O‘zbekiston | 18:08 / 02.11.2021
20042
4 daqiqa o‘qiladi

Narx, muddat va xizmat sifati - suyultirilgan gaz bo‘yicha aholini qiynayotgan savollar yuzasidan mas'ul bilan intervyu

Noyabr kirib keldi. O‘zbekistonda asta-sekin qish yaqinlashmoqda. O‘zbekiston qishloqlarida bu faslni ko‘pda yoqtirishavermaydi. Chunki tabiiy gazdan mosuvo odamlar bu faslda sovib ketgan uylarni isitish, buning uchun o‘tin topish, ko‘mir sotib olish kabi og‘ir muammolar bilan to‘qnashadi. Yaxshiyamki, choy, ovqat uchun gaz ballondagi suyultirilgan gaz bor. Ammo bu borada ham muammolar yo‘q emas...

Kun.uz muxbiri suyultirilgan gaz yetkazib berish borasida aholidan kelayotgan savol va murojaatlar yuzasidan “Hududgazta’minot” AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Tohirjon Turdiyev bilan intervyu uyushtirdi.

— Dastlab aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish tizimi haqida gaplashsak. Xo‘sh, bu tizim qaydan kelib, qay tomonga ketmoqda?

— Bugungi kunda O‘zbekistondagi 3 mln 600 mingdan ortiq xonadon imtiyozli narxda suyultirilgan gaz bilan ta'minlab kelinmoqda.

Bugungi kunda Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarida 4ta suyultirilgan gaz ishlab chiqaruvchi korxona bor. Bu korxonalar uzluksiz ravishda ishlab, kuniga 2 ming tonna va oyiga 50 ming tonnadan ortiqroq suyultirilgan gazlarni joylarga yetkazib beradi.

Aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish uch bosqichli jarayondan iborat. Bu zavodlardan yuklab olish, uni saqlash va tarqatish hamda aholiga yetkazib berish.

“Hududgazta’minot” AJ ish boshlagunga qadar suyultirilgan gaz aholiga ro‘yxat (vedomost) asosida yetkazib berilardi. Bu jarayonda kimga qancha gaz borayotganini bilishning imkoni bo‘lmagan. Korrupsiya holatlari ham ko‘p edi.

Endilikda suyultirilgan gaz yetkazib berish jarayoni avtomatlashtirilgan tizimga o‘tkazildi. Hozir 3 mln 600 mingdan ortiq xonadonga ID kartalar tarqatilgan va aholi vakillari naqd pul savdosisiz gaz sotib olmoqda.

Biz hozirda har bir xonadon olayotgan gaz miqdori va muddatini ko‘rib tura olamiz.

Bu jarayonda shaffoflikni oshirish uchun biz gaz ballonlarga yopishtiriladigan stikerlarni ham joriy qildik. Bu stiker orqali gaz ballonlari kimga va qachon borganini ham ko‘rib turish mumkin.

Bu tizimda o‘zgarishlar davri boshlanishidan avval aholiga gaz ballon yetkazib berish muddati 2-3 oygacha cho‘zilib ketardi. Biz esa bu jarayonni 40-45 kungacha tushirishga erishdik.

— Siz bu muddatni 40-45 kungacha tushirdik deyapsiz, lekin bizga kelayotgan murojaatlarga ko‘ra, aholiga gaz yetkazib berish muddati hamon 2-3 oyni tashkil qiladi. Nega bu borada iste'molchi huquqlari himoya qilinmaydi?

“Hududgazta’minot” AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Tohirjon Turdiyev

— O‘zimizga ham kuniga 10-11ta murojaat kelib tushadi. Ularni albatta tahlil qilib boramiz. Ularning ayrimlarida ko‘rinadiki, ba'zi holatlarda aholi vakillariga suyultirilgan gaz yetib bormaydi. Biz buning oldini olish uchun alohida dastur tashkil qildik. Dastur bizga 3 mln 600 ming xonadon orasida gaz yetib borishi 45 kundan o‘tib ketganini ko‘rsatib beradi. Gaz yetkazib berish shu muddatdan o‘tib ketdimi, bizga signal keladi. Bundan buyon gaz yetkazib berish muddati 45 kundan o‘tmaydi.

— Lekin ko‘plab xonadonlar uchun 45 kun ham juda ko‘p muddat. Chunki xonadonlarga 3 mahal issiq ovqat pishiriladi, choy va boshqa ehtiyojlar uchun suv qaynatiladi.

— Ha. Shunday xonadonlar bor, ular berilgan gazni bir oy ishlatadi. Yana ayrimlari 2 oy ishlatadi. Biz buni tahlil qilganmiz. Unga ko‘ra, biz bergan kartadan bir oyda bir marta 22 ming 400 so‘mdan pul yechiladi. Odamlar buyurtma bersa gaz yetkazib beriladi. Odamlar qo‘rqmasligi kerak. Bizning ma'lumotlar markazi ishlab turadi. Qandaydir muammo bo‘lsa, qo‘ng‘iroq qilib bog‘lanishlari mumkin.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin. Unda suyultirilgan gaz yetkazib berilishi bo‘yicha iste'molchilarning belgilangan huquqlari haqida ham so‘z boradi.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.

Mavzuga oid