Jamiyat | 16:56 / 27.10.2021
5902
2 daqiqa o‘qiladi

MSK prezident sayloviga doir batafsil ma'lumotlar haligacha ochiqlanmayotganiga izoh berdi

Markaziy saylov komissiyasi Saylov kodeksining 97-moddasiga asosan, prezident saylovi yakunlariga ko‘ra MSK qarori saylovdan keyin o‘n kundan kechiktirmay qabul qilinishini va mazkur qaror tashkilot rasmiy veb-sayti hamda boshqa manbalarda e'lon qilinishini bildirdi.

Rasmiy bayonotda Markaziy saylov komissiyasining O‘zbekiston prezidenti saylovi yakunlariga bag‘ishlangan majlisi joriy yilning 29 oktyabriga rejalashtirilgani aytiladi. Majlisda tegishli qaror qabul qilingandan so‘ng saylov yakunlari va ovoz berish natijalariga oid ma'lumotlar e'lon qilinishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil 25 oktabr kuni Markaziy saylov komissiyasi 24 oktyabrdagi prezident saylovida ovoz berishning dastlabki natijalari jamoatchilikka ma'lum qilgan edi.

Lekin oradan bir necha kun o‘tgan bo‘lishiga qaramay, saylov okruglari va uchastkalari bo‘ylab ovozlar soni, nomzodlarga qancha saylovchi ovoz berganiga va yaroqsiz deb topilgan byulletenlar soniga doir raqamlar e'lon qilinmayapti.

Shuningdek, saylov kampaniyasi e'lon qilinganidan buyon saylovchilarning umumiy soni yuzasidan ham turli raqamlar aytilmoqda. 

Mavzuga oid