Jahon | 10:06 / 30.08.2020
41416
7 daqiqa o‘qiladi

«Barcha panaga!» - AQShga «Laura» to‘foni yopirildi, qurbonlar soni ortmoqda

Payshanba kuni AQSh janubidagi Luiziana shtatiga yopirilgan «Laura» to‘foni kutilganidan ko‘ra vayronkorroq chiqdi.

Foto: Reuters

Shu vaqtgacha kamida 14 kishi tabiiy ofat qurboniga aylangan.

Luiziana gubernatori Jon Bel Edvards shtatda kamida 10 kishi halok bo‘lganini tasdiqlagan, shundan yarmi ko‘chma generatordan chiqqan iz gazi tufayli o‘lim topgan. To‘rt kishi uyiga daraxt qulashi oqibatida, yana bir kishi qayig‘i ag‘darilib ketishi oqibatida cho‘kib halok bo‘lgan.

Karib dengizida yuzaga kelgan «Laura» to‘foni payshanba kuni Luizianaga janubi-g‘arbdan kirib kelgandi. To‘fon davrida shamol tezligi soatiga o‘rtacha 150 kilometrni tashkil etmoqda, buning oqibatida 500 mingdan ortiq uy elektr ta'minotisiz qolgan, Uestleyk shaharchasida joylashgan kimyoviy zavodda yong‘in chiqqan.

Shtatda bo‘ron boshlanishidan avval hukumat aholini okeandan uch-olti metr balandlikda to‘lqin kelishi, bu esa materikning ichkarisi tomon 60-70 km masofada xavfli suv toshqini ro‘y berishi mumkinligi haqida ogohlantirgandi.

Foto: Reuters

Juma kuni mahalliy nashrlar kuchli to‘lqin yuzaga kelmagani haqida yozib, hukumatni haddan tashqari vahima qilishda aybladi. Ammo keyinroq ma'lum bo‘ldiki, bo‘ron zarbasi oxirgi lahzalarda yo‘nalishni o‘zgartirib, sinoptiklar kutgan nuqtadan 15 milya (24 km) sharqda to‘xtagan.

Bo‘ronlar milliy markazi (NHC) bo‘lim boshlig‘i Jyeymi Romi bu katta ehtimol bilan Leyk-Charlz shaharchasini qutqarib qolganini aytdi.

Foto: Reuters

Juma kuni Qurolli kuchlarning muhandislik korpusidan olingan ma'lumotlarga ko‘ra, 15 milya sharqda to‘lqin 6 metrgacha ko‘tarilgan. Romi hukumatning ogohlantirishi muhim bo‘lganini ta'kidlab o‘tgan, uning aytishicha, 10 yil avvalgi to‘fonlar qurbonlarining yarmi shunday kuchli to‘lqinlar yopirilishi oqibatida ro‘y berganini qayd etib o‘tdi. Bugungi kunda raqamlar 4 foizgacha tushgan - ekspertning aytishicha, bu  asosan Bo‘ronlar milliy markazi ogohlantirishlari evazigadir. 

Shtat gubernatori Evards qutqaruv ishlari davom etayotganini ma'lum qildi. «Qo‘rqamanki, qurbonlar soni oshishi mumkin. Umid qilaman va duoda bo‘lamanki, bunday bo‘lmaydi», degan u.

Gubernator asosiy shikastlanishlar suv tufayli emas, shamol tufayli bo‘lganini ta'kidlagan.

Kimyoviy zavoddagi yong‘in
Endilikda shtat hukumati elektr uzatish tarmoqlari, yo‘llar va ko‘priklarni tekshirib, tuzatishi kerak bo‘ladi.

Leyk-Charlz shaharchasida barja (shatakka olib yuriladigan yoki o‘ziyurar yassi yuk kemasi) ko‘prikka borib urilgan, bu Biolab kompaniyasining kimyoviy zavodi yonginasida sodir bo‘lgan, to‘qnashuv natijasida xlor sizib chiqqan va yong‘in boshlangan. Gubernator mahalliy aholini uylarini tark etmaslikka va oynalarni ochmaslikka chaqirdi. Mahalliy politsiya yong‘in o‘chirilganini bildirgan.

Avvalroq ekspertlar «Laura» so‘nggi o‘n yilliklardagi «Katrina» to‘fonidan keyingi eng halokatli to‘fon bo‘lishini taxmin qilishgandi, 2005 yilda kuzatilgan «Katrina» Nyu-Orleanda 1833 kishini hayotdan olib ketgandi. «Laura» to‘foni esa payshanba kuni Kemeronga kirib kelganida shamol tezligi soatiga 240 kilometrgacha yetdi, «Katrina» vaqtida eng yuqori ko‘rsatkich - 254 km bo‘lgandi.

Galvestondan Nyu-Orleangacha bo‘lgan hududlar, Texasning janubi, qariyb butun Luiziana va Missisipi shtatining janubi-g‘arbiy qismi suv toshqini xavfi ostida bo‘lib turibdi.

Bo‘ron yo‘nalishidagi hududlarda qariyb 4 million kishi yashaydi. Sheriflar, politsiya va boshqa rasmiylar aholining katta qismi evakuatsiya qilinganini aytmoqda.

Karib havzasi ham zarar ko‘rdi
O‘tgan haftaning yakshanba kunidan seshanbagacha «Laura» va undan avvalroq kuzatilgan «Marko» to‘foni Karib dengizi hududidagi orollarda 24 kishining o‘limiga sabab bo‘ldi, jumladan, Haitida ikki bola halok bo‘lgan.

Kuba va Dominikan Respublikasida ommaviy evakuatsiya o‘tkazilgan. Yamaykadan yo‘llar suv ostida qolgani va yer o‘pirilishlari ro‘y bergani haqida xabarlar kelgan.

Taxminan bir xil kuchga ega bo‘lgan bu ikki dovul ikki kun oralig‘ida Luiziana va Texasga zarba berishi, bu misli ko‘rilmagan hodisa bo‘lishi kutilgan edi.

Ammo dushanba kuni Amerika qirg‘oqlariga yetib kelgan «Marko» bu vaqtga kelib kuchsizlangandi va materik hududida tropik bo‘ron darajasiga ko‘tarila olmadi.

«Laura» esa aksincha, chorshanba kunidan faqat kuchaya boshladi.

Favqulodda holat
Prezident Donald Tramp seshanba kuni Luiziana, Texas va Puerto-Rikoda favqulodda holat e'lon qildi (bu esa federal hukumat ushbu shtatlarga moliyaviy yordam ko‘rsatishga roziligini anglatardi) va aholini mahalliy rasmiylarning tavsiyalariga quloq tutishga chaqirdi.

Chorshanba kuni Bo‘ronlar milliy markazi fuqarolarni yuqori xavf darajasi haqida ogohlantirdi, mustahkam uylar ham bo‘ronga dosh berolmasligi mumkinligi, daraxtlar qulashi, bir necha kun yoki hafta davomida elektr va ichimlik suvi yetkazib berilishi to‘xtashi mumkinligi aytildi.

Payshanba kuni markaz shunday chaqiriq bilan chiqdi: «Barcha panaga!»

Covid-19 bilan bog‘liq vaziyat evakuatsiyani qiyinlashtirdi. Texasa gubernatori Greg Ebbott uyidan vaqtincha ko‘chib, otellar yoki motellarga joylashishga qodir bo‘lgan barchani mustaqil harakatlanishga chaqirdi, bu orqali vaqtincha turarjoylar bilan ta'minlash markazlariga tushadigan yuklamani kamaytirish ko‘zda tutilgandi.

Texasda 420 mingdan ortiq, Luizianada 200 mingdan ortiq xonadonga evakuatsiya haqida farmoyish yuborildi.

 

Mavzuga oid