O‘zbekiston | 17:18 / 08.09.2021
63412
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 2021 yilgi terim mavsumida 1 kg paxta uchun qancha to‘lanishi ma'lum bo‘ldi

Qo‘lda terilgan bir kilo paxta uchun birinchi terimda 1200 so‘mdan, ikkinchi terimda 1500 so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda mehnat haqi to‘lash belgilandi. 

Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 30 avgustdagi yig‘ilish bayonida O‘zbekistonda 2021 yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumi uchun minimal tariflar e'lon qilindi. Unga ko‘ra, qo‘lda terilgan har kilogramm paxta xomashyosi uchun birinchi terimda 1200 so‘mdan, ikkinchi terimda 1500 so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda haq to‘lanadi. 

«Joriy yilda yetishtirilgan paxta xomashyosini nest-nobud qilmasdan, uyushqoqlik bilan qo‘l mehnati va terim mashinalari yordamida terib olish choralari ko‘riladi. Paxta-to‘qimachilik klasterlari, paxta xomashyosi yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklar hosilni qisqa fursatda yig‘ishtirib olish maqsadida belgilangan narxlardan kam bo‘lmagan holda mustaqil narx belgilashlari tavsiya etiladi», deyiladi Samarqand viloyati qishloq xo‘jaligi boshqarmasi axborot xizmati xabarida.

Paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan jalb etilgan ishsiz fuqarolardan iborat terim otryadlari rahbarlariga mavsum yakuniga qadar 2 mln so‘mdan mehnat haqi beriladi.

Shuningdek, terim ishlariga 18 yoshga to‘lmagan fuqarolar, oliy o‘quv yurtlari talabalari, budjet va nobudjet yoki xo‘jalik hisobidagi tashkilot xodimlarini majburan jalb etish qat'iyan man etiladi.

Paxta-to‘qimachilik klasterlari uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Sa'dulla Tojiyevning UzReport’ga ma'lum qilishicha, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarining barcha tumanlarida hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatining chekka tumanlarida terimchilarni qo‘shimcha jalb qilish maqsadida qo‘lda terilgan har bir kilogramm paxta xomashyosi uchun Respublika budjeti qo‘shimcha manbalari hisobidan 230 so‘mdan ustama haq to‘lanishi ta'minlanadi.

Shuningdek, klasterlar o‘zlariga biriktirilgan hududlarda terim pulini mustaqil belgilashi, ya'ni tavsiya etilayotgan narxlardan yuqori miqdorda haq to‘lashlari ham mumkin.

Ma'lumot uchun, o‘tgan yili birinchi terimda bir kilo paxta uchun 1000 so‘m, ikkinchi terimda esa 1200-1400 so‘mdan to‘langandi.

Mavzuga oid