O‘zbekiston | 15:30 / 28.09.2021
26897
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Chevrolet Onix va Tracker ishlab chiqarish uchun qariyb 428 mln dollar ajratiladi

«O‘zavtosanoat»ga yangi qurish va modernizatsiya ishlari uchun 648,4 mln dollar ajratiladi. Bu haqda 2022−2024 yillarda O‘zbekistonning investitsiya dasturi to‘g‘risidagi prezident qarori loyihasida keltirilgan.

Prezidentning «2022–2024 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Loyihaga ko‘ra «O‘zavtosanoat» tomonidan Asaka shahrida Chevrolet Onix va Tracker rusumidagi avtomashinalarni ishlab chiqarish uchun 427,7 mln dollar miqdorida mablag‘lar jalb qilinishi rejalashtirilgan. Ushbu loyiha 2022 yilning yakuniga qadar ishga tushirilishi kutilmoqda va yiliga 190 ming dona avtomobil ishlab chiqarishga mo‘ljallangan. 

Bundan tashqari, «SamAvto»da ishlab chiqarishni kengaytirish uchun 30 mln dollar miqdoridagi mablag‘ sarflanadi va yiliga ishlab chiqarish hajmini 6000 donaga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, Zangiotadagi «UzAutoMotors Powertrain» zavodida modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari amalga oshiriladi va yangi rusumdagi avtomobillar uchun yiliga 185 mingta dvigatel ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi reja qilingan. Ushbu loyihani amalga oshirish uchun 2020−2023 yillarda 190,8 mln dollar miqdorida mablag‘ ajratiladi.

Umumiy hisobda «O‘zavtosanoat» AJga qarashli tarmoqlarda yangi qurish va modernizatsiya ishlari uchun 648,4 mln dollar mablag‘ ajratilishi belgilangan.

Avvalroq, 2022 yilning kuzida Chevrolet Onix avtomobillarini ishlab chiqarish boshlanishi kutilayotgani xabar qilingandi. Fevral oyida O‘zbekistonga sinov uchun Chevrolet Onixʼning bir necha namunasi olib kelingan va UzAutoMotors’ning bayonotida aytilishicha, ushbu namunalar mahalliy iqlim sharoitlarida sinash va salohiyatli xaridorlarning fikrini o‘rganish maqsadida xarid qilingan.

Joriy yilning 25 yanvar kunidan boshlab yangi avloddagi Tracker ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgandi.

Ma'lumot uchun, joriy yilda O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqarish hajmi keskin darajada kamaydi. Bu esa avtomobil xarid qilishda uzun navbatlar yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda. UzAutoMotors rasmiylari bu holatni butun dunyo bo‘ylab kuzatilayotgan yarimo‘tkazgichlar tanqisligi bilan izohlagan. Faqatgina butlovchi qismlarining aksari mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan yetkazib beriladigan «Damas» va «Labo» avtomobillarini yetkazib berish hajmi ortgan.

Toshkentda avtosanoat monopoliyasi va uzun navbatlarga bag‘ishlangan strit-art

4 sentabr kuni Toshkentda «UzAuto Motors» kompaniyasining monopoliyasi va buning ortidan avtomobillar uchun paydo bo‘layotgan uzundan uzun navbatlarga bag‘ishlangan ko‘cha suratlari paydo bo‘ldi.

Suratlar orqali muallif avtosalonlarda mashina xarid qilish uchun navbatda turganlar duch keladigan yana bir muammo «shapka» tizimini qizg‘ish bosh kiyimi timsolida eslatib o‘tgan.

Keyinroq bu strit-art ikki urinishda o‘chirib yuborilgandi.

Mavzuga oid