O‘zbekiston | 12:15 / 22.10.2021
6711
3 daqiqa o‘qiladi

“2021 yilda ta'mirlanishi shart bo‘lgan 6568 km yo‘l uchun 2,9 trln so‘m o‘rniga 81,8 mlrd so‘m ajratilgan” – senator

Senator Qutbiddin Burhonovning ta'kidlashicha, 2021 yil davomida avtomobil yo‘llarining 6568 km qismida yo‘l qoplamasini ta'mirlash uchun zarur 2,9 trln so‘m o‘rniga 81,8 mlrd so‘m, ya'ni talab etilgan mablag‘ning 27 foiziga teng mablag‘ ajratilgan. Bu esa ishlar kechikishiga olib kelgan.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

“Avtomobil yo‘llarida harakat xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan tadbirlar yetarli darajada moliyalashtirilmayapti. Bugungi kunda davlat budjetidan ajratilayotgan mablag‘lar miqdori respublikadagi mavjud 42,9 ming km uzunlikdagi umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida harakat xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan tadbirlar to‘liq hajmda amalga oshirilishiga yetmaydi.

Xususan, 2020 yilda umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida o‘tkazilgan ko‘rik natijalariga asosan 2021 yil davomida avtomobil yo‘llarining 6568 km qismida yo‘l qoplamasini ta'mirlash ishlari talab etilishi aniqlangan bo‘lib, dastlabki hisob-kitoblarga muvofiq mazkur ishlarga 2,9 trln so‘m mablag‘ zarur bo‘lsa-da, 2021 yilda buning uchun 81,8 mlrd so‘m, ya'ni talab etilgan mablag‘ning 27 foiziga teng pul ajratilgan. Bu ta'mirlash o‘rtasidagi muddatlar yildan yilga ortishiga, qo‘shimcha sarf-xarajatlar talab etilishiga sabab bo‘lmoqda”, deya Qutbiddin Burhonovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi avvalroq amaldagi qonun hujjatlarida avtomobil yo‘lini joriy ta'mirlash ishlari bajarilgandan so‘ng uning xizmat qilish muddatiga nisbatan talab belgilanmagani sababli yo‘llar qisqa muddat ichida yana ta'mirga muhtoj holatga kelib qolayotganini aytgandi.

Shuningdek, Burhonov yo‘l qurilishi sohasida pudratchi tomonidan bajarilayotgan qurilish-montaj ishlari sifatini aniqlash bo‘yicha sinov laboratoriyasi aynan pudratchining o‘zi tomonidan jalb qilinayotgan holatlar mavjud ekani, bu esa tizimda korrupsiyaviy omillarni yuzaga keltirayotganini tanqid qilgandi.

2019–2020 yillar va 2021 yilning 1-yarmida transport sohasidagi korxona va tashkilotlarning 375 nafar xodimi jinoiy javobgarlikka tortilgan. Ularning 358 nafari yoki 95 foizi korrupsiyaviy jinoyatlar sodir etgan.

Senatning 20–21 oktabr kunlari bo‘lib o‘tgan XX yalpi majlisida avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tizimidagi 149 nafar xodim jinoyatga qo‘l urgani, Transport vazirligi huzuridagi Yo‘l qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan so‘nggi ikki yilda 12 mingdan ortiq qonunbuzilishlar aniqlangan bo‘lsa-da, prokuratura organlariga bor-yo‘g‘i 8 ta material yuborilgani ma'lum qilingandi.

Mavzuga oid