O‘zbekiston | 18:19 / 13.09.2021
22450
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi barcha afg‘on qochqinlari boshqa mamlakatga evakuatsiya qilindi – TIV

Harbiy samolyotlar va vertolyotlarda O‘zbekistonga qochib o‘tgan afg‘on qochqinlari qariyb bir oydan buyon Termizdagi kovid markazi o‘rnida tashkil etilgan lagerda yashayotgandi.

Foto: Reuters

O‘zbekiston davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan va qo‘lga olingan bir guruh afg‘onistonlik sobiq harbiy xizmatchilar va fuqarolar 12-13 sentabr kunlari O‘zbekiston hududidan boshqa mamlakatga evakuatsiya qilindi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili, vazirlik matbuot kotibi Yusuf Qobiljonov Kun.uz'ga ma'lum qildi.

TIV matbuot xizmati O‘zbekistondagi afg‘on qochqinlari soni va ularning qaysi davlatga evakuatsiya qilinganini ochiqlamadi.

Avvalroq, Reuters axborot agentligi «Tolibon» Afg‘onistonni egallashi arafasida O‘zbekistonga qochib o‘tgan afg‘on uchuvchilarini AQSh tomonidan evakuatsiya qilish boshlanganini ma'lum qilgan va suratlar ham ilova qilgan edi.

Suratlardan uchuvchilar Uzbekistan Airways samolyotida uchib ketayotganini ko‘rish mumkin. Shuningdek, uchuvchilar Termizdagi lagerdan chiqayotgani tasvirlangan suratlar ham ilova qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avgust oyi o‘rtalarda Afg‘onistondagi harbiy harakatlar vaqtida hukumat armiyasining 465 nafar uchuvchisi 46ta harbiy samolyotlar va vertolyotlarda O‘zbekistonga qochib o‘tgandi. O‘zbekiston hukumati uchuvchilarga zarur himoyani taqdim etgan va bir oy davomida ularni oziq-ovqat bilan ta'minlagan. Bu uchun AQSh hukumati O‘zbekistonga minnatdorchilik bildirgani ham ma'lum.

Xalqaro nashrlar evakuatsiya jarayoni 12 sentabr kuni boshlagani haqida xabar berishgandi, afg‘onistonliklar hozircha BAA va Qatarga joylashtirilishi taxmin qilinmoqda.

Mavzuga oid