Jamiyat | 19:53 / 08.09.2021
7918
2 daqiqa o‘qiladi

«Vaqf» fondi Kun.uz’da hayoti yoritilgan ikki muhtoj oilaga yordam berdi

Kun.uz saytida 21 avgust va 23 avgust kunlarida e'lon qilingan «Voyaga yetmagan yolg‘iz o‘g‘il bemor onasi uchun bolaligidan kechgani haqida hikoya» va «Mehnatimdan uyalmayman — g‘isht quyib sotayotgan ayol» sarlavhali materiallar qahramonlari bo‘lgan ikki oila «Vaqf» fondi xodimlari nazaridan chetda qolmadi. Moddiy va ma'naviy ko‘makka muhtoj bu ayollarga yordam berish maqsadida fond xodimlari Farg‘ona va Navoiy viloyatlariga tashrif buyurdi.  

Farg‘ona viloyati, Qo‘shtepa tumani, Shahartepa qishlog‘ida yolg‘iz o‘g‘li, 14 yoshli Kamoliddin bilan istiqomat qilib kelayotgan 2-guruh nogironi bo‘lgan Bahridil Zokirova oilasiga fond xodimlari tomonidan muzlatkich va tikuv mashinasi, shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari taqdim etildi.

Saytdagi ikkinchi videolavhada Navoiy viloyati Karmana tumanining Bog‘ishamol mahallasida yashovchi, 3 farzandi bilan yolg‘iz qolgan Nigora Hamroyeva g‘isht quyib sotish orqali ro‘zg‘or tebratayotgani hikoya qilingandi. 

«Vaqf» fondi xodimlari Nigora opaning so‘roviga ko‘ra tikuv mashinasi, muzlatkich hamda oziq-ovqat mahsulotlari taqdim etishdi.

«Ehson va xayriyalarni haqiqiy egasi bo‘lmish haqdorlarni topib topshirish «Vaqf» xayriya jamoat fondi faoliyatining eng muhim xususiyatlaridan hisoblanadi. Haqdorlar uchun esa xalqimiz doimo yordam berishga tayyor.

Mazkur xayriyaga hissa qo‘shgan barcha saxovatpesha hamyurtlarimizga Alloh taolodan ikki dunyo saodatini so‘rab qolamiz!», deyiladi fond matbuot xizmati xabarida.
 

Mavzuga oid