Sport | 23:16 / 21.09.2021
13649
4 daqiqa o‘qiladi

«Surxon» klubi sobiq futbolchilari do‘pposlangani yuzasidan O‘FA bayonot berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda «Surxon» futbol klubining ma'muriy boshqaruv ofisiga futbol klubining sobiq futbolchilari Javohir Esonqulov va Akrom Xodjayev tashrif buyurgani, klub ofisida klubning ayrim xodimlari va mazkur futbolchilar o‘rtasida vujudga kelgan nizoli vaziyat bilan bog‘liq ma'lumotlar tarqaldi, deya yozmoqda O‘FA rasmiy sayti.

Ushbu vaziyat bo‘yicha bugun, 21 sentabr kuni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati va mas'ul mutaxassislari ishtirokida maxsus yig‘ilish bo‘lib o‘tgan.

«O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bu kabi salbiy holatlarni keskin qoralaydi. Mazkur shaxslarning mas'uliyatsizligi va etika normalariga rioya qilmasligi o‘zbek futboli imidjiga putur yetkazmoqda. 

Ayni vaqtda ushbu holat tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, holat yuzasidan sud tibbiy ekspertizasi ham tayinlangan.   

Mazkur holatga huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan aniqlik kiritilguniga qadar O‘FA tomonidan «Surxon» futbol klubi bosh direktori Azamat Abdurahmonov, sport direktori Abdumajid Toirov, futbolchilar Asror G‘ofurov, Javohir Esonqulov va Akrom Xodjayev futbol bilan bog‘liq har qanday faoliyatdan chetlashtirildi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi barcha futbol klublari rahbariyatiga o‘z jamoalarida qat'iy intizomni saqlashni va har qanday vaziyatda ham etika normalariga rioya qilishni tavsiya etadi», - deyiladi O‘FA xabarida.

Eslatib o‘tamiz, 18 sentabr kuni internetda Termizning «Surxon» klubi futbolchisi Javohir Esonqulov 3 kishi tomonidan do‘pposlanganini aytib bergan video tarqalgan, unda futbolchi o‘zini klub direktorining o‘g‘li, jamoa futbolchisi Asror G‘ofurov va sport direktori Abdumajid Toirov do‘pposlaganini aytgandi. Bunga javoban klub Javohir Esonqulovning «Surxon» ofisiga kelib, shartnoma bekor qilingan bo‘lsa-da, yana qo‘shimcha pullar talab qila boshlagani, klub rahbari nomiga nisbatan qo‘pol so‘zlar bilan uning shaxsini kamsitgani haqida bayonot bergandi. 

Ko‘p o‘tmay, futbolchining turmush o‘rtog‘i Rushana Mirsodiqova «Surxon» klubi Javohirning maoshini bermay cho‘zib kelayotgani haqida ma'lum qilgan bo‘lsa, so‘ng klub bayonot bilan chiqib, Esonqulovning oylik maoshi 5 million so‘m bo‘lgani va u pullarini ortig‘i bilan olganini bildirdi.

Ma'lumot uchun, 24 yoshli Javohir Esonqulov «Metallurg» klubi va O‘zbekiston milliy jamoasi sobiq bosh murabbiyi Rustam Mirsodiqovning kuyovi sanaladi. U faoliyati davomida «Surxon»dan tashqari «Bunyodkor», «Metallurg», «Nasaf», «Qo‘qon-1912» jamoalarida to‘p surgan.

Mavzuga oid