Malayziyaning 12 yilga ozodlikdan mahrum etilgan sobiq bosh vaziri hukumatga qaytishi mumkin - OAV
Malayziyaning sobiq bosh vaziri, korrupsiya uchun 12 yilga ozodlikdan mahrum etilgan Najib Razzoq amaldagi bosh vazir Ismoil Sabri Yoqubning iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi bo‘lish taklifini oldi. Bu haqda hukumatdagi manbalarga tayanib The Straits Times nashri xabar berdi.
“Najib mamlakatimiz iqtisodiyotini jadal sur'atlar bilan tiklashda o‘z shijoati, g‘oyalari bilan bo‘lishmoqchi”, deb yozgan Facebook’da Yoqub sobiq bosh vazir bilan uchrashuvdan keyin. “Biz iqtisodiyotimiz uchun tashqi va ichki tahdidlarni hamda koronavirusga qarshi kurash strategiyasini muhokama qildik”, deb qo‘shimcha qilgan amaldagi bosh vazir. Bundan tashqari, uchrashuvda Razzoqqa vazir vakolatlari bilan maslahatchi lavozimi taklif etilgan. Ta'kidlanishicha, tomonlar birgalikdagi faoliyatning jihatlarini kelishib olish uchun bir necha kun vaqt olishgan.
Najib Razzoq hukumatga 2009 yildan 2018 yilgacha rahbarlik qilgan. Biroq u 2018 yilgi saylovlarda mag‘lubiyatga uchragach, mamlakat tarixidagi eng yirik korrupsiyaviy mojaro bilan bog‘liq holda tergov ostiga tushgan. Huquq-tartibot idoralarining ta'kidlashicha, sobiq bosh vazir 4,5 mlrd dollarga yaqin davlat mablag‘ini o‘zlashtirgan.
2020 yil iyulda 68 yoshli Razzoq SRC International jamg‘armasi bilan bog‘liq iqtisodiy jinoyatlar uchun 12 yilga ozodlikdan mahrum etilgan va 210 mln ringgit (50 mln dollar) miqdorida jarimaga tortilgan. Biroq uning advokatlari hukm yuzasidan sudga shikoyat arizasi topshirib, Razzoqning ozodlikda qolishi uchun garov puli kiritishgan.
Mavzuga oid
19:09 / 20.12.2024
Malayziya 10 yil oldin yo‘qolgan MH370 reysini qidirish ishlarini qayta boshlashga qaror qildi
14:10 / 20.12.2024
Malayziya banki O‘zbekistonda o‘z filialini tashkil etishi mumkin
10:55 / 18.12.2024
Malayziya bilan "aqlli" shahar texnologiyasi bo‘yicha qo‘shma loyihalar amalga oshiriladi
22:20 / 08.12.2024