Jahon | 10:42 / 27.10.2021
22948
4 daqiqa o‘qiladi

Angela Merkel endi kansler emas. Germaniya prezidenti unga vakolat muddati yakunlanganini aytdi

Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer 26 oktabr kuni kechqurun kansler Angela Merkelga uning kanslerlik vakolati muddati yakunlangani to‘g‘risida rasmiy xabarnoma topshirdi. Endi, sentabr oyida bo‘lib o‘tgan saylovlar natijalari bo‘yicha yangi hukumat shakllantirilgunga qadar Merkel mamlakatni vazifa bajaruvchisi maqomida boshqarib turadi. Merkel Germaniyani 15 yilu 338 kun boshqardi; agar uning o‘rinbosari kim bo‘lishi 19 dekabrgacha ham tasdiqlanmasa, u mamlakatning yangi tarixida eng uzoq muddat davomida hukumatni boshqargan Helmut Kolning rekordini yangilaydi. Mamlakatning yangi kansleri Sotsial-demokratlar partiyasi yetakchisi Olaf Shols bo‘lishi kutilmoqda, u so‘nggi uch yil davomida hukumatda vitse-kansler lavozimida ishlagan. Merkel yana ko‘p yillar davomida Germaniya kansleri bo‘lib qolishi ham mumkin edi, ammo u 2020 yilda navbatdagi saylovlardan keyin iste'foga chiqishini ma'lum qilgandi.

Foto: Hannibal Hanschke / Reuters / Scanpix / LETA

Germaniyada o‘tgan parlament saylovlaridan roppa-rosa bir oy o‘tgach, 26 oktyabrda bundestagning yangi tarkibi ilk yig‘ilishini o‘tkazdi. Shu kuni mamlakat kansleri Angela Merkelning vakolatlari muddati rasman yakunlandi. Biroq u yangi kansler saylanguncha ushbu lavozimda qoladi. Buni Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer iltimos qilgan.

Shtaynmayyer Merkelga vakolatlari tugagani haqidagi hujjatni topshirdi hamda unga va u boshchiligidagi hukumatga minnatdorlik bildirdi. Germaniya prezidenti Merkelning kanslerlik davrini “Germaniya tarixidagi buyuk kunlar” deb atadi.

“Siz, hurmatli kansler xonim, qadrdon Angela Merkel uchun hukumatdagi 16 yillik rahbarlik tugamoqda. Sizga bu 16 yil, inqirozlar va silsilalarga to‘la davrda mamlakatimizni o‘z ortingizdan ergashtira olganingiz uchun minnatdorlik bildiramiz. Bu jiddiy, ham moliyaviy, ham iqtisodiy inqirozlar, yevro inqirozi, koronavirus inqirozi yillari bo‘ldi. Siz, avvalambor, fuqarolar ishonchini qozona oldingiz”, deb aytgan Shtaynmayyer.

Merkel Germaniya kansleri lavozimini 2005 yildan beri egallab kelayotgandi.

Germaniya konstitutsiyasida federal prezident yangi kansler tayinlanmaguncha amaldagi kansler va uning hukumatidan o‘z ishini davom ettirishini so‘rashi mumkinligi ko‘zda tutilgan. Bunday holatda kansler ham, vazirlar ham prezidentning iltimosiga rad javobi bera olmaydi.

Yangi chaqiriqdagi bundestag o‘ziga raisni tanladi. Ushbu lavozimni demokrat Berbel Bass egalladi. Uning nomzodiga 576 deputat ovoz bergan, 90 nafari qarshi chiqqan, 58 deputat esa betaraflik bildirgan.

53 yoshli Bass mamlakat tarixida parlament raisi lavozimini egallagan uchinchi ayolga aylandi. U 2009 yildan beri bundestag deputati hisoblanadi.

26 sentyabrda Germaniyada o‘tgan saylovlarda 25,7 foiz ovoz bilan Germaniya sotsial-demokratik partiyasi g‘alaba qozongandi. 2-o‘rinni Merkelning Xristian-demokratik va Xristian-sotsialistik ittifoqlar bloki egallagan.

Germaniyada odatda parlament saylovlarida g‘alaba qozongan partiya nomzodi kansler lavozimini egallaydi. Ayni vaqtda ushbu lavozimga Germaniya sotsial-demokratik partiyasidan Olaf Shols hamda Xristian-demokratik va Xristian-sotsialistik ittifoqlar blokidan Armin Lashet asosiy da'vogar hisoblanadi.

Hozirda Germaniya sotsial-demokratik, Erkin demokratik va “Yashillar” partiyalari hukmron koalitsiyani tuzish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Ehtimollarga ko‘ra, yangi kansler dekabrda tayinlanadi. O‘shanda amaldagi hukumat butkul o‘z vakolatlarini topshiradi. Agar yangi hukumatni shakllantirish 17 dekabrdan cho‘zilib ketsa, unda Merkel Germaniya hukumatiga rahbarlik qilish davomiyligi bo‘yicha sobiq kansler Gelmut Kol rekordini yangilaydi.

Mavzuga oid