Jahon | 17:31 / 08.10.2021
20392
10 daqiqa o‘qiladi

Tinchlik bo‘yicha Nobel ikki jurnalistga berildi, biri rossiyalik

2021 yilgi Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti Rossiyaning «Novaya gazeta» nashri bosh muharriri Dmitriy Muratov hamda filippinlik tadqiqotchi jurnalist Mariya Ressaga «demokratiya hamda barqaror tinchlik o‘rnatilishining dastlabki sharti bo‘lgan fikr bildirish erkinligini himoya qilish bo‘yicha intilishlari» uchun berildi.

Foto: Getty Images

Dmitriy Muratov haqida

«Qotilliklar [xodimlarning] va tahdidlarga qaramay, «Novaya gazeta» bosh muharriri Dmitriy Muratov gazetaning mustaqil siyosatidan voz kechmadi. U doimiy ravishda jurnalistlarning huquqlarini himoya qilib keldi», degan Nobel qo‘mitasi rahbari Berit Reiss-Andersen. U shu kunlarda nashrning jurnalistik faoliyati tufayli o‘ldirilgan xodimi Anna Politkovskayaning o‘limiga 15 yil to‘lganini ham eslagan.

2001 yilda Chechenistonda «Novaya gazeta»ning shtatdan tashqari korrespondenti Viktor Popkov o‘ldirilgan. 2003 yilda nashrning surishtiruvlar bo‘limi muharriri Yuriy Shchekochixin vafot etgan. Tergov qo‘mitasi uning o‘limida jinoyat alomatlari topmagan, ammo hamkasblari u zaharlangan deb hisoblashadi - o‘limi arafasida u tahdidlar olgandi.

2009 yilda Chechenistonda huquq faoli Natalya Estemirova o‘g‘irlab ketilgan va o‘ldirilgandi - u «Novaya gazeta» bilan hamkorlik qilgan. 2009 yil yanvarida Moskvada «Novaya gazeta» jurnalisti Anastasiya Baburova va nashrning yuridik ishlarini yuritgan advokat Stanislav Markelov otib ketilgan.

Qo‘mita rahbari Dmitriy Muratov o‘z mamlakatida OAVga tez sur'atlar bilan o‘sib borayotgan bosimlar sharoitida ishlashiga to‘g‘ri kelayotganini qayd etib o‘tgan.

«Igor Domnikov, Yuriy Shchekochixin, Anna Politkovskaya, Stas Markelov, Anastasiya Baburova, Natasha Estemirova - bugun Nobel mukofotini shu odamlar qo‘lga kiritishdi», deydi Muratovning o‘zi BBC bilan suhbatda.

«Men kulyapman. Umuman kutmagandim. Men aqlimni yo‘qotdim. Norvegiyadan qo‘ng‘iroq bo‘layotganini ko‘rdim, ammo men bu yoqimsiz qo‘ng‘iroq bo‘ladi deb o‘ylagandim. Men sizga shuni ayta olaman: biz bu mukofotni hozirda qatag‘onga uchrayotgan rus jurnalistikasi uchun bag‘ishlaymiz. Bori shu. Biz hozirda agentlar deb tan olingan, quvilayotgan va mamlakatdan chiqarib yuborilayotgan odamlarga yordam berishga harakat qilamiz», deya Muratovning so‘zlarini keltiradi «Pod'yem» nashri.

Dmitriy Muratov - «Novaya gazeta» asoschilaridan sanaladi. U 1995 yildan 2017 yilgacha ushbu nashr bosh muharriri bo‘lgan, keyin yana 2019 yildan shu lavozimni egallagan.

«Biz Dmitriy Muratovni tabriklashimiz mumkin. U doim o‘z ideallariga tayanib ishlaydi, u o‘z ideallariga sodiq. U iste'dodli, u jasur», deya izoh bergan bu yangilikka Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Mariya Ressa haqida

«Rappler nashri hammuassisi va jurnalisti sifatida Mariya Ressa o‘zini so‘z erkinligining qo‘rqmas himoyachisi sifatida namoyon etgan. Rappler Duterte rejimining giyohvandlikka qarshi kurash kampaniyasi niqobi ostida olib borilgan qonli siyosatini tanqidiy tomondan yoritgan. Mariya Ressa o‘z vatani Filippindagi hokimiyatni suiiste'mol qilish, zo‘ravonlik va kuchayib borayotgan avtoritarizmni fosh etish uchun so‘z erkinligi huquqiga tayandi.

Demokratik jamiyatlar urush va to‘qnashuvlarning oldini olishdagi eng yaxshi mudofaa tizimidir. Lekin so‘z erkinligi bo‘lmagan jamiyatda demokratiya ham bo‘lmaydi. Dmitriy Muratov va Mariya Ressa jasur, taniqli jurnalistlardir. Ular jurnalist bo‘lish nimani anglatishini va so‘z erkinligidan juda qiyin, cheklangan sharoitda ham foydalanish mumkinligini ko‘rsatib berishdi», deya ta'kidlagan Reys-Andersen.

Rappler - ingliz tilidagi mashhur yangiliklar sayti bo‘lib, Filippin hukumati ko‘p yillardan buyon bu nashrni yopishga harakat qilib keladi. Nashrning yopilishi yuzasidan rasmiy sud da'vosi ko‘rib chiqish jarayonida, ammo bu vaqtda Rappler vazifalarini bajarishda davom etmoqda.

2017 yilda Filippin prezidenti Rodrigo Duterte nashrga amerikaliklar xo‘jayinlik qilishi va tahririyat siyosatini belgilab berishi haqida aytgandi.

Shundan so‘ng bosh muharrir Mariya Ressa va Rappler saytining o‘ziga nisbatan 11ta jinoiy ish ochilgan. Ressani soliqlarni to‘lamaslik, tuhmat qilish, xorijliklarning nashrga rahbarlik qilishi to‘g‘risidagi qonunni buzishda hamda internetda tuhmat tarqatishda ayblashgan.

O‘shandan buyon u Filippindagi so‘z va matbuot erkinligi uchun kurashning ramziga aylangan. 2018 yilda Time jurnali Mariya Ressani yil odamlari sifatida tan olingan jurnalistlar qatoriga qo‘shgandi.

«Faktlarsiz dunyo - bu baribir haqiqatsiz va ishonchsiz dunyo bo‘lib qoladi. Hozir jurnalist bo‘lishning ayni vaqti. Qachonki bu ish bilan shug‘ullanish xavfli bo‘lsa, demak, bu aynan eng kerakli palla», degan Mariya Ressa o‘ziga mukofot berilganidan keyingi izohida.

JSST, «Chegarasiz muxbirlar», Navalniy
Avvaliga bu mukofot uchun JSST asosiy favorit sifatida ko‘rilayotgandi. Boshqa ehtimoliy nomzodlar qatorida rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy, Belarus muxolifati yetakchisi Svetlana Tixanovskaya, ekofaol Greta Tunberg va «Chegarasiz muxbirlar» tashkiloti ham sanalgandi.

Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti uchun jami 329 nomzod ko‘rsatilgandi (234 kishi; 95 tashkilot). Bu Nobel mukofoti tarixidagi bir yo‘nalish uchun eng ko‘p nomzod ko‘rsatilishi bo‘yicha uchinchi ko‘rsatkich sanaladi.

Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti - shvedlarning emas, norveglarning Nobel qo‘mitasi tomonidan topshiriladigan yagona Nobel mukofotidir.

Tinchlik bo‘yicha mukofot uchun nomzodlar qanday tanlanadi?
Norvegiya Nobel qo‘mitasi qoidalariga ko‘ra, tinchlik bo‘yicha mukofot uchun istalgan kishi da'vogar bo‘lishi mumkin, ammo nomzodni faqat cheklangan doiradagi shaxslar taklif etadi.

Qo‘mita rahbari Berit Reys-Andersenning tushuntirish berishicha, nomzodlarni ilgari surishda Alfred Nobelning vasiyatida ko‘rsatilgan uch mezon hisobga olinadi: qurolli kuchlar soni qisqartirilishida qo‘shgan hissasi, tinchlik muzokaralarida ko‘rsatgan yordami hamda xalqlar o‘rtasidagi qardoshlik aloqalari mustahkamlanishidagi sa'y-harakatlari.

Reys-Andersenning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan 120 yil mobaynida Nobel tomonidan aniqlangan tushunchalarga xalqaro hamkorlik, nafaqat shaxslarning, balki tashkilotlarning tinchligiga hissa qo‘shish, inson huquqlarini himoya qilish kabi bir qancha aniqlovchi formulalar ham qo‘shilgan.

«Ba'zi holatlarda nomzodni tanlashda biz barcha mezonlarni birlashtiramiz, boshqa holatlarda qarorimizning sababi sifatida birgina sabab ko‘rsatishimiz ham mumkin», deydi Berit Reys-Andersen.

Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti laureati uchun minimal yosh chegarasi belgilanmagan, ammo qo‘mita rahbari ma'lum bir shaxsning dunyodagi tinchlik uchun qo‘shgan hissasi sezilarli darajada ulkan bo‘lishi kerakligi va shu tufayli mukofot laureatlari odatda katta yoshli kishilar bo‘lishini aytib o‘tgan.

Mukofot tarixidagi eng yosh laureat pokistonlik huquq faoli Malala Yusufzay bo‘lgan, u mukofot bilan taqdirlanganida 17 yoshda edi. U musulmon mamlakatlaridagi qizlarning ta'lim olishi uchun kurashgan va bu faoliyati uchun toliblar tomonidan ta'qibga uchragandi.

Bahsli mukofot
Tinchlik bo‘yicha mukofot kimga berilishi doimo bahslarni yuzaga keltiradi. Boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha ham qo‘mitaning qarori o‘ta sub'yektiv bo‘lsa-da, aynan tinchlik bo‘yicha mukofot doim ko‘plab tanqidlarga sabab bo‘ladi.

2009 yilda mukofot barchani hayratga solgan holda AQSh sobiq prezidenti Barak Obamaga berildi. O‘shanda u endigina lavozimga kirishgan va dunyoda tinchlik uchun aytarli ish qilmagandi. Obama erishgan aniq muvaffaqiyatlari uchun emas, balki tinchlik uyg‘unligiga erishishdagi harakatlari uchun mukofotlangani aytilgandi.

Asosiy e'tirozlar Nobel mukofotini qaytarib olib bo‘lmasligi bilan ham bog‘liq. Bu mukofot bilan taqdirlangan shaxs abadiy shu mukofot egasi bo‘lib qoladi.

Shuning uchun, agar tinchlikparvar faoliyati uchun Tinchlik mukofotini olgan shaxs keyinchalik urush boshlasa ham baribir Nobel mukofoti laureati bo‘lib qolaveradi. Bu esa, o‘z navbatida diplomatik muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.

Masalan, Myanma muxolifati yetakchisi va tinchlik mukofoti sovrindori Aung San Suu Ji hokimiyat tepasiga kelgach, rohingya xalqiga nisbatan vahshiyona munosabatidan so‘ng G‘arb jamoatchiligi oldida uning obro‘si butunlay chilparchin bo‘ldi. 

Aung San Suu Ji 2019 yilda Haagadagi BMT xalqaro sudida rohingya  xalqiga nisbatan qilgan qatliomi uchun javob berdi. O‘shanda uni Nobel mukofoti sovrindori maqomidan mahrum qilish bo‘yicha chaqiriqlar yangradi, ammo mukofotni qaytarib olib bo‘lmaydi. 

Boshqa misol – Efiopiya bosh vaziri Abiy Ahmad Ali. U 2018 yilda qo‘shni Eritreya bilan munosabatlarni yaxshilagani uchun mukofotga loyiq deb topilgandi, ikki yildan keyin esa Efiopiyada Tigray qonli mojarosi boshlandi.

Mavzuga oid