O‘zbekiston | 10:46 / 30.08.2021
2273
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda tabiiy gazdan qarz bo‘lgan fuqaroning rezina shlang orqali gaz olishi portlashga sabab bo‘ldi

Samarqand viloyati Ishtixon tumanida tabiiy gaz to‘lovidan qarz bo‘lgan fuqaro yangi «aqlli» hisoblagich gazni uzib qo‘ygach, rezina shlang bilan noqonuniy tarzda tarmoqqa ulangan. Oqibatda, rezina shlangdan sizib chiqqan gaz portlashga sabab bo‘lgan va xonadon egalari kuyish jarohatini olgan. Bu haqda «Hududgaz Samarqand» gaz ta'minoti filiali matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, joriy yil 29 avgust kuni soat 13:30larda Samarqand viloyati Ishtixon tumani Jo‘ra Mahmudov mahallasi 8-uy 7-xonadonda portlash sodir bo‘lgan. Oqibatda, ushbu xonadonda yashovchi fuqarolar kuyish tan jarohati olgan.

Dastlabki surishtiruvda aniqlanishicha, fuqaro Z.F.ga tegishli bo‘lgan ushbu xonadonda tabiiy gaz to‘lovidan qarzdorlik kelib chiqqach «aqlli» gaz hisoblagich tabiiy gaz ta'minotini to‘xtatgan.

Shundan so‘ng fuqaro Z.F. qarzni to‘lash o‘rniga o‘zboshimchalik bilan hisoblagichning old jo‘mragini yechib, rezina shlang yordamida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanishga o‘tgan.

Qayd etilishicha, qo‘lbola usulda ulangan rezina shlangdan gaz sizib chiqqan va xonadonda portlash sodir bo‘lgan. Portlash oqibatida fuqaro Z.F.ning oila a'zolari kuyish tan jarohati olgan.

«Hurmatli iste'molchilar! Gazdan noto‘g‘ri foydalanib, oila a'zolaringiz, mol-mulkingizni xavf ostiga qo‘ymang! «Aqlli» gaz hisoblagich «blok» holatiga tushib qolmasligi uchun iste'mol qilingan tabiiy gaz uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshiring!» deyiladi xabarda.

Mavzuga oid