Jamiyat | 15:09 / 28.10.2021
9421
3 daqiqa o‘qiladi

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlar uchun ishonch telefoni va botni ishga tushirdi

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tizimdagi xotin-qizlar zo‘ravonlikning turli ko‘rinishlariga duch kelganda murojaaat qilishlari uchun 1006 ishonch telefoni hamda @himoya_otv_bot’ni ishga tushirdi. Bu haqda vazirlik rasmiy saytida ma'lum qilindi.

“Agar siz ta'lim olayotgan yoki mehnat qilayotgan oliygoh, professional ta'lim muassasasida sizga nisbatan biron-bir ko‘rinishda tegajaklik, tazyiq yoki zo‘ravonlik sodir etilgan bo‘lsa yoxud ana shunday nojo‘ya xatti-harakatlar tahdidi ostida bo‘lsangiz yoki guvohi bo‘lgan bo‘lsangiz, hech ikkilanmay Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining 1006 ishonch telefoniga yoki @himoya_otv_bot’ga murojaat qiling”, – deyiladi xabarda.

Ta'kidlanishicha, xabar beruvchining shaxsi va shaxsiy ma'lumotlari sir saqlanishi kafolatlanadi va jabrlanuvchiga zarur bo‘lgan barcha yordam ko‘rsatiladi, nojo‘ya xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik, sodir etilgan har bir holat bo‘yicha qat'iy choralar ko‘rilishi ta'minlanadi.

Ma'lumot uchun, zo‘ravonlikning turli ko‘rinishiga duch kelganda murojaat qilish uchun respublika bo‘ylab yagona raqam – Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining 1146 ishonch telefoni ham mavjud. Bundan tashqari zo‘ravonlikdan jabr ko‘rganlar uchun Najot ilovasi orqali har bir viloyatdagi reabilitatsiya markazlariga bog‘lanish kerak bo‘ladi.

Shuningdek, «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan har bir xotin-qiz tegishli organlarga yoki sudga murojaat etish huquqiga ega. Agar oilaviy munosabatlar sabab tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan ayol sudga murojaat qilsa undan davlat boji undirilmaydi.

Mavzuga oid