O‘zbekiston | 16:36 / 04.11.2021
12429
2 daqiqa o‘qiladi

Ekoqo‘mita Parkentdagi sherlar bilan bog‘liq holat bo‘yicha rasmiy ma'lumot berdi

Ekologiya qo‘mitasi Toshkent viloyati Parkent tumanidagi xonadonlarning birida Afrika sher bolasining saqlanayotgani, ahvoli qoniqarli emasligi bilan bog‘liq xabarni o‘rganib chiqdi.

Foto: ekologuz

Qo‘mita ma'lumotiga ko‘ra, 2019 yil 10 oktabr kuni fuqaro X.A.ga yovvoyi hayvonlar saqlanadigan va ko‘paytiriladigan pitomnik, shuningdek, zoologiya kolleksiyalarini hisobga qo‘yish to‘g‘risida guvohnoma rasmiylashtirilgan. Yovvoyi hayvonlarni saqlash va ko‘paytirish bo‘yicha “Wildlife” MChJ pitomnigi Toshkent viloyatining “Bog‘ishamol” dala hovli hududida joylashgan.  

Pitomnik rahbari Afrika sherlari (1 dona erkak va 1 dona urg‘ochi) 2020 yilning 3 oktabr kuni Andijon viloyatining Marhamat tumanidagi “Shou panda arena” havaskorlik sirk guruhi rahbari bilan shartnoma tuzilib, sotib olingan. 
        
“Pitomnikda saqlanayotgan yovvoyi hayvonlar bo‘yicha Davlat ekologiya qo‘mitasiga 2021 yilning yanvar oyida taqdim etilgan hisobotga muvofiq, sherlar 2017 yilda tug‘ilgan, ozuqa ratsioniga go‘sht, tuxum va turli vitaminlar belgilangan. Ular o‘z vaqtida beriladi. Erkak jinsli sherning vazni 230 kg, urg‘ochi sherning vazni 170 kg, yovvoyi hayvonlarga emlash ishlari muddatida olib borilgan hamda ularning umumiy ahvoli yaxshi.
         
Shuningdek, “Wildlife” MChJ rahbari bilan muloqot davomida joriy yilning 8 sentabr kuni zoopitomnikda 1 bosh sher bolasi o‘ng ko‘z kataraktasi bilan tug‘ilganligi hamda maxsus muolajalarning o‘z vaqtida olib borilishi ma'lum bo‘ldi”, deyiladi ma'lumotda.

Qo‘mitaning bildirishicha, sherlarning ochiq havoda aylanishi uchun qo‘shimcha 24 metr-kvadrat maydonga ega mustahkam panjarali usti berk valer tashkil etilgan.

Avvalroq, Toshkent viloyatidagi xonadonlardan birida sherlar boqilayotgani ma'lum bo‘lgandi.

Mavzuga oid