O‘zbekiston | 09:46 / 30.09.2021
2213
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda mast holda YHXB xodimiga zo‘ravonlik qilgan shaxs 15 sutkaga qamaldi

Samarqand viloyati Nurobod tumanida mast holda kelib YHXB xodimining ishlashiga xalaqit bergan, so‘ng uni haqorat qilib tosh otgan shaxs 15 sutkaga qamalgan. Bu haqda Kun.uz’ga viloyat IIB axborot xizmati xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 15 sentabr kuni soat 12:00larda Samarqand viloyati IIB YHXB 3-otryadi xodimi A-378 Samarqand-Qarshi avtomobil yo‘lining Nurobod tumani «Jom» MFY hududidan o‘tuvchi 32-kilometrida xizmat faoliyatini olib borayotib KIA-BONGO rusumli mashinani to‘xtatib, tekshirgan. So‘ng, Nurobod tumani «Tegirmonboshi» MFYda yashovchi haydovchiga xavfsizlik kamari taqmagani uchun ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirgan.

Qayd etilishicha, oradan uch kun o‘tib 18 sentabr kuni shu xodim A-378 Samarqand-Qarshi avtomobil yo‘lining Nurobod tumani «Oqsoy» MFY hududidan o‘tuvchi 33-kilometrida xizmat olib borayotgan paytda noma'lum shaxs kelib: «Nega o‘g‘limga nisbatan ma'muriy bayonnoma tuzasan?» deb uni turli nojo‘ya so‘zlar bilan haqorat qilgan.

Bundan tashqari, u YPX xodimiga tosh otib quvlagan hamda o‘z boshqaruvidagi mashina bilan YPX xodimi boshqaruvida bo‘lgan xizmat mashinasini Past Darg‘om tumani «Charxin» qo‘rg‘onida joylashgan YPX maskaniga qadar ortidan ta'qib qilib, yo‘lini to‘sib to‘xtatgan.

Shundan so‘ng hujjatlari tekshirilganda, haydovchi biror bir hujjatni taqdim eta olmagan. Natijada haydovchiga nisbatan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan va uning mashinasi vaqtinchalik jarima maydoniga joylashtirilgan. Haydovchi narkolog shifokor ko‘rigidan o‘tkazilganda, uning mast ekani aniqlangan.

Dastlabki surishtiruvda, mazkur shaxs 15 sentabr kuni xavfsizlik kamarini taqmagani uchun ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan haydovchining otasi ekani aniqlangan.

Ta'kidlanishicha, joriy yil 21 sentabr kuni holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar Jinoyat ishlari bo‘yicha Past Darg‘om tumani sudi tomonidan ko‘rib chiqilgan. Sudning qarori bilan ushbu fuqaro ma'muriy huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topilgan va unga 15 sutka ma'muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Mavzuga oid