Jahon | 08:31 / 29.09.2021
9964
2 daqiqa o‘qiladi

Shimoliy Koreya birinchi marta gipertovushli raketani sinovdan o‘tkazdi 

Shimoliy koreyalik harbiylar 28 sentyabrda birinchi marta yangi gipertovushli raketaning sinovini o‘tkazishdi. Bu haqda Shimoliy Koreya axborot agentligi ma'lum qildi. 

Xabarga ko‘ra, Shimoliy Koreya milliy mudofaa fanlar akademiyasi Chagando provinsiyasidagi Doyan qishlog‘ida “Xvason-8” raketasini sinovdan o‘tkazgan. Pxenyanda sinovlar muvaffaqiyatli o‘tgani aytilgan.

Sinovlar borishini Koreya Mehnat partiyasi markaziy qo‘mitasi siyosiy byurosi prezidiumi a'zolari, markaziy qo‘mita kotibi Pak Chon Chxon va mudofaa fanlari sohasidagi rahbar xodimlar kuzatgan.

Ta'kidlanishicha, tovush tezligidan tez uchuvchi raketa ishlab chiqilishi Shimoliy Koreyaning joriy besh yillikda o‘z oldiga qo‘ygan beshta ustuvor vazifasidan biri hisoblanadi va uning amalga oshirilishi reja bo‘yicha ketmoqda. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, hanuzgacha Pxenyanda bunday turdagi qurol bo‘lmagan.

Sinov vaqtida harbiylar raketaning texnik ko‘rsatkichlarini, uning manyovrligini, dvigateli va yonilg‘i tizimi ishlashini ko‘zdan kechirishgan. Raketa qanday masofani uchib o‘tgani noma'lum.

Avvalroq, 28 sentabr ertalab Shimoliy Koreya Yapon dengizi tomon kamida bitta raketa uchirgani ma'lum qilingan. Biroq raketa qanday turda bo‘lgani ma'lum qilinmagan. U Yaponiyaning iqtisodiy hududi tashqarisiga tushgan. Tokio ushbu sinovlarni qoralagan va Pxenyan bu xatti-harakatlari bilan butun mintaqada tinchlik hamda xavfsizlikka raxna solayotganini aytgan. 

Bu sinovlar Pxenyan tomonidan joriy yilda o‘tkazilgan 7-sinovlar bo‘ldi.

Mavzuga oid