O‘zbekiston | 21:24 / 18.08.2021
29412
2 daqiqa o‘qiladi

Foto: Germaniya Afg‘onistondagilarni Toshkent orqali evakuatsiya qilish jarayoni

Reyslarda Germaniya diplomatik missiyasining afg‘onistonlik texnik xodimlari va boshqa yevropaliklar ham bor. O‘zbekiston TIVning ma'lum qilishicha, ular Germaniyaga olib ketilishigacha aeroport tranzit hududida bo‘lishadi.

Germaniya qurolli kuchlarining ikkita A400M rusumli harbiy transport samolyoti Afg‘oniston poytaxti Kobul shahridan Toshkentga 400 nafardan ortiq odamni evakuatsiya qildi. Bu haqda Germaniya Mudofaa vazirligi tvitterida ma'lum qilingan.

«Toshkent va Kobul o‘rtasidagi havo ko‘prigi, Kobulda xavfsizlik holati bunga imkon berguniga qadar, evakuatsiyaning jadal davom etishini ta'minlaydi», deyiladi Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi xabarida.

Kobuldan evakuatsiya qilinayotganlar uchun O‘zbekiston alohida terminal ajratdi - «Toshkent-3» aeroporti noma'lum muddatga yopilgan.

Germaniya bu odamlarni Toshkentdan yo‘lovchi reyslar orqali olib ketadi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili axborotiga ko‘ra, evakuatsiya qilinganlarning barchasi Germaniyaga ketgunga qadar aeroport tranzit hududida bo‘ladi, ya'ni ular shaharga chiqishmaydi.

Germaniya toliblar Afg‘onistonda hokimiyatga kelishi munosabati bilan xavf ostida qolgan minglab odamlarni evakuatsiya qilishni rejalashtirgan.

Mavzuga oid