O‘zbekiston | 16:25 / 17.12.2024
36905
2 daqiqa o‘qiladi

Parkentdagi hayvonot bog‘ida sherlar qorovulni o‘ldirdi

Holat yuzasidan prokuratura tomonidan mutaxassislar ishtirokida tekshirish harakatlari olib borilmoqda.

Foto: Kun.uz

17 dekabr kuni Toshkent viloyati Parkent tumanidagi Lion park xususiy hayvonot bog‘ida qafasidan chiqib ketgan sherlar qorovulga hujum qilib, uni o‘ldirdi.

Viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasi bergan xabarga ko‘ra, holat soat 05:00 atrofida sodir bo‘lgan. Bir qafasda saqlanayotgan uchta sher qafasdan bog‘ hovlisiga chiqib ketgan. Voqea vaqtida maskan tashrif buyuruvchilar uchun yopiq bo‘lgan.

Hovlidagi sherlar shu yerda qorovul bo‘lib ishlovchi 44 yoshli F.I.ga tashlanib unga jarohat yetkazgan. Fuqaro olgan tan jarohati oqibatida vafot etgan. U hayvonlarni kattakka qaytarmoqchi bo‘lgan.

«Ko‘rilgan choralar natijasida sherlar maxsus qafasga qaytarilgan. Atrofdagi boshqa shaxslarga zarar yetmagan. Hozirda mahalliy aholi uchun xavf-xatar yo‘q», — deyiladi IIBB xabarida.

Bosh prokuratura matbuot xizmati Kun.uz’ga xabar qilishicha, 2 ta sher uxlatuvchi dori vositalar qo‘llangan holda katakka qaytarilgan. Uchinchisi mahalliy ovchi tomonidan otib o‘ldirilgan.

Shuningdek, parkda mavjud bo‘lgan barcha yirtqich hayvonlar sanoqdan o‘tkazilib, ular joy-joyida ekani va kataklar maqkamlangan holdaligiga ishonch hosil qilingan.

Holat yuzasidan Parkent tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Natijasi haqida qo‘shimcha xabar beriladi.

Mavzuga oid