Iqtisodiyot | 10:43 / 13.09.2021
17673
6 daqiqa o‘qiladi

“Supermarket tizimi tez rivojlanishiga sabab, u davlat ishtirokidan xoli soha” – Timur Ishmetov

“Hukumatning do‘konlari yoki restoranlari yo‘q, shuning uchun bu sohada tezda oldinga siljish mumkin”, – deydi moliya vaziri Financial Times’ga bergan intervyusida. Nashr hukumat “supermarketlar tajribasi”dan foydalanmoqchiligiga e'tibor qaratadi.

Financial Times nashri O‘zbekistonda supermarketlar sektori tez o‘sib 34 million aholiga ega Markaziy Osiyodagi eng yirik oziq-ovqat bozori yaqin yillar ichida an'anaviy sharq bozorlaridan onlayn yetkazib berish tizimiga o‘tishi kutilayotganiga e'tibor qaratgan.

“Allaqachon bu sohaga o‘n millionlab dollarlik xorijiy sarmoya jalb qilingan. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki yirik supermarketlar tarmog‘idan biri bo‘lgan Korzinka’ning 40 million dollarlik ulushini sotib oldi va fransuz oziq-ovqat do‘koni Carrefour o‘tgan yili 100 million dollarlik sarmoya bilan O‘zbekiston bozoriga kirgan birinchi xalqaro chakana sotuvchi bo‘ldi”, – deyiladi maqolada.

Nima sababdan supermarketlar tizimi tez rivojlandi?

Moliya vaziri Timur Ishmetovga ko‘ra, soha davlat ishtirokidan xoli.

 – Bugungi kunda eng katta o‘zgarishlardan biri – oziq-ovqat chakana savdosidir. Bu sohada ishlarning tez sur'atlarda rivojlanishining sababi shundaki, u hukumat ishtirokidan xoli bo‘lgan sanoqli sohalardan biridir. Hukumatning do‘konlari yoki restoranlari yo‘q, shuning uchun bu sohada tezda oldinga siljish mumkin.

Hukumat supermarketlar tajribasidan foydalanmoqchi

Shavkat Mirziyoyev 2016 yilda prezident bo‘lganidan buyon O‘zbekiston o‘z iqtisodiyotini isloh qilib, uni chet el ishbilarmonlari uchun jozibador qildi. Rasmiylar va chakana sotuvchilarning aytishicha, mamlakatda chakana savdo kengayishining asosiy sababi – hukumat ishtirokining pastligidir.  Endi hukumat chakana savdo sohasida erishilgan muvaffaqiyatni takrorlash uchun ko‘proq biznes sohalari xususiy qo‘lda bo‘lishini xohlamoqda.

Zafar Hoshimov: O‘zbekistonda bundan-da erkinroq sanoatni bilmayman

2017 yilda valuta bozori erkinlashtirildi. Korxona va iste'molchilar uchun soliqlarni pasaytirish bilan bir qatorda tovar narxlarini tartibga solish bekor qilindi, chakana savdo sohasi kengaytirildi”, – deydi bozorda 25 yildan beri faoliyat yuritayotgan Korzinka’ning ijrochi direktori Zafar Hoshimov.

“Men O‘zbekistonda bundan-da erkinroq sanoatni bilmayman”, – dedi Hoshimov.

Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, umumiy chakana bozorining qiymati yiliga 6-8 milliard dollarni tashkil qiladi, shundan supermarketlar yoki “uyushgan chakana savdo” ulushi atigi 7-10 foizni tashkil qiladi. Ammo u kelgusi besh yil ichida bu ulush kamida uch barobar oshib, 30 foizga ko‘payishini kutmoqda.

Supermarketlar hamon yangi meva-sabzavot sotishda bozorlarga yutqazmoqda

Makro supermarketlar tarmog‘i asoschisi Roman Sayfulin esa  do‘konlar hali ham yangi meva-sabzavot sotishda bozorlarga yutqazayotganini aytdi.

“Biz elektron tijoratga tayandik, lekin biz bugun u ko‘p pul keltirmasligini tushunamiz”, deydi Sayfulin.

“Elektron savdoga katta miqdorda pul tikdik, ammo uning ko‘p foyda keltirmayotganligini ham tushunamiz. Bu yo‘nalish onlayn to‘lov tizimlari, odamlarning ishonchi, buyurtmalarni bajarish, madaniyatga ham bog‘liq. Bu yerda kam foyda bilan ishlash 2-3 yil davom etadi. Kim birinchi bo‘lsa, bozorni yaxshi his qilgan bo‘ladi. Supermarket biznesi  “sprint” emas, balki marafon”, – deya qo‘shimcha qiladi Sayfulin.

 Carrefour Markaziy Osiyoga birinchi bo‘lib qadam qo‘ydi

Oziq-ovqat sotuvchi dunyodagi o‘nta yirik sotuvchilardan biri bo‘lgan Carrefour, “YaIMning barqaror o‘sishi va amalga oshirilgan islohotlar” tufayli poytaxt Toshkentda do‘kon ochib, Markaziy Osiyoga birinchi qadamini qo‘ydi.

“Mamlakatga kelgan birinchi xalqaro oziq-ovqat sotuvchisi bo‘lish, bu mamlakat qanday yo‘nalishda ketayotganidan dalolat beradi va biz bunga o‘z hissamizni qo‘sha olamiz», – deydi Alen Bejjani, BAAda joylashgan Majid Al Futtaim rahbari, Carrefour mahalliy operatori.

O‘tgan yili O‘zbekiston bozoriga kirmoqchi bo‘lgan boshqa xalqaro chakana sotuvchilar, masalan, Rossiyaning FixPrice diskounteri va Belarusning “Baraka market”lari yil oxirigacha butun mamlakat bo‘ylab 400 ta kichik supermarketlar ochmoqchi.

Supermarketlar tarmog‘i kengaya boradi

Mamlakat supermarketlari aylanmasining yarmini tashkil etuvchi Korzinka 2025 yilga kelib o‘z tarmog‘ini 68 tadan 150 tagacha kengaytirmoqchi. Carrefour uchta do‘kon ochdi, faqat shu yilning o‘zida to‘rt yoki oltita do‘kon ochish rejalashtirilgan.

Do‘konlar soni bo‘yicha O‘zbekistonning hozirgi yetakchisi “Makro”da eng katta kengayish kutilmoqda: 109 ta supermarket va ekspress do‘konlar. Uning ijrochi direktori Roman Sayfulinning so‘zlariga ko‘ra, Makro yaqin besh yilda 800 dan 1000 gacha do‘kon ochishni rejalashtirgan.

Bozor hajmini aniqlash mushkul

Bozor hajmini aniq baholay olmaymiz, chunki O‘zbekiston chakana savdosida hanuz ustunlik qilayotgan dehqon bozorlarini kuzatib borish va ularning miqdorini aniqlash qiyin. Biroq kompaniyaning ma'lumotlari va bayonotlari umumiy o‘sish ehtimoli borligini ko‘rsatadi.

Mavzuga oid