«86 mingga yaqin xodim ishlaydi» - Audi avtomobil konsernidagi amaliyot haqida (foto)
“Germaniyadagi mashhur Audi avtomobil konsernida ishlash tajribam bilan bo‘lishmoqchiman” deya hikoya qiladi, Uzbek.life kolumnisti Shahzod Jabborov.
Siz ham o‘z hikoyalaringizni biz bilan bo‘lishmoqchi bo‘lsangiz Telegram’da @uzbeklifebot ga murojaat qiling.
O‘zbekistondagi yuk mashinalari sohasidagi tajribamni hisobga olgan holda, menimcha, chet yeldagi ish muhiti, xodimlar o‘rtasidagi munosabatlar va ish uslubi haqidagi tasavvurimizni kengaytirishga yordam beradigan xulosalar haqida gapirmoqchiman.
DAAD stipendiyasini yutib oldim
Men Toshkentdagi Turin politexnika universitetini tamomlagandan so‘ng, MAN markali yuk mashinalari, maxsus transport va tirkamalar ishlab chiqaruvchi O‘zbekiston-Germaniya qo‘shma korxonasida bir yilga yaqin ishladim. Bu davr mobaynida men o‘zim uchun O‘zbekistonning yirik korxonalarida ishlashning ijobiy va salbiy tomonlarini aniqladim, qimmatli tajriba, yangi bilimlar va bebaho ustozlar orttirdim. Keyinchalik rivojlanish va mashinasozlik olamiga boshqa tomondan qarash istagi meni Germaniyada magistrlik ilmiy darajasini egallash uchun o‘qishga olib keldi. O‘qishga kirish uchun tayyorgarlik tafsilotlariga chuqurlashmasdan aytamanki, men Yevropaning eng innovatsion universitetiga Germaniyadagi FAU Erlangen-Nürnberg mashinasozlik yo‘nalishi bo‘yicha magistrlik dasturiga DAAD stipendiyasini yutib oldim.
Muhandis uchun o‘qish majburiy amaliyotni nazarda tutadi
Germaniyada muhandis uchun o‘qish majburiy amaliyotni nazarda tutadi va shu maqsadda kompaniya topishdan amaliyot o‘tashgacha bo‘lgan barcha mas'uliyat talabalarning o‘z zimmasiga yuklanadi. Amaliyot izlash davri pandemiyaga to‘g‘ri keldi. Shu davrda Germaniyada ham lokdaun avjida edi. Oziq-ovqat do‘konlaridan tashqari, shaharda hamma narsa yopildi, universitetlar va korxonalar internet olamiga-onlaynga o‘tishga majbur bo‘ldi. Men bu davrda amaliyot uchun korxona topish oson bo‘lmasligini tushundim, chunki muhandis sifatida to‘liq tasavvurga ega bo‘lish uchun zavodda bo‘lish men uchun juda muhim edi. Natijada, 3 oy ichida men murojaat qilgan Germaniyaning 100 dan ortiq turli kompaniyalaridan rad javobini oldim. Men, ishga joylashish Toshkentda naqadar oson kechganini shu yerda angladim va har bir yangi rad javob olganimda men ruhan tushkunlikka tushish arafasida bo‘lardim. Faylasuf Nitsshe aytganidek, bizni o‘ldirmaydigan narsa bizni kuchliroq qiladi va natijada menga uchta nufuzli kompaniyadan taklif keldi: Audi, BMW va Siemens. Men Audi'ni tanladim, chunki bu yerdagi kurator bilan dunyoqarashimiz o‘xshash va amaliyot mavzusi ham mening mutaxassisligimga aynan mos edi.
Audi’dagi amaliyot
Ochig‘i Audi men uchun bu dizayn, ergonomika va quvvatning mukammal kombinatsiyasidir. Bu nafaqat transport, balki butun dunyo va hayot tarzi desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Audi guruhida 86 mingga yaqin xodim ishlaydi va 2020 yilda ular 1,7 millionga yaqin avtomobil ishlab chiqargan. Men Audi Ingoistad zavodida avtomobilning old, pastki, orqa va sovitish tizimlarini rivojlantirish bo‘limida amaliyot o‘tadim. Xalq orasida ushbu shaharni Audi shahri deb atashadi, chunki butun shahar bu zavod; aholining yarmi-xodimlar, qolgan yarmi Audi homiyligidagi talabalar – bo‘lajak xodimlar desa xam xato bo‘lmaydi.
Qisqacha qilib aytganda Audi'da ishlash bu:
- Ish vaqti va kunlari belgilangan, hech qanday holatda talab qilinganidan oshmaydi, agar uning o‘zi rahbar bilan kelishgan holda ishlash istagini bildirmagan bo‘lsa, kamroq bo‘lishi mumkin, lekin albatta vijdonan yondashish asosida.
- menga uyali telefonimning bir marta oldirilgan quvvati 2 kunga yetardi. Chunki ish vaqtida haqiqatan ham – siz ishlaysiz.
- Ishdan tashqari, oila, sport va o‘zingizni rivojlantirish uchun yetarli vaqt bor, «work life balance» deganlaridek. Shunchalik to‘g‘ri rejalangan ish vaqti dam olish kunlarini qanday to‘ldirishni bilmasligingizga olib kelishi ham mumkin.
- Yana bir menga juda yoqqan jihatlardan bittasi – hamkasblar sizga professional sifatida munosabatda bo‘lishadi, amaliyotchi-talaba bo‘lishingizdan qat'i nazar, sizning fikringizni tinglashadi. Rahbar bu do‘st – hazillar, sharhlar, yaxshilanishlar qabul qilinadi.
- Yangi g‘oyalarga qiziqish bilan qarashadi, lekin muammolarning ko‘lami keng bo‘lgani uchun ularni har doim ham qo‘llash imkoni bulmaydi. Masalan, Audi avtomashinasidagi bitta vint-detalini o‘zgartirish uchun siz Volkswagen konsernining 12 ta kompaniyasini o‘z ichiga olgan kompaniyalar bilan kelishishingiz kerak, chunki ularning ko‘pchiligi bir xil detallardan foydalanadilar va shu sababli kompaniya keng miqyosda iqtisodiga jabr yetishi mumkin.
Agar Audi shaharchasini tuzilishiga keladigan bo‘lsak, ovqatlanish xonasi restoranga o‘xshaydi. Turli xil taomlar, salatlar va shirinliklar arzon narxlarda, lekin bu o‘z navbatida xizmat ko‘rsatishning nufuzli restoranlardan farqlanishiga yo‘l qo‘ymaydi, bu esa hech kimni befarq qoldirmaydi. Yana boshqa tomonlarga keladigan bo‘lsak:
- ingliz va nemis tillarini bilish minimal talab;
- kiyim, tashqi ko‘rinish va boshqa narsalarning erkin shakli – asosiysi mehnat natijasidir.
Mening asosiy vazifalarim 3D modellashtirish yordamida qismlarni yig‘ish qobiliyatini ta'minlash va montaj jarayonlarini standartlashtirishni qo‘llab-quvvatlash edi. Hamkasblarim ko‘pincha masofadan turib ishlashar edi va vaqti-vaqti bilan zavodga mashinaning bir qismini to‘g‘ridan-to‘g‘ri tekshirish zarur bo‘lganda kelgan. Amaliyot tugagach, xodimlar stajyorning yutuqlarini baholaydilar va unga kelajak haqida fikr bildiradilar. Men har doim o‘z ishimni boshqalar mendan kutganidan ko‘ra a'lo bajarishga harakat qilaman va qilayotgan ishimning sifati va qiymatiga alohida urg‘u beraman. Amaliyot oxirida hamkasblarim aynan shu fazilatni ta'kidlab o‘tishdi. Shu yerda aytib o‘tish joiz, agar hamma o‘z ishiga mehr bilan yondashsa va o‘z imkonidan ham 10 barobar yaxshiroq shu ishni bajarsa, shunda natija o‘zini kuttirib qo‘ymaydi. Bu esa har birimizning asosiy yutug‘imizdir! Hammaga o‘z hayotida to‘g‘ri yo‘l topishini tilab qolaman. Omad doim yor bo‘lsin!
Hikoyam manzur bo‘lgan bo‘lsa izohlarda fikrlaringizni qoldirishingiz mumkin. Men albatta boshqa mavzularda yozishda davom etaman.
Shahzod Jabborov
Uzbek.life’ning Germaniyadagi kolumnisti
Mavzuga oid
11:25 / 23.12.2024
Xitoyda 2024 yilning eng yaxshi avtomobillari e’lon qilindi
10:56 / 22.12.2024
2024 yil 11 oyda qancha yengil avtomobil ishlab chiqarilgani ma’lum qilindi
15:01 / 17.12.2024
Andijonda fuqarolarning mashinalarini ijaraga olib, ularni yo‘q qilish bilan shug‘ullangan yirik uyushgan guruh ustidan sud boshlandi
21:48 / 23.11.2024