Jahon | 03:11 / 13.09.2021
49064
2 daqiqa o‘qiladi

Internetda “Al-Qoida”ning o‘lgan deb taxmin qilinuvchi yetakchisi videosi tarqaldi

2001 yil 11 sentyabrda AQShda sodir etilgan teraktlarning 20 yilligida internetda “Al-Qoida” yetakchisi Ayman az-Zavahiriyning videomurojaati paydo bo‘ldi. E'tiborlisi, 2020 yil oxirida az-Zavahiriy o‘lgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi. Bu haqda g‘arb OAVlarga tayanib Associated Press axborot agentligi xabar berdi.

Videomurojaatda terrorchi guruh yetakchisi Al-Quds hech qachon yahudiylarniki bo‘lmasligi va “Al-Qoida”ning turli yerlarda, jumladan joriy yanvarda Suriyada amalga oshirgan hujumlarini yuqori baholashini aytadi.

Bundan tashqari, terrorchilar yetakchisi Afg‘onistondan xorijiy kuchlar olib chiqilishiga to‘xtalib o‘tgan, biroq Afg‘onistonning “Tolibon” tomonidan egallab olingani haqida hech narsa demagan.  

2020 yil oxirida az-Zavahiriy o‘lgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan. Biroq buni tasdiqlovchi ma'lumotlar hanuzgacha keltirilmagan. Ekspertlarning ta'kidlashicha, “Al-Qoida” yetakchisining ushbu videosi u yaqinda suratga olinganini anglatmaydi, chunki az-Zavahiriy videoda eslab o‘tgan AQSh qo‘shinlarining Afg‘onistondan olib chiqilishi bo‘yicha kelishuv 2020 yil fevraldayoq imzolangan.

Misrlik Ayman az-Zavahiriy Usoma bin Lodin yo‘q qilingandan keyin “Al-Qoida” yetakchisiga aylangandi.

Mavzuga oid