Jamiyat | 16:54 / 02.11.2021
21167
6 daqiqa o‘qiladi

Muolajaga o‘zbekcha yondashuv: uyda «ukol» olish doim ham foydali emasligi haqida

Angrenda 11 yashar qizning «Tseftriakson» dori vositasidan yuzaga kelgan allergik reaksiya tufayli o‘limi ko‘pchilikni larzaga soldi. Beg‘ubor bir go‘dak nobud bo‘ldi. Ona bolasidan ayrilgani yetmaganidek endi butun umr qilgan xatosi haqida o‘ylashga majbur bo‘ladi.

Foto: Allergy.org.ua/Kun.uz

Bemor qizaloqqa «ukol» uy sharoitida qilingani va dori vositasi hech qanday sinamasiz (probasiz) yuborilgani ma'lum bo‘ldi. Bolaning yaqinlari u avval ham shu preparatdan qabul qilgani va nojo‘ya holat kuzatilmaganini aytishdi, ammo baribir «ukol» qilishdek muhim muolaja, buning ustiga yosh bolaga, shifokor nazoratisiz o‘tgani to‘g‘ri emas.

Afsuski, bu kabi holatlar kam uchraydi, deb bo‘lmaydi. Dunyoda anafilaktik shok tufayli har yili minglab odam nobud bo‘ladi. Dori vositalarini qabul qilishda bizning munosabatimiz ham havas qilarli emas...

Anafilaktik shok atamasini rus-fransuz olimlari Aleksandr Bezredka va Sharl Rishe muomalaga kiritgan hamda bu holatni batafsil o‘rganganlari uchun olimlarga 1913 yilda fiziologiya va meditsina yo‘nalishida Nobel mukofoti berilgan. Bugun dunyo bo‘ylab yiliga har 100 ming odamga taxminan 5 ta anafilaktik shok holati to‘g‘ri keladi. Bu ko‘rsatkich keskin oshgan yillar ham bo‘lgan. 1980-yillarda har 100 ming odamga 20 ta, 1990-yillarda hatto 50 tagacha holat to‘g‘ri kelgan. Bu qadar keskin o‘sish sababi sifatida asosan oziq-ovqat allergiyasi ko‘riladi. Anafilaktik shokka olib keluvchi allergiyaga asosan ayollar va yosh yigitlar moyil bo‘ladi.

O‘tmishda anafilaktik shokning asosiy sababchisi organizmga tabiiy zaharning (ilon zahri, zaharli yegulik) tushishi bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib dori vositalaridan kuchli allergik reaksiya tobora ko‘proq kuzatilmoqda. Bu ham inson organizmining kimyoviy moddalarga o‘ziga xos javobi bilan izohlanadi. Dori vositalari tufayli kelib chiqqan allergiya bu ikkilamchi reaksiyadir. Ya'ni organizm qachondir bu vositani «eslab qolgan» bo‘ladi-da, uning qayta qabul qilinishi tezkor va jiddiy reaksiyaga sabab bo‘ladi.

Allergiya va uning ortidan anafilaktik shok holatlarining e'tiborga molik jihati shundaki, ular 10 va hatto 20 foizgacha holatlarda o‘lim bilan yakunlanadi!

Keskin allergiya chaqiruvchi dori vositalari orasida antibiotiklar o‘ziga xos yetakchi. Bunda bir necha soniyadan boshlab bir necha soatgacha vaqt orasida belgilar yuzaga kelishi mumkin. Bemorning badanida ko‘karishlar, shilliq qavatida qizarishlar, shishlar va bo‘g‘ilish kabi yaqqol belgilar paydo bo‘ladi. Bemorning ahvoli shu qadar shiddat bilan yomonlashadiki, ko‘p hollarda shifoxonaga yetib bormay yoki tez yordam kelguniga qadar bir necha daqiqa ichida yuragi urishdan to‘xtab qolishi mumkin.

O‘zbekistonda ham anafilaktik shok yuzaga kelishi bo‘yicha jiddiy xavf mavjud va deyarli barcha bu jarayonga aloqador. Chunki juda ko‘pchilik kimdandir eshitgan dorisini dorixonadan hech qanday retsepsiz sotib olishi mumkin. Shprits, qo‘shimcha eritmalarni olishda ham biror muammo yo‘q. Eng qizig‘i – hammaning hamshira tanishi yoki qo‘lidan inʼeksiya qilish keladigan qarindoshi bor. Eski tajribaga ko‘ra dori darhol tortiladi va bemorga shartta ukol qilib yuborilaveradi.

Bu esa zamonaviy tibbiyot talablariga ko‘ra dahshatning o‘zginasi. Rivojlangan davlatlar meditsinasi tibbiy vakolati bo‘lmagan odamning uy sharoitida, yana sinamalarsiz (probasiz) ukol qilishini tasavvur ham qila olmaydi. Chunki har qanday inʼeksiya, ayniqsa, antibiotiklar jo‘natish ancha murakkab jarayon va uni statsionardan boshqa joyda bajarish mumkin emas.

Shu o‘rinda ko‘pchilikni sinamalar qanday qilinishi qiziqtirishi mumkin. Aslida buni o‘rgatish ham noto‘g‘ri, chunki sinamalar qanday qilinishi bilib olish bilan bemalol ukol qilaverish mumkin, degan tasavvur o‘yg‘onmasligi kerak. Lekin eng zarur sharoitlardagina, boshqa iloj qolmaganida bajarish uchun eslab qolish mumkin.

Eng oson sinamalar terini qirish yoki dori vositasini teri ichiga yuborish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Buning uchun avvalo bemor bu dori vositasini qabul qilgan-qilmagani, qabul qilganida qanday reaksiya bergani surishtiriladi. Agar oldin reaksiya kuzatilgan bo‘lsa, har qancha zarurat bo‘lmasin, inʼeksiya qilishni to‘xtatish, zudlik bilan bemorni statsionar sharoitdagi kasalxonaga olib borish zarur.

Agar oldin bemorda salbiy reaksiya kuzatilmagan bo‘lsa, eng ko‘p tarqalgan usul qo‘llanadi: dori vositasini maksimal oz miqdorda, ignaning uchini kiritgan holda teri ichiga jo‘natish va o‘rtacha 20 minut kuzatish zarur. Agar dori kiritilgan joyda qattiq qichishish, shish, qizarish yoki og‘riq kabi belgilar paydo bo‘lsa, inʼeksiya qilish to‘xtatiladi. Shu bilan birga igna uchi bilan terining ma'lum qismi qirilib, doridan bir tomchi tomizilishi hamda reaksiya kuzatilishi mumkin. Lekin bu usul kam qo‘llaniladi.

Eng muhim jihat – jiddiy muolaja sifatida qaraladigan «ukol qilish»ga hozirgi yondashuvimizni butunlay o‘zgartirishimiz shart. Angrendagi holat hammaga saboq bo‘lishi lozim. Kimgadir yordam berish istagi jiddiy javobgarlikka sabab bo‘lish bilan birga butun umrlik vijdon azobiga ham sabab bo‘lishi mumkin.

Abror Zohidov

Mavzuga oid