Jahon | 21:24 / 23.08.2021
52192
11 daqiqa o‘qiladi

«Afg‘onlarning bir avlodi orzularini ko‘mdi» – «Tolibon»dan qochganlar qayerlarga ketmoqda?

«Tolibon» Afg‘onistonning deyarli butun hududini nazoratiga olgani sababli minglab afg‘onlar mamlakatni tark etishga urinmoqda. Qo‘shni davlatlardagi afg‘onlar soni allaqachon 2,2 millionga yetgan, mamlakatni tark etishga urinayotganlar soni ham tobora ortib bormoqda. Mojarolar va siyosiy beqarorlik tufayli Afg‘onistonda 3,5 million kishi uysiz qoldi.

Foto: Reuters

Kobul aeroporti ayni vaqtda AQSh va G‘arbning boshqa mamlakatlarining ulkan kulrang transport samolyotlari bilan to‘lgan. Osmonda harbiy vertolyotlar uchib yuradi. Har bir samolyot atrofida adoqsiz navbatlar.

Uchib ketmoqchi bo‘lganlarga faqat bir chamadon olishga ruxsat bor. Odamlar Afg‘onistondan - toliblar egallagan mamlakatidan qochib ketmoqda. Odamlar o‘z yurtini, hayotini, orzularini tashlab ketishga majbur bo‘lmoqda.

Ularning orasida BBC’ning sobiq jurnalist-frilanseri Bilol Sarvariy ham bor. U oilasi bilan aeroportning uchish maydoniga yetib kela oldi va parvozdan oldin ozroq kiyimdan boshqasini qoldirishiga to‘g‘ri keldi.

U Sola ismli qizini tug‘ilgan mamlakatida o‘stirishni istagandi - u bu mamlakatda 2001 yildan beri ro‘y bergan voqealarni xorijlik korrespondentlarga tarjimon sifatida yoritib kelayotgandi. U endi qizi qachonlardir vatanni tashlab ketishga majbur bo‘lishganini tushunishiga umid qiladi.

«Afg‘onlarning bir avlodi orzularini, rejalarini va o‘z hayotlarini ko‘mdi», deydi u.

Shu bilan birga, u ketayotgan bo‘lsa-da, taslim bo‘lmasligini aytadi.

«Afg‘oniston bilan aloqalarimiz - fojiali roman kabi. Nima bo‘lsa ham biz undan voz kechmaymiz», deydi Bilol.

Qancha afg‘on mamlakatni tark etmoqda?

Bu savolning javobi hozircha aniq emas.

«Tolibon» Afg‘onistonning barcha chegara o‘tish punktlarini nazorat qilmoqda. Qolaversa, ular afg‘onlarning mamlakatni tark etishini istamasliklarini ham aytishdi. Chegaradan faqat savdogarlar yoki tegishli hujjatlari bo‘lganlargina o‘tishi mumkin.

«Afg‘onlarning aksariyati oddiy kanallar orqali mamlakatni tark eta olmayapti. Bugun xavf ostida bo‘lgan odamlarning mamlakatdan chiqish uchun aniq bir yo‘li yo‘q», deydi BMTning qochqinlar bo‘yicha oliy komissarligi matbuot kotibi juma kuni bergan bayonotida.

Biroq ba'zi qochqinlar mamlakatni tark etish yo‘llarini topishga muvaffaq bo‘lishdi.

«Tolibon» Kobulni egallab olganidan ko‘p o‘tmay, bir necha ming afg‘onistonlik Pokistonga o‘tgan, 1,5 ming nafarga yaqin afg‘on esa O‘zbekistonga kirib, chegaraga yaqin chodirlarga joylashgan.

Kobul aeroportida minglab afg‘onistonliklar o‘z fuqarolarini mamlakatdan olib chiqish uchun xorijiy davlatlar tomonidan amalga oshirilayotgan evakuatsiya reyslariga «ilinib» qolishga urinmoqda.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, 30 mingdan ortiq odam mamlakatni tark etgan. Biroq ularning qanchasi Afg‘oniston fuqarolari ekani aniq emas.

Mojarolar kuchaygani tufayli bu yil minglab afg‘on o‘z uyini tark etishga majbur bo‘ldi.

Mojarolar tufayli o‘z uyini tark etgan insonlar soni (oylar bo‘yicha)

Ayni paytga qadar qancha afg‘on qochib ulgurdi?

Afg‘onlarning so‘nggi harakati ko‘p yillar davom etgan siyosiy beqarorlik va ziddiyatlar iqlimi natijasida vujudga kelgan tarixiy ko‘chishning bir qismidir.

BMTning qochqinlar bo‘yicha oliy komissarligi ma'lumotlariga ko‘ra, bu yil 550 mingdan ziyod inson hatto toliblar mamlakatni o‘z nazoratiga olmasdan burun mojaro tufayli uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.

Bu shuni anglatadiki, hozirda 3,5 million afg‘on mamlakat ichida majburiy ko‘chirilgan.

O‘tgan yil oxiriga kelib Afg‘oniston chegaralaridagilardan tashqari, taxminan 2,2 million qochqin qo‘shni davlatlardan boshpana so‘ragan.

Bu yil afg‘onlar mamlakatning aksar qismida kuzatilgan kuchli qurg‘oqchilik va oziq-ovqat tanqisligi bilan kurashishga majbur bo‘lishdi. BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi iyun oyida e'lon qilgan hisobotda 14 million odam (aholining uchdan biridan ko‘prog‘i) ochlikdan jabr chekayotgani aytiladi.

2 milliondan ortiq afg‘on qochqinlari Eron va Pokistonda yashaydi

Afg‘on qochqinlari qayerlarga ketyapti?

Qo‘shni davlatlar Pokiston va Eron o‘tgan yili eng ko‘p afg‘on qochqinlari va boshpana izlovchilarini qabul qilgan.

Qochqinlar bo‘yicha oliy komissarlik ma'lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda Afg‘onistondan Pokistonga taxminan 1,5 million kishi, Eronga esa 780 ming kishi o‘tgan.

180 mingdan ziyod afg‘onistonlikni qabul qilgan Germaniya ro‘yxatda uchinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Turkiya ham taxminan 130 ming afg‘onni qabul qildi.

Ammo Turkiyada boshpana so‘rab murojaat qilgan, lekin talablari qabul qilinmagan 125 ming afg‘on qochqinlari ham bor. Bu raqam Germaniyada 33 ming, Gretsiyada esa 20 mingni tashkil qiladi.

Qo‘shni davlatlar 2020 yilda afg‘onlarni eng ko‘p qabul qildi

Afg‘on qochqinlari eng ko‘p bo‘lgan mamlakatlar

Mamlakatlar qanday yordam bermoqda?

Ba'zi davlatlar afg‘onlarga xavfsiz boshpana taklif qilgan bo‘lsa, boshqa davlatlar qochoqlarga boshpana bermasliklarini ma'lum qilishdi.

Eron
Eron Afg‘oniston bilan chegaradagi uchta viloyatida qochqinlar uchun favqulodda vaziyat chodirlarini qurdi. Biroq Eron Ichki ishlar vazirligining yuqori lavozimli amaldorlarining aytishicha, Eronga o‘tayotgan har bir afg‘onistonlik «ahvol yaxshilanganda o‘z mamlakatiga qaytariladi». BMT ma'lumotlariga ko‘ra, hozirda Eron 3,5 millionga yaqin afg‘onni qabul qilgan.

Pokiston
Bosh vazir Imron Xon iyun oyida qilgan bayonotida agar «Tolibon» nazoratni o‘z qo‘liga olsa, mamlakat Afg‘oniston bilan chegarasini yopishini aytdi. Biroq OAV ma'lumotlariga ko‘ra, bir necha ming afg‘onistonlik Pokistonga o‘tgan va eng kamida bitta chegara punkti ochiq.

Tojikiston
Hozircha aniq raqamlar ma'lum emas. Biroq ba'zi ma'lumotlarga ko‘ra, so‘nggi kunlarda kamida bir necha yuz afg‘onistonlik, jumladan, afg‘on armiyasi askarlari Tojikistonga o‘tgan. Tojikiston iyul oyida Afg‘onistondan 100 minggacha qochqinni qabul qilishga tayyorgarlik ko‘rayotganini bildirdi.

O‘zbekiston
Taxminan 1500 afg‘on Afg‘oniston-O‘zbekiston chegarasini kesib o‘tib, lagerda yashayotgani haqida ma'lumotlar bor. O‘zbekiston TIV chegaradan o‘tib kelganlarning 150 nafari toliblar bilan muzokaralar natijasida, ularning xavfsizligi ta'minlanishi sharti bilan ortga qaytarilgani haqida ma'lum qilgan.

Turkiya
Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an hukumat Afg‘onistonda vaziyatni barqarorlashtirish va Turkiyaga kelayotgan qochqinlarning yangi to‘lqini oldini olish uchun Pokiston bilan hamkorlik qilishini aytdi. Hukumat, shuningdek, Eron chegarasidagi devor qurilishini ham tezlashtirdi.

Buyuk Britaniya
Angliya uzoq muddatda 20 ming afg‘on qochqinini qabul etishini e'lon qildi. Britaniya hukumatining «Afg‘oniston fuqarolarini ko‘chirish rejasi» birinchi yilda 5 ming afg‘onning Buyuk Britaniyaga joylashishiga ruxsat berishni nazarda tutadi va bunda birinchi navbatda «Tolibon» davrida eng katta xavf ostida bo‘lgan ayollar va bolalarga, shuningdek, diniy va boshqa ozchiliklarga e'tibor qaratiladi.

AQSh
AQSh qabul etiladigan qochqinlarning aniq sonini oshkor qilmadi. Ammo prezident Jo Bayden 500 million dollarlik immigratsiyaviy budjetni taqdim etdi.

Kanada
Kanada 20 ming afg‘onni qabul qilishini aytdi, bunda asosiy e'tibor «Tolibon» xavfi ostida bo‘lganlarga, jumladan, hukumat xodimlari va rahbar ayollarga qaratiladi.

Avstraliya
Avstraliya o‘z mamlakatidan qochgan afg‘onlarga gumanitar viza dasturida 3 ming o‘rin taklif etishini e'lon qildi. Biroq bu kvota amaldagi gumanitar viza dasturini ham qamrab oladi va umumiy raqamlarda o‘sish bo‘lmaydi.

Yevropa Ittifoqi
Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining ko‘plab rahbarlari 2015 yilgi muhojirlar inqirozi takrorlanishining oldini olishga intilishlarini aytishdi. Ma'lumot uchun, 2015 yilda ko‘p sonli boshpana izlovchilarga Yevropa Ittifoqi hududiga kirishga ruxsat berilgan va bunga qarshi populistik reaksiyalar bildirilgan.

Germaniya
Germaniya ba'zi afg‘onlarni qabul qilishini aytdi, lekin ularning sonini ma'lum qilmadi. 2015 yilda muhojirlarga nisbatan ochiq eshiklar siyosati yuritgani uchun keskin tanqidga uchragan kansler Angela Merkel hukumat qochqinlarning «Afg‘onistonga qo‘shni mamlakatlarda xavfsiz qolishi»ni ta'minlashga e'tibor qaratayotganini aytdi.

Fransiya
Prezident Emmanuel Makron «Yevropa Afg‘onistondan kelgan noqonuniy muhojirlar to‘lqinidan o‘zini himoya qilishi kerak»ligini ta'kidladi. Uning aytishicha, Fransiya «eng yuqori xavf ostida bo‘lganlarni himoya qiladi». «Yevropa mavjud vaziyatning oqibatlarini bir o‘zi ko‘tarolmaydi», dedi u.

Avstriya
Avstriya afg‘on qochqinlarini qabul qilishdan bosh tortdi. Mamlakat ichki ishlar vaziri afg‘on qochqinlarini deportatsiya qilishni davom ettirish tarafdori ekanligini bildirdi. Biroq Afg‘onistonga to‘g‘ridan to‘g‘ri deportatsiya qilish mumkin emasligini aytib, qo‘shni davlatlarda «deportatsiya markazlari»ni tashkil etishga ko‘maklashishini bildirdi.

Shveytsariya
Shveytsariya Afg‘onistondan keluvchi katta hajmdagi qochqinlar guruhini qabul qilmasligini bildirdi.

Shimoliy Makedoniya, Albaniya va Kosovo
AQSh so‘roviga binoan, Shimoliy Makedoniya 450, Albaniya esa 300 nafar boshpana izlovchini vaqtincha qabul qilishini aytdi. AQSh immigratsiya vizalari uchun zaruriy hujjatlar tayyorlangunga qadar qochqinlar shu mamlakatlarda qolishi kutilmoqda. Kosovo ham AQShga ketadigan qochqinlarni vaqtinchalik boshpana bilan ta'minlashni rejalashtirmoqda, ammo raqamlar keltirilmadi.

Uganda
Uganda 2 ming afg‘on qochqinini qabul qildi. Bu boshpanaga muhtoj afg‘onlar eng ko‘p bo‘lgan Afrika mamlakatidir.

Mavzuga oid