Jamiyat | 15:30 / 19.10.2021
20699
7 daqiqa o‘qiladi

Suyultirilgan gaz bilan ta'minlashdagi ID-karta: korrupsiya va xo‘jasizlikka barham beruvchi tizim

XXI asr - axborot asri. Raqamlashtirish, ID-kartalar joriy qilish ko‘plab sohalarni qamrab olmoqda. Jumladan, aholini tabiiy gaz bilan ta'minlash tizimi ham bosqichma-bosqich raqamlashtirilmoqda.

Suyultirilgan gaz ballonlariga shtrix-kodli stikerlar yopishtirilmoqda, albatta, ularning hisobini to‘g‘ri yuritish uchun. Iste'molchilar esa bugunga kelib gaz uchun to‘lovni naqd pullarsiz, ID-karta vositasida amalga oshirishmoqda.

Sohadagi bu yangilik bugun qanday ishlayotgani bilan tanishib, ayrim savollarga javoblar olishga harakat qilishga qaror qildik.

Ma'lumki, tabiiy gaz uzatish imkonsiz bo‘lgan uzoq hududlarga suyultirilgan gaz ballonlari yetkaziladi. Tan olish kerak, yaqin-yaqingacha gaz ballonlarini yetkazib berish bilan bog‘liq e'tirozlar aholi tomonidan tez-tez bildirib turilar edi.

E'tirozlar asosan gaz uchun belgilangan to‘lovdan ortiqcha haq olinayotgani, gaz ballonlariga belgilanganidan kamroq gaz quyib berilayotgani, gaz ta'minoti o‘z vaqtida amalga oshirilmayotgani, mahallada 4–5 talab gaz balloni bo‘lgan oilalar ularni birvarakayiga almashtirib, boshqalarga gaz yetmay qolayotgani xususida bo‘lar edi.

Endi sohani modernizatsiya qilish natijasida gaz ballonlarini aholiga yetkazib berish jarayonlari to‘liq raqamlashtirildi.

Biz Qo‘shrabot tumanida 2020 yilda yangidan barpo etilgan gaz to‘ldirish shoxobchasida bo‘lib, ishlar qanday tashkil qilingani bilan tanishdik. Bu yerdan Qo‘shrabot tumani xalqiga to‘liq, shuningdek Ishtixon tumanining yaqin aholi punktlariga gaz tashilar ekan.

«Hududgaz Samarqand» gaz ta'minoti filiali suyultirilgan gaz sotishni muvofiqlashtirish bo‘limi yetakchi muhandisi Akbar Javanov shunday dedi:

«Filialimiz tomonidan 498 ming 780 ta suyultirilgan gaz iste'molchilariga xizmat ko‘rsatib kelinmoqda. Ularning 498 ming 397 tasi aholi iste'molchilari, 397 tasi ijtimoiy soha obektlari hisoblanadi. Filialimiz tasarrufida 8 ta gaz to‘ldirish shoxobchasi bor. Ularning ikkitasi xususiy bo‘lib, ulardan ijara shartnomasi asosida foydalanib kelmoqdamiz», – dedi A.Javanov.

Shoxobchada ballonlarga gaz to‘ldirish jarayonida har bir gaz ballonida belgilangan me'yorda, o‘lchangan holda 20 kilogramm gaz solinayotganini ko‘rdik.

Tizimdagi eng katta yangilik — iste'molchilar faqat ID-karta vositasida to‘lovni amalga oshirish imkoni yaratilgani bo‘ldi. Gaz uchun avvalgidek naqd pulda to‘lov qilish mumkin emas. Inspektorlar tomonidan fuqarolardan naqd pul olingan taqdirda ham uni bankka kirim qilib bo‘lmaydi. Chunki jarayon to‘liq avtomatlashtirilgan.

Akbar Javanovning aytishicha, ID-karta tizimini joriy etishdan ko‘zlangan bosh maqsad — sohada korrupsiyaviy omillarga barham berish, aholini suyultirilgan gaz bilan adolatli tarzda, teng va o‘z vaqtida ta'minlash.

Bu tizimdan foydalanilayotganiga ikki oy bo‘lgan bo‘lsa, allaqachon o‘zining ijobiy samarasini bera boshlagan. Jumladan, aholidan tushayotgan shikoyatlar soni kamaygan.

Biz Qo‘shrabot va Ishtixon tumanidagi ayrim mahallalarda gaz qanday tarqatilayotganiga guvoh bo‘ldik.

Aholi vakillarining aytishicha, ID-karta tizimi yo‘lga qo‘yilgach, yetkazib berilgan gaz uchun ortiqcha to‘lov qilish to‘liq barham topgan.

Tizim qanday ishlaydi?

Mahallalarga gaz yetkazilishidan mahalliy telegram kanallar orqali mahalla fuqarolar yig‘ini raisi 1 kun oldin ogohlantiriladi. Fuqarolar shu kuni ID-kartasi hisob raqamiga pul qo‘yishadi. Ertasi kuni 20 kg gaz uchun 22 ming 400 so‘m yechib olinadi. Yetkazilgan gaz ballonidagi shtrix-kod skaner qilinadi.

Xonadonga qachon qaysi gaz balloni yetkazilgani, necha so‘m yechib olingani qayd etiladi va bu ma'lumotlarning barchasi shaffof. Fuqaro maxsus ilovadagi shaxsiy kabinetida to‘lovlar va boshqa ma'lumotlarni kuzatib borishi mumkin.

Eng xarakterlisi — bir ID-kartadan 1 oy davomida bitta to‘lovni amalga oshirish mumkin. Masalan, ID-karta hisob raqamiga ko‘proq pul tushirib olib, o‘nlab gaz balloni uchun to‘lov qilaman deganlar adashadi.

Bu yo‘l bilan gaz ballonlarning aholiga teng taqsimlanishi, barchaga birdek yetib borishiga erishilgan. Faqatgina aholi zich joylashgan Urgut kabi tumanlarda bir ro‘zg‘orda alohida-alohida 2-3 ta oshxona bo‘lsagina ularning har biri nomiga rasmiylashtirilgan alohida gaz balloni beriladi. Qolgan holatlarda bitta xonadonga belgilangan muddat ichida faqat bir dona gaz balloni almashtirib beriladi.

Ayni paytda fuqarolarning xonadonlariga uyma-uy yurib gaz tarqatilmoqda. Avvalgidek, mahallalarda bir kishining xonadonida gaz ballonlarini to‘plashdek xavfli amaliyotlarga ham chek qo‘yilgan.

Gaz ballonlariga yopishtirilgan shtrix-kodli stikerlar ballonlar aylanmasini kuzatish uchun qilingan.

Albatta, ID-karta orqali to‘lov qilish uchun aholi elektron to‘lov tizimlarini o‘zlashtirishi talab etiladi. Bu borada ham soha xodimlari tomonidan aholiga tushuntirish berib borilmoqda. Masalan, gaz ballonlaridagi shtrix-kodli stikerlarga zarar yetkazmaslik, ID-kartalarni yo‘qotib qo‘ymaslik ham tushuntirilmoqda.

Fuqarolar agar istashsa, gaz balloni belgilangan miqdorda to‘ldirilganiga ishonch hosil qilishlari uchun keltirilgan gaz ballonini elektron tarozida o‘lchab olishlari mumkin. Tarozi mahallalarda gaz tarqatish bilan shug‘ullanadigan har bir avtomashinada bor.

Ko‘rinib turibdiki, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2020 yil 5 oktyabrdagi «Raqamli O‘zbekiston — 2030» strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi PF–6079-sonli farmoni ijrosi doirasida amalga oshirilgan mazkur ishlar o‘z samarasini bermoqda.

Jumladan, respublika bo‘ylab suyultirilgan gaz ta'minoti tizimi raqamlashtirishi natijasida yiliga 3,5 tonna qog‘oz iqtisod qilinmoqda. Boz ustiga, sohada o‘z-o‘zidan tamagirlik, korrupsiya, o‘g‘riliklar, gazdan xo‘jasizlarcha foydalanishdek illatlarga chek qo‘yilishi barobarida, aholidan tushadigan shikoyatlar ham keskin kamayishiga sabab bo‘lmoqda.

Iste'molchilar muammolarini o‘rganish va bartaraf etish bo‘yicha tashkil etilgan respublika ishchi guruhi xulosasiga ko‘ra, birgina Samarqand viloyatida maishiy gaz ballonlariga bo‘lgan ehtiyojni qondirish maqsadida, 12 ming dona maishiy gaz ballonlari yetkazib berilgan. Hozirgi vaqtda viloyatning ta'minlanganlik darajasi 112 foizga yetkazilib, hududlarda 1,5 mingdan ortiq maishiy gaz ballonlari zaxirasi yaratilgan.

Xulosa qilish mumkinki, maishiy gaz ballonlarini yetkazib berishda yangicha avtomatlashtirilgan tartibga o‘tilgani tizimda shaffoflikni ta'minlabgina qolmay, turli tamagirlik holatlariga chek qo‘yadi, xizmat ko‘rsatish sifatining oshishiga xizmat qiladi. Hattoki gaz iste'molining iqtisod bo‘lishiga olib keladi. Bundan esa barcha yutadi.

Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi: Jahongir Aliboyev Ⓣ

Mavzuga oid