Jahon | 22:15 / 30.08.2021
31377
7 daqiqa o‘qiladi

AQShga vayronkor «Ida» yopirildi. Uni 2005 yilgi «Katrina»ga qiyoslashmoqda

Atlantika okeanida yuzaga kelgan «Ida» dovuli Amerikaning Luiziana shtati qirg‘oqlariga yopirildi. Qariyb million kishi elektrsiz qolgan, shtatning aholi eng ko‘p yashovchi shahri - Yangi Orlean zulmatga cho‘mgan.

To‘fon Luiziana shtatining ikki shahri - Yangi Orlean va Baton-Ruj orqali o‘tmoqda
Foto: AP/TASS

AQSh Bo‘ronlarni kuzatish milliy markazi (NHC) yakshanba kuni shamol tezligi soatiga 240 kilometrga yetgani, Saffir-Simpson shkalasi bo‘yicha to‘fon to‘rtinchi darajaga chiqqani (beshdan) haqida ma'lum qilgandi.

Dushanba kuni «Ida» susayib, birinchi darajagacha tushgan, ayni vaqtda shamolning barqaror tezligi, markaz ma'lumotlariga ko‘ra, soatiga 120 kilometrga teng bo‘lmoqda.

Tabiiy ofatdan bir kishi halok bo‘lgani ma'lum: Luiziana shtati markazi yaqinidagi Baton-Rujda uyini daraxt bosib qolgan erkak halok bo‘lgan.

«Ida» dovuli Yangi Orleanning suv toshqinlaridan himoya tizimi uchun sinov vazifasini o‘tab bermoqda, bu tizim 2005 yil ro‘y bergan va 1800 kishini hayotdan olib ketgan «Katrina» to‘fonidan keyin modernizatsiya qilingandi.

Luizianada milliondan ortiq kishi elektrsiz qoldi

AQSh prezidenti Jo Bayden Luiziana shtati hududida yirik tabiiy ofat ro‘y bergani haqida e'lon qilib, mahalliy hukumatga «Ida» to‘fonidan jabrlangan hududlarni tiklash uchun federal miqyosda yordam ko‘rsatish bo‘yicha topshiriq bergan.

poweroutage.us portali ma'lumotlariga ko‘ra, Luiziana shtatida 980 ming, qo‘shni Missisipi shtatida 29 mingdan ortiq kishi elektr tokisiz qolgan.

Energiya ta'minotini tiklash uchun bir hafta vaqt ketishi mumkin.

«Ida» nomini olgan tropik bo‘roni o‘tgan hafta davomida Karib dengizi hududida shakllanib, Kuba g‘arbidan Meksika bo‘g‘ozi janubi tomon harakatlanib to‘fon darajasiga chiqqandi.

To‘fon shtat sohillariga yetgan vaqt, bu vaqtda shamol tezligi soatiga 150 milga yetdi (240 km/s.dan ortiq). Foto Xalqaro kosmik stansiyadan olingan. Foto: Zuma\TASS

«Qayg‘usiz shahardagi qo‘rquv»
Nada Tavfiq, BBC, Yangi Orlean

Yangi Orlean zulmatga cho‘mishi vahimali hissiyotlarni uyg‘otdi. Mashhur Fransuz kvartali ko‘chalari qoldiqlar va sinib tushgan daraxt shoxlari bilan to‘lib-toshgan.

Ko‘chada turish og‘riqli. Yomg‘ir va tezligi soatiga 100 kilometrdan ortiq tezlikdagi shamol ahyon-ahyonda paydo bo‘layotgan yo‘lovchilarni yiqitgudek. Shahar aholisining katta qismi rasmiylarning ogohlantirishlariga quloq tutgan va uyda qolgan. Ular o‘zaro suhbatda to‘fonlar ularning hayotining bir qismi ekanini aytishadi. Ular Yangi Orleanda yashash taqdim etayotgan boshqa imtiyozlar evaziga shunday murosa qilishadi.

Shu bilan birga, unutmaslik kerakki, keyingi dovul yanada vayronkor bo‘lib chiqishi mumkin.

Kennet MakGruder 30 yildan buyon shu yerda yashab kelmqda. «Katrina» vaqtida uni evakuatsiya qilishgan. Qaytganida u uyini yer bilan bitta holda ko‘rgan. Bu qariya o‘sha vaqtda juda og‘ir ahvolga tushganini aytadi.

«Ida» kuchaygandan kuchaymoqda va MakGruder bu safar boshqa joyga ketishga ulgurmasligiga amin bo‘lgan. U endi shaharning to‘fon oqibatlarini yengillashtirishi aytilgan yangi infratuzilmasiga umid qilishiga to‘g‘ri keladi, ammo qo‘rquv yo‘qolmaydi.

Brandon Bell / Getty Images / AFP / Scanpix / LETA
Yangi Orleanga dovul bilan kuchli shamol ham kirib keldi
Foto: Scott Olson/Getty Images

«Ida» ushbu hududga xotiralardan yo‘qolmaydigan va vayronkor bo‘lgan «Katrina» to‘fonining 16 yilligida yopirildi.

  • 2005 yilda AQSh janubi falokatli «Katrina» dovuli iskanjasida qolgan edi. Dovul 1,8 ming kishining hayotiga zomin bo‘lgan va 125 mlrd dollar zarar yetkazgan.

O‘shandan buyon suv toshqinlaridan himoyalanish choralari ko‘rilgan - yangi to‘g‘onlar qurilishiga milliardlab dollar sarflangan. Hozircha ular ish bermoqda, shunda ham Yangi Orlean rasmiylari har ehtimolga qarshi kutilmagan suv toshqinlari haqida ogohlantirgan.

«Shubha yo‘qki, yaqin kunlar va oldindagi hafta shtatimiz uchun og‘ir kechadi, ko‘pchilik og‘ir sinovlar bilan to‘qnashadi. Ammo aytishim mumkinki, shtat har qachongidan ko‘ra jiddiyroq tayyorgarlik ko‘rgan», dedi shtat gubernatori Jon Bel Edvards. U «Ida»ni 1850 yildan buyon shtat tarixidagi eng kuchli bo‘ron deb atadi.

Kuchli shamol Meksika ko‘rfazi qirg‘oqlari yaqinida joylashgan Kat-Off shahridagi shifoxona tomini uchirib yuborgan. Shifoxona vakili binoga jiddiy zarar yetgani, ammo bemorlar jabrlanmaganini ma'lum qilgan.

AQSh Milliy meteorologiya xizmati tvitterida Yangi Orlean aholisiga shunday tavsiya berilgan: «Yopiq inshootlar ichkarisida yoki derazasi yo‘q xonalarda qoling va u yerni tark etmang».

Luizianadagi shifoxonalar Covid-19 epidemiyasi tufayli shusiz ham katta yuklama bilan ishlamoqda. Shtat kasallanish holatlari ko‘pligi bo‘yicha AQShda uchinchi o‘rinda bormoqda.

Odatda to‘fon xavf solishi mumkin bo‘lgan hududdagi shifoxonalar evakuatsiya qilinadi, ammo bu safar qirg‘oqdan uzoqroqda joylashgan tibbiy muassasalarda ham bo‘sh o‘rinlar juda kam qolgan.

«Bu bemorlarni olib borishimiz uchun joyning o‘zi yo‘q. Shtat hududida ham, uning tashqarisida ham», degan gubernator Edvards.

«Ida» tufayli Meksika ko‘rfazida neft qazib olish deyarli butunlay to‘xtagan.

Hududlardan vayronkorlik haqida ko‘plab xabarlar kelmoqda, ammo zarar ko‘lami hozircha ma'lum emas
Foto: Scott Olson/Getty Images

Mavzuga oid