Talabalar bir oyda o‘rtacha qancha pul sarflaydi? - kichik so‘rovnoma
Nega talabalik «oltin davr» deb ta'riflanadi? Kursdoshlar bilan o‘tkazilgan vaqt yoki oliygohda olingan bilimlar uchunmi? Balki, talabaning chiqimlari oltinga mengzalgandir? Ayniqsa, viloyatdan Toshkentda kelib o‘qiyotganlarning xarajatlari...
Kun.uz tahririyati poytaxtda o‘qiydigan talabalarning birlamchi xarajatlarga bir oyda qancha pul sarflashlarini aniqlash maqsadida kichik so‘rovnoma o‘tkazdi. Unda turli oliy ta'lim muassasalari talabalari ishtirok etishdi. Ularga quyidagi savollar bilan murojaat qilindi:
1. Bir oyda ijara uchun qancha to‘lov qilasiz?
2. Oziq-ovqat va tushlik uchun qancha pul sarflaysiz?
3. Avtotransport va aloqa xizmatlariga qancha pul ishlatasiz?
Hozirgi kunda Toshkent shahrida o‘rtacha ikki xonali uyni 4–6 kishi 200–300 dollarga ijaraga olish mumkin. Shunda bir kishiga o‘rtacha bir oylik yashash 50 dollarga tushadi. Bu 535 ming so‘m degani.
Endi talabaning bir kunlik chiqimini hisoblasak.
Bir kunda o‘qishga borib kelishi uchun 2800 so‘m (faqat bitta transportda qatnaganda) sarflaydi. To‘g‘ri ovqatlanish tartibiga rioya qilinsa, ertalabki nonushta uchun 15 ming so‘m, tushlik uchun 20 ming so‘m, kechki ovqatga esa 25 ming so‘m pul sarflanadi. Shunda bir kunda 62,8 ming so‘m chiqim qilinyapti. Bu bir oyga ko‘paytirilsa — 1 mln 884 ming so‘m degani. Kvartira puli bilan esa 2 mln 419 ming so‘mni tashkil etadi. Bu taxminiy hisob-kitoblar.
Endi talabalarning bir oylik real xarajatlari bilan tanishing. O‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, talabalarning bir oylik ijara to‘lovlari ko‘pi bilan 642 ming so‘mni, eng kam miqdorda esa 135 ming so‘mni (TTJ uchun) tashkil etmoqda. Bir oylik oziq-ovqat va tushlik uchun talabalar eng kamida 240 ming so‘m sarflashsa, boshqalar 1,5 mln so‘mgacha pul ishlatishadi. Aloqa va internet uchun har oylik to‘lovlarning minimal miqdori 17 ming so‘m, maksimal miqdori esa 100 ming so‘m. Transport xizmatlari uchun eng kamida 63 ming so‘m yo‘l haqi to‘lanadi. Avtobus va metrodan tashqari, taksidan foydalanuvchilar 500 ming so‘mgacha xarajat qilishadi.
Umumiy hisobda ularning o‘rtacha miqdori quyidagicha:
1. Ijara to‘lovi: 535 ming so‘m;
2. Oziq-ovqat va tushlik uchun xarajat: 500 ming so‘m;
3. Aloqa vositalari uchun to‘lov: 50 ming so‘m;
4. Yo‘l haqi: 83 ming so‘m.
Shuningdek, so‘rovnomada talabalarning qo‘shimcha xarajatlari ham o‘rganildi. Ular asosiy xarajatlardan tashqari, turli til o‘rganish kurslariga, kiyim-kechaklar va aksessuarlar sotib olishga ham pul sarflashadi. Shunga ko‘ra, birlamchi va ikkilamchi xarajatlarni qo‘shib hisoblaganda, eng kamchiqim talaba bir oyda 1 mln so‘m, eng ko‘p xarajat qiluvchi talaba esa 6 mln so‘m atrofida pul ishlatadi. O‘rtacha xarajat qiluvchilarga bir oy uchun 2 mln so‘m yetarli bo‘ladi.
Qo‘shimcha qilib aytish mumkinki, talabalar orasida allaqachon o‘z sohasi bo‘yicha ish boshlagan va yaxshigina daromad olayotganlar bor. Ular boshqalarga nisbatan ko‘proq xarajat qilishadi.
Javohirbek Tursunov tayyorladi.
Mavzuga oid
17:35 / 02.12.2024
So‘rovnoma: Uyni isitishga necha pul sarflaysiz?
17:03 / 29.10.2024
Yevropaliklar uy-joyga pul to‘lash uchun oziq-ovqat xarajatlarini kamaytirishga majbur bo‘lmoqda - so‘rovnoma
20:31 / 14.10.2024
Rossiya aholisi mamlakatdagi migrantlar sonini juda ko‘p deb hisoblamoqda
17:04 / 04.09.2023