majburlashadi. Xato qilish aslida – rivojlanish.
Biz doim chet tillaridan sun’iy baholar qo‘yamiz. Shu sun’iy baholar bilan universitetni bitirganlar o‘qituvchi bo‘lib ishlayapti. Bu o‘qituvchilar esa bolaning xatosini to‘g‘rilashga harakat qilmaydi. Tizim aylanaveradi.
— Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda til o‘rganuvchilarning asosiy qismini 17-35 yoshdagilar tashkil qilar ekan. Katta yoshlilarchi? Odatda yoshi katta insonlar xotira qo‘rquvi bilan ham til o‘rganish sari qadam tashlolmaydi.
— Til bir tomondan tibbiyotga o‘xshaydi – amaliyot bilan birga rivojlantiriladi. Tilni passiv tarzda o‘rganish katta natija bermaydi. Masalan, til o‘rganishni 17 yoshida boshlagan kishi u bilan passiv ya’ni amaliyotda foydalanmay shug‘ullanar ekan, u butun umr ham yaxshi natijaga erisholmasligi mumkin.
Ba’zilar tilni shunchaki uyqudan avval yuzta so‘zni yodlash va ularni takrorlash deb tushunadi. Lekin o‘sha so‘zlar aktiv fazada ishlatilmas ekan. U natija bermaydi.
Janubiy Koreyada yashaganimda bu mamlakatga O‘zbekistondan borgan ko‘plab yoshi katta insonlar bilan gaplashganman. Ularning ayrimlari koreys tilida hatto mendan ham yaxshiroq gaplashardi. Bu holatni Shvetsiya, Yevropaning boshqa davlatlari va Amerikada ham ko‘rdim.
Bu holat hovuzga sho‘ng‘ish deyiladi, ya’ni inson til o‘rganishda o‘sha til muhitiga sho‘ng‘isagina yaxshi natijaga erishadi. Agar biz insonlarga amaliyot tashkil etib berolsak, ular 60 yoshda ham tilni juda yaxshi o‘rgana oladi.
— Nima uchun ayrimlar yillar davomida tayyorlov kurslariga qatnab ham yaxshi natijaga erisholmaydi?
— Chunki ular tayyorlov kursiga borish uchun boradi. Yoki ayrim yoshlar shunchaki ota-onasini xursand qilish uchun repetitorga boradi. Bugun tayyorlov kurslariga borish insonlarning iqtisodiy ko‘rsatkichlarini ko‘rsatuvchi komponentga ham aylanib qolgan.
Men 3-4 yil repetitorga qatnab, IELTS’da 5.5-6 ball olganlarni bilaman. Ba’zilar esa 6 oydayoq yaxshi natijaga erisha oladi. Bu mehnat samarasi. Kechayu kunduz o‘z ustida ishlash natijasi. Radio tinglash, kino ko‘rish, o‘rganayotgan tilida xabarlarni o‘qish, qo‘shiq eshitish, suhbatlashish natijasi.
Til o‘rganishda dars jarayonidan tashqaridagi holatga ko‘proq e’tibor bergan kishilarda natijalar yaxshiroq bo‘ladi.
Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Ilyos Safarov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.
Mavzuga oid
15:21 / 19.12.2024
Xitoyda o‘g‘lining uy vazifalariga yordamlashayotgan ota infarktga chalindi
16:56 / 13.12.2024
Andijonda hokim o‘quvchilarni armiyaga yubordi, IIB boshlig‘i “qizil toifa”ga ajratdi. Bu to‘g‘rimi? - mutaxassislar bilan suhbat
09:30 / 04.12.2024
Dunyodagi eng qimmat 10 ta maktab-internat: ularda yillik o‘qish narxi 100 ming dollardan oshadi
14:33 / 21.11.2024