O‘zbekiston | 10:27 / 25.08.2021
24677
4 daqiqa o‘qiladi

Moliya vazirligi eng ko‘p moliyaviy qonunbuzilish holatlari qaysi vazirliklarda kuzatilganini ma'lum qildi

Davlat moliyaviy nazorati departamenti va uning hududiy boshqarmalari tomonidan 2021 yil birinchi yarim yillikda budjet intizomiga rioya etilishi va budjet mablag‘larning maqsadli foydalanilishi yuzasidan o‘tkazilgan 3 480ta nazorat tadbirlarida 372,7 mlrd so‘m miqdorida budjet intizomi buzish, pul va tovar-moddiy boyliklar kamomadi va asossiz xarajatlar aniqlandi. Bu haqda Moliya vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, hisobot davrida budjet tashkilotlarida ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar bo‘yicha aniqlangan moliyaviy qonunbuzilish holatlari 120,1 mlrd so‘mni, shundan naqd pul mablag‘larini o‘zlashtirish va kamomadlarga yo‘l qo‘yish holatlari 25,4 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Hisobot davrida vazirliklar bo‘yicha qonunbuzilish holatlari va boshqa xato-kamchiliklar quyidagilarni tashkil etdi:

Xalq ta'limi vazirligi tizimida o‘tkazilgan 455ta nazorat tadbirlarining 336tasida 65,2 mlrd so‘m miqdorida qonunbuzilish holatlari aniqlanib, 2020 yilning mos davriga (21,5 mlrd so‘m) nisbatan qonunbuzilish holatlari 3 martaga oshgan;

Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tizimida o‘tkazilgan 117ta nazorat tadbirlarining 96tasida 59,3 mlrd so‘m miqdorida qonunbuzilish holatlari aniqlangan (2020 yilning birinchi yarim yilida 981 mln so‘mlik qonunbuzilish holatlari aniqlangan);

Maktabgacha ta'lim vazirligi tizimida o‘tkazilgan 454ta nazorat tadbirlarining 368tasida 59,2 mlrd so‘m miqdorida qonunbuzilish holatlari aniqlanib, 2020 yilning mos davriga (7 mlrd so‘m) nisbatan qonunbuzilish holatlari 8,5 martaga oshgan;

Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida o‘tkazilgan 514ta nazorat tadbirlarining 390tasida 41,7 mlrd so‘m miqdorida qonunbuzilish holatlari aniqlanib, 2020 yilning mos davriga (14,1 mlrd so‘m) nisbatan qonunbuzilish holatlari 2,9 martaga oshgan;

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tizimida o‘tkazilgan 136ta nazorat tadbirlarining 129tasida 24,1 mlrd so‘m miqdorida qonunbuzilish holatlari aniqlangan (2020 yilning birinchi yarim yilida 903 mln so‘mlik qonunbuzilish holatlari aniqlangan);

Suv xo‘jaligi (6,8 mlrd so‘m), Jismoniy tarbiya va sport (6,4 mlrd so‘m), Oliy va o‘rta maxsus ta'limi (5,2 mlrd so‘m), Bandlik va mehnat munosabatlari (4,5 mlrd so‘m), Qishloq xo‘jaligi (4,2 mlrd so‘m), Mudofaa (3,2 mlrd so‘m), Madaniyat (2,6 mlrd so‘m) vazirliklari hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish (4,7 mlrd so‘m), O‘rmon xo‘jaligi (4,4 mlrd so‘m), Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish (3,1 mlrd so‘m) davlat qo‘mitalari va ular tizimidagi budjet tashkilotlarida ham yirik miqdorda moliyaviy qonunbuzilish holatlari aniqlangan.

Bundan tashqari, hokimliklar (5 mlrd so‘m), hokimliklarning obodonlashtirish boshqarmalari (5,6 mlrd so‘m), hokimliklar huzuridagi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyalari (55,8 mlrd so‘m)da o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida ham moliyaviy qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan.

Mahalliy budjetlar mablag‘larini maqsadli sarflanishi yuzasidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida jami 290 mlrd so‘m miqdorida, jumladan Sirdaryo (52,8 mlrd so‘m), Andijon (33,2 mlrd so‘m), Jizzax (28,3 mlrd so‘m), Toshkent (24,1 mlrd so‘m), Farg‘ona (19,6 mlrd so‘m), Surxondaryo (18,6 mlrd so‘m), Qashqadaryo (15,6 mlrd so‘m), Samarqand (15,5 mlrd so‘m), Buxoro (11 mlrd so‘m), Namangan (10,4 mlrd so‘m), Xorazm (8,7 mlrd so‘m), Navoiy (2,1 mlrd so‘m) viloyatlarida hamda Toshkent shahrida (21,1 mlrd so‘m) va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (29,1 mlrd so‘m) moliyaviy qonunbuzilish holatlari va boshqa xato-kamchiliklar aniqlangan.

Ma'lum qilinishicha, 2 696ta nazorat tadbirlarida aniqlangan 369,9 mlrd so‘mlik qonunbuzilish holatlari huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.

Mavzuga oid