“Yo‘l qurilishi yakuniga yetkazilmayotgani sababli ishlar to‘xtab qolgan”. Senatda yana bir bor Toshkentdan Qibrayga ko‘chirilganlar muammosi ko‘tarildi
Senator Qutbiddin Burhonovning ma'lum qilishicha, Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanidan Toshkent viloyatining Qibray tumaniga ko‘chirilgan fuqarolar hamon qiyin sharoitda yashab kelishmoqda. Parlament yuqori palatasiga qilingan murojaatdan so‘ng boshlangan ishlar to‘xtab qolgan.
“Bugungi kunda Toshkent viloyati Qibray tumanida Toshkent shahridan ko‘chirilgan aholi uchun ajratilgan hududda avtomobil yo‘li, gaz, elektr energiya, suv, kanalizatsiya tarmoqlari bilan bog‘liq muammolarni bartaraf qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar Senatning alohida nazoratiga olingan.
Kuni kecha ushbu hududda olib borilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida joyiga chiqib o‘rganganimizda avtomobil yo‘li qurilishi sustlashganiga guvoh bo‘ldik. Sababi so‘ralganda esa qurilish ishlari Avtomobil yo‘llari qo‘mitasidan yetarli darajada moliyalashtirilmayotgani ma'lum qilindi. Ushbu muammoni sovuq kunlar kelgunga qadar, ikki hafta muddatda bartaraf etish choralarini ko‘rib, natijasi yuzasidan Senatga axborot berilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Chunki ushbu hududda avtomobil yo‘lini qurish ishlari yakuniga yetkazilmayotgani sababli gaz va ichimlik suv quvurlarini tortishda, elektr uchun simyog‘ochlarni o‘rnatishda muammolar yuzaga kelmoqda”, – deya senator Qutbiddin Burhonovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Abdurahmon Abduvaliyev Toshkent shahridan ko‘chirilgan fuqarolar yashayotgan Do‘rmon qishlog‘ida yo‘l qurilishi reja asosida ketayotganini ta'kidlab, hududga suv quvurlarini tortish yo‘l qurilishi oxiriga yetkazilishiga qarab turganini rad etdi.
“Ushbu masalani hal qilish moliyalashtirishga borib taqalishi to‘g‘ri. Lekin ishlar belgilangan jadval bo‘yicha ketyapti, nima qilib bo‘lsa ham bu masalani hal qilishni zimmamizga olamiz. Belgilangan muddatda yo‘l qurish ishlari yakuniga yetkaziladi, bu borada hech qanday muammo bo‘lmaydi. Shu paytgacha bajarilgan ishlar uchun Toshkent viloyatidan va boshqa manbalarda olishimiz kerak bo‘lgan mablag‘lar bor, shu bo‘yicha moliyaviy qiyinchilikka uchrab turibmiz.
U yerga allaqachon ichimlik suv o‘tkazilgan. Bu masala bizga qarab qolgani noto‘g‘ri. Aksincha, mazkur hududga tortib borilgan ichimlik suv quvurining oxiriga yetmagan joyi bor. Shuning uchun ham biznikilar to‘xtab qolishgan. O‘rganuvchilar borishgan paytda moliyalashtirish bilan bog‘liq muammoni ham aytishgan bo‘lishsa kerak. Ushbu masalalarning barchasini hal qilib, bu haqda qo‘shimcha axborot taqdim etamiz”, – deydi Abdurahmon Abduvaliyev.
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisining so‘zlariga e'tiroz bildirib, uni axborot berayotganda dalillarga asoslanib ma'lumot berishga chaqirdi.
“Vazirlar Mahkamasi tomonidan bundan bir yarim yil ilgari chiqarilgan qarorga ko‘ra poytaxtdan Qibray tumani Do‘rmon qishlog‘iga ko‘chirilganlar allaqachon elektr, gaz, suv va boshqa tarmoqlarga ulab berilishi kerak edi. Ammo bir yarim yil ichida bu ishlar umuman bajarilmagan. Umuman. Bu borada Senatga, rais nomiga juda ko‘pchilik murojaat qilganidan so‘ng rahbariyat topshirig‘i bilan Qibray tumaniga borib, rahbarlarni, vazir o‘rinbosarlarini chaqirib masalani joyida muhokama qilganimizdan keyin ish boshlandi.
Avtomobil yo‘li qurilishi juda yaxshi ketayotgandi. Katta texnikalar jalb etildi. Ancha ishlar qilindi, lekin yakuniga yetmasdan qurilish ishlari to‘xtab qolgan. Shuning uchun bu masala rahbariyatning doimiy nazoratida bo‘lishi kerak va axborot berayotganda dalillarga asoslanib ma'lumot berish kerak bo‘ladi”, – deya ta'kidlagan Qutbiddin Burhonov.
Mirzo Ulug‘bek tumani O‘qituvchilar ko‘chasida joylashgan turar joy binolari davlat ehtiyojlari uchun olinishi sababli u yerda yashovchi aholi Toshkent viloyati Qibray tumani Do‘rmon qishlog‘iga ko‘chirilgani ortidan yuzaga kelayotgan muammolar, jumladan, bir yildan oshiqroq vaqt davomida elektr, gaz, suv va boshqa tarmoqlar ulab berilmagani tufayli birlamchi sharoitlarsiz yashayotgan yuzdan ortiq xonadon ahli Oliy Majlis Senatiga shikoyat yo‘llagan, senatorlar tomonidan holat o‘rganilib, fuqarolarning shikoyatlari asosli ekani ma'lum bo‘lgandi.
Qibray tuman hokimligida mazkur hududdagi muammolar yechimi bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev hududning qurilish rejasi bo‘lmasa, elektr ham, gaz va suv ham ulab bo‘lmasligini aytgandi. Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri o‘rinbosari Nazirjon Nazirov ham bosh rejasiz ish qilib bo‘lmasligini ta'kidlagandi.
Senatorlar Toshkent viloyati hokimligiga mazkur hudud bosh rejasini ishlab chiqishi uchun 10 kun muhlat bergan, mutasaddilar esa hudud bosh rejasi tasdiqlanishi bilan barcha tarmoqlarni ulash va aholiga zarur sharoitlarni yaratish ishlari boshlab yuborilishini va'da qilishgan edi.
Parlament yuqori palatasi tomonidan tashkil etilgan ishchi guruh 27 sentabr kuni ushbu hududda olib borilayotgan ishlar bilan tanishganda, 1,5-2 kmga yaqin masofada ichimlik suv uchun quvur yotqizilgani, uy kadastr hujjatlari tayyor bo‘lgan xonadonlar tabiiy gazga ulab berilgani, mahalla hududidan o‘tuvchi avtoyo‘lni qurish ishlari boshlab yuborilgani ma'lum bo‘lgan.
Senatning 29 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida Mirzo Ulug‘bek tumani O‘qituvchilar ko‘chasida yashovchi aholini o‘sha paytda Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari sifatida Toshkent viloyatiga ko‘chirishda bosh-qosh bo‘lgan, bugungi kunda esa Toshkent viloyati hokimi bo‘lib ishlayotgan Davron Hidoyatovga sovuq kunlar kelgunicha viloyatdagi mutasaddi idoralarni jalb qilgan holda Do‘rmon qishlog‘ida boshlangan ishlarni yakuniga yetkazish choralarini ko‘rish uchun ikki oy muhlat berilgandi.
Mavzuga oid
09:26 / 10.12.2024
Qibraydagi osh markazida yirik yong‘in sodir bo‘ldi
21:00 / 30.09.2024
«Selxoz» hududida yirik yong‘in ro‘y berdi
21:58 / 21.05.2024
Qibrayda yangi chiqindi poligoni quriladi
08:21 / 24.02.2024