O‘zbekiston | 17:11 / 22.10.2021
43411
7 daqiqa o‘qiladi

«Biz birovga yoqish uchun shirin gaplar gapirmoqchi emasmiz» - Qodirov migrantlarni soliqqa tortish taklifiga izoh berdi

Alisher Qodirov mamlakat haligacha mehnat resurslarini xorijga eksport qilishga majbur ekanini ta'kidlab, mehnat migrantlarini bunga tayyorlab borish kerakligini aytgan.

Foto: "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi

21 oktabr kuni Muqimiy nomidagi musiqali drama teatrida «Milliy tiklanish» partiyasidan O‘zbekiston prezidentligiga nomzod Alisher Qodirov Toshkent shahridagi saylovchilar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Gazeta.uz’ning xabar berishicha, nomzod uchrashuvda o‘zining avvalroq migrantlar masalasida bildirgan fikri ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgani yuzasidan izoh bergan.

«Bu mavzu Andijonda ko‘tarildi. Andijondan qaytib kelganimizdan keyin men xastalanib yotib qoldim. Shu vaqtda oilam, saylov kampaniyasidagi do‘stlarim meni internetdan uzishdi. Lekin o‘zim shu mavzu yuzasidan turli fikrlar bo‘layotganini taxmin qildim», — deydi u.

Alisher Qodirov ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida o‘z munosabati ifodalangan postlar qo‘yishni rejalashtirayotganini aytgan.

«Lekin bir narsani aytishim kerak. Men saylov boshlanishidan oldin ham aytganman — haqiqat og‘ir va achchiq bo‘ladi. Biz yoqish uchun shirin gaplarni gapirmoqchi emasmiz. O‘zbekiston bugun bir qator muammolarni hal qilishi shart. Va shu muammolardan bittasi aynan migratsiya bilan bog‘liq. Men ikkita masalani alohida aytganman migratsiyadan oldin. Biz yaqin 10 yillar ichida mehnat resurslarimizni xorijga eksport qilishga majburmiz. Chunki O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sish darajasi barcha mehnat resurslarimizni O‘zbekistonning ichida ish bilan ta'minlash imkoniyatini bermaydi», — deydi Alisher Qodirov.

Nomzod O‘zbekiston «yaqin mintaqa davlatlar va do‘st bo‘lgan davlatlarning mehnat bozoridagi bo‘shliqlardan samarali foydalanishi kerak»ligini qo‘shimcha qildi.

«Andijonda aytgan fikrlarimning aynan shu qismlari tushib qolgan. Faqat kerakli qismlari olingan, lekin shu gaplar o‘sha yerda ham aytilgan. Men aytyapman, biz hamon mehnat resurslarimizni xorijga eksport qilishga majbur ekanmiz, iqtisodiy holatimiz shuni taqozo qilar ekan, biz mehnat migrantlarimizni muntazam tayyorlab borishimiz kerak. Nimaga? Birinchidan, haq-huquqlarini to‘g‘ri tushunadigan, huquq va majburiyatlarini anglaydigan va ularga rioya qiladigan fuqarolarni tayyorlashimiz kerak. Dunyoning qaysi chekkasida ishlashidan qat'i nazar o‘z haq-huquqlarini anglasin. O‘zining qadriga yetsin. Mana bu bizning asosiy vazifalarimizdan bittasi bo‘lishi kerak.

Ikkinchi masala, men yuqorida aytib o‘tgan masala. Dunyoning qaysi chekkasida ishlasa ham u O‘zbekistonning fuqarosi. U dunyoning qaysi chekkasida ishlashidan qat'i nazar “vatanim”, deb qaytib keladigan joyi, mana shu joy bo‘ladi», — deydi nomzod.

 Foto: "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi

Alisher Qodirov O‘zbekiston pandemiya davrida 100 trln so‘mga yaqin mablag‘ sarf qilganini qo‘shimcha qildi.

«O‘zbekiston fuqarolarini himoya qilish uchun, ularning sog‘ligini tiklash uchun sarflandi. Men bilmayman boshqa bir davlatda mehribonchilik qilib, yotqizib davolanganini. Buni ham noto‘g‘ri tushunmanglar. Masalan, Rossiyada bizning fuqarolar yotqizib davolandi. Biz pul berdik. Biz sharoit yaratdik, fuqarolarimiz izolyatsiyasi uchun pul to‘ladik. Ularning sharoiti uchun O‘zbekiston pul to‘ladi. Mana shu harakatlarning hammasiga 100 trln so‘mga yaqin pul ketdi. Bu O‘zbekistonning mablag‘i. Bu mablag‘ osmondan tushgani yo‘q. Bu mablag‘ O‘zbekiston fuqarolarining to‘lagan soliqlaridan iborat mablag‘lar», — deydi u.

«Milliy tiklanish» partiyasi yetakchisi «O‘zbekiston fuqarosi nafaqat o‘zining qorni, balki O‘zbekiston, deb yashashi kerakligini» ta'kidladi.

«Agar mamlakat zaif bo‘lsa, biz boshqa davlatlarda arzimagan mablag‘lar hisobiga ish qidirib yuraveramiz. Lekin tasavvur qiling, O‘zbekiston qudratli, iqtisodi rivojlangan mamlakat bo‘lsa-chi?

Bugun biz ham vatanparvar bo‘lmasak, ertaga bolalarimiz bizdan ham qiyinroq ahvolga tushadi. Bugun ular migrant bo‘lsa, ertaga ularning bolalari ham migrant bo‘ladi. Biz buni xohlamaymiz-ku.

Tarixda davlatlarning qaysidir avlodi fidoyilikni o‘z zimmasiga olgan. Ayrim narsalardan voz kechib turgan. «Qiynalyapman», deb, dod-voy solib yig‘lamagan. Men yaponlar, nemislarni bekorga misol keltirayotganim yo‘q.

Bizning chekimizga shu narsa tushdi, biz shuni qilishimiz kerak.

O‘zbekistonda ishlayotganlar ko‘p oylik olishayotgani yo‘q. O‘ylab qaralsa xorijga kim ishga ketadi? O‘zbekistonda topayotgan daromadidan ko‘ngli to‘lmagan odam ishga ketadi. O‘zbekistonda bitta o‘qituvchi 3−5 mln so‘m oylik olyapti. Yetyapti, deb o‘ylaysizmi? Albatta, yetmayapti. Shuning uchun xorijga „bundan ko‘proq topaman“, deb ketyapti. Bilaman, u o‘sha davlatga borib, soliq to‘lanyapti. O‘sha davlatlarning taraqqiyoti uchun hissa qo‘shilyapti», deydi nomzod.

Alisher Qodirov shuningdek, agar uni haqorat qilish, so‘kish evaziga O‘zbekiston rivojlansa, u bunga rozi ekanligi haqida gapirgan.

«Bugun xorijda ishlab yurgan bizning fuqaromiz o‘sha davlatdan olayotgan foydasining o‘ziga nisbatan 10 karrasini o‘sha davlatga ko‘proq foyda beryapti. Arzon bo‘lmaganda u davlatlar hech qachon ishlatmagan bo‘lardi. O‘zida ishlamagani uchun ishlatyapti. Meni haqorat qilish mumkin. Lekin O‘zbekistonni rivojlantiraylik. Agar meni haqorat qilish, so‘kish hisobiga O‘zbekiston rivojlanadigan bo‘lsa men roziman», degan u.

Mavzuga oid