O‘zbekiston | 15:58 / 16.10.2021
5892
3 daqiqa o‘qiladi

Mehnat kodeksiga uy ishchilarining huquqiy himoyasiga doir bandlar kiritilmoqda

Xonadonlarda xizmat qiluvchi enaga, oqsoch, bog‘bon, qorovul va haydovchi kabilar uy ishchilariga kiradi. Bu kabi kasb egalarining faoliyati ularning mehnat stajiga kiritilishi mumkin.

Foto: Getty Images

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilingan Mehnat kodeksiga uy ishchilarining mehnati borasidagi tegishli bandlar kiritilgan. Bu haqda deputat Zafar Xudoyberdiyev ma'lum qildi.

Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining 514–520-moddalarida ushbu masala huquqiy jihatdan mustahkamlangan. Xususan, kodeksning 514-moddasi “Uy ishchilari” deb nomlanib, unda uy ishchilariga shunday ta'rif berildi:

“Ish beruvchi bo‘lgan jismoniy shaxslarga ularning tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan shaxsiy ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun ishlarni bajaruvchi, xizmatlar ko‘rsatuvchi xodimlar (bog‘bonlar, enagalar, qorovullar, oqsochlar, haydovchilar va boshqalar) – uy ishchilaridir”.

Shuningdek, ushbu moddada uy ishchilarini ishga qabul qilishga ular 16 yoshga to‘lganida yo‘l qo‘yilishi, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi hududida istiqomat qilayotgan chet el fuqarolari hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar o‘zida fuqarolik muomala layoqati to‘liq hajmda mavjud bo‘lgan taqdirda, uy ishchilarini ishga yollash huquqiga ega ekanliklari belgilab qo‘yildi.

Kodeksning 515-moddasida ishga qabul qilinayotgan uy ishchisi bilan nomuayyan muddatga yoki muddatli mehnat shartnomasi tuzilishi mumkinligi, agar taraflar uy ishchisini oziq-ovqat va uy-joy bilan ta'minlash to‘g‘risida kelishuvga erishgan bo‘lsa, bu shart mehnat shartnomasining mazmuniga kiritilishi kerakligi, uy ishchilarini ishga qabul qilish buyruq chiqarilmasdan amalga oshirilishi hamda uy ishchilariga mehnat daftarchalari yuritilmasligi belgilandi.

Mehnat kodeksida, shuningdek, uy ishchilarining ish rejimi, dam olish kunlari va yillik mehnat ta'tillarini berish tartibi xodim bilan ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra belgilanishi, taraflar tomonidan mehnat shartnomasida belgilangan mehnat shartlarini o‘zgartirish to‘g‘risida xodimni kamida 14 kalendar kun oldin yozma shaklda ogohlantirishi shartligi, mehnat shartnomasini bekor qilish tartibi, yollanib ishlash bo‘yicha ish davrlari xodimning mehnat stajiga kiritilishi hamda uy ishchisi va ish beruvchi bo‘lgan jismoniy shaxs o‘rtasidagi o‘zaro kelishuv asosida tartibga solinmagan yakka tartibdagi mehnat nizolari sud tartibida hal etilishi belgilab qo‘yilmoqda.

Mavzuga oid