Jahon | 16:44 / 01.09.2021
18748
2 daqiqa o‘qiladi

Toliblar va Panjsherdagi qarshilik harakati o‘rtasidagi muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlandi – OAV

Qarshilik kuchlari vakillari ushbu xabarga izoh bermadi.

Foto: RIA Novosti / Stringer

"Tolibon" harakati va Panjsher viloyatidagi qarshilik kuchlari o‘rtasidagi muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Bu haqda TOLOnews telekanali harakat vakili Amir Xon Muttaqiyga tayanib xabar berdi.

Qarshilik kuchlari vakillari ushbu xabarga izoh bermagan.

Avvalroq TASS o‘z manbasiga tayanib qarshilik kuchlari Panjsher g‘arbida toliblar hujumini qaytargani haqida xabar qilgandi.

O‘tgan haftada Chorikor shahrida milliy qarshilik fronti va "Tolibon" delegatsiyalari o‘rtasida muzokaralar o‘tkazildi.

Toliblar Afg‘onistonda hokimiyatni egallaganidan so‘ng Kobuldan shimoli-sharqda joylashgan Panjsher viloyati qarshilik harakati markaziga aylandi. Bu yerda Ahmad Mas'ud o‘zini qarshilik kuchlari yetakchisi va vodiyni toliblar ta'qibidan qochganlar uchun ishonchli boshpana deb e'lon qildi. Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani BAAga ketgach, vitse-prezident Amrilla Solih o‘zini vaqtincha prezident vazifasini bajaruvchi deb e'lon qilib, afg‘onlarni toliblarga qarshi kurash olib borishga chorladi.

Turli baholarga ko‘ra, Panjsherdagi qarshilik otryadlari safida 12 mingdan 15 minggacha jangchi bor. "Tolibon" esa 80 minglik qo‘shinga ega.

Mavzuga oid