Jahon | 21:29 / 10.09.2021
12982
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Ashraf G‘aniga nisbatan tergov o‘tkazish masalasini BMT hal qilishi kerakligini aytdi

AQSh Afg‘onistonning sobiq prezidenti, davlat mablag‘larini o‘g‘irlashda gumonlanayotgan Ashraf G‘aniga nisbatan tergov o‘tkazish masalasini hal qilish huquqini BMTga beradi. Bu haqda Oq uy matbuot kotibi Jyen Psaki ma'lum qildi.

Foto: Reuters

“Bu masalada biz BMTga ishonamiz. Menda bu borada boshqa izohlar yo‘q”, deb aytgan Psaki. U “AQSh G‘ani Afg‘onistondan pullar o‘g‘irlanishiga aloqadorligi haqidagi xabarlarni tekshirishni rejalashtirayaptimi?” degan savolga shunday javob bergan.

1 sentyabrda Afg‘onistonning Tojikistondagi elchisi Muhammad Zohir Akbar G‘ani 15 avgustda nafaqat o‘z safdoshlarini tashlab mamlakatdan qochib ketgani, balki o‘zi bilan birga budjet pullarini olib ketganini aytgan. Uning ta'kidlashicha, “Tolibon” hukumatdan halol amaldorlarni bo‘shatib, ular o‘rniga tajribasiz odamlarni tayinlagan G‘anining sotqinligi sababli Afg‘onistonda hokimiyatni oson egallab olgan.

Afg‘onistonni tark etgan G‘ani 18 avgustda Facebook’da afg‘on xalqiga murojaat qilib, mamlakatni tashlab ketishining sabablarini tushuntirgan. Uning ta'kidlashicha, u qon to‘kilishini istamagani uchun Kobulni tark etishga majbur bo‘lgan. Shuningdek, u Afg‘onistondan katta miqdorda pul bilan chiqib ketgani haqidagi gaplarga ishonmaslikka chaqirgan.

Mavzuga oid