O‘zbekiston | 22:45 / 02.09.2021
14782
2 daqiqa o‘qiladi

Chet el fuqarolarining O‘zbekistonda bo‘lish muddatiga doir vaqtinchalik tartib bekor qilindi

O‘zbekistonda bo‘lish muddati tugagan chet el fuqarolari 10 sentyabrgacha muddatni uzaytirishga ulgurishi yoki mamlakatni tark etishi lozim. Pandemiya sababli joriy etilgan vaqtinchalik yengil tartib bekor qilindi.

Pandemiya munosabati bilan O‘zbekistonda vaqtincha bo‘lish muddati tugagan xorij fuqarolari, ularni qabul qilgan uy-joy egalari va mansabdor shaxslarga nisbatan vaqtincha ma'muriy chora ko‘rmaslik tartibi o‘rnatilgan edi.

Mazkur tartib 2021 yil 30 avgustdagi hukumat qaroriga asosan bekor qilindi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi ma'lum qildi.

“Shu sababli, 2021 yil 10 sentabr kuniga qadar respublikamizda bo‘lib turgan chet el fuqarolari, ularni taklif qilgan jismoniy va yuridik shaxslardan O‘zbekiston Respublikasida bo‘lish qoidalariga amal qilishlarini, vaqtincha ro‘yxat muddatlarini uzaytirishlarini, bo‘lish muddati tugagan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslardan o‘z vaqtida respublika hududidan chiqib ketishlarini so‘raymiz.

Yurtimizda bo‘lib turgan hurmatli chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslardan mamlakatimiz qonunchiligiga amal qilishlarini, aholimizdan esa, chet el fuqarolari tomonidan bo‘lish qoidalariga amal qilinishida ichki ishlar organlariga ko‘makdosh bo‘lishlarini iltimos qilamiz.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasida bo‘lish qoidalarini va qabul qilish tartiblarini buzganlik uchun O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida javobgarlik belgilangan”, – deyiladi MFRB murojaatida.

Mavzuga oid