Jahon | 09:18 / 05.11.2021
4865
3 daqiqa o‘qiladi

5 noyabr – Butunjahon sunami haqida xabardorlik kuni

So‘nggi 100 yil ichida 58ta sunami natijasida 260 ming kishi halok bo‘lgan. Har bir hodisaga o‘rtacha 4600 kishi to‘g‘ri keladi. Bu esa boshqa tabiiy ofatlar bilan taqqoslaganda eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Foto: Getty Images

2021 yilda Butunjahon sunami haqida xabardorlik kuni Senday dasturining yettita global vazifalardan biriga bag‘ishlangan. Unga ko‘ra, rivojlanayotgan mamlakatlarga yetarli va uzluksiz ko‘mak ko‘rsatish orqali xalqaro hamkorlikni kengaytirish maqsad qilingan.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2030 yilga borib dunyo aholisining 50 foizi suv toshqinlari, bo‘ron va sunami sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan qirg‘oq bo‘yi hududlarda yashaydi. Rivojlanayotgan mamlakatlarga xalqaro hamkorlikni kengaytirish 2030 yilga borib xavfga uchrash ehtimoli mavjud hamjamiyatlarning sunamilarga tayyor va barqaror bo‘lishini ta'minlashda yordam beradi.

2015 yilda Bosh Assambleya 5 noyabr Butunjahon sunami haqida xabardorlik kuni deb e'lon qilingan rezolyutsiyani qabul qildi. Bosh Assambleya barcha mamlakatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, shuningdek, fuqarolik jamiyatini sunami xavfi haqida xabardorlikni oshirish va halokatlar xavfini kamaytirish bo‘yicha olib borilgan ilg‘or harakatlar bilan bo‘lishishga chaqirdi.

Mazkur kunni e'lon qilish tashabbusi Yaponiyaga tegishli. U tabiiy ofatlardan erta ogohlantirish, falokat zarbalaridan keyin tiklanish, shuningdek, bo‘lajak halokatlar xavfini kamaytirish sohasida ulkan tajribaga ega.

Asosiy ma'lumotlar

Tsunami – kamdan kam uchraydi, biroq falokatli tabiiy ofatlardan biri. So‘nggi 100 yil ichida 58ta sunami natijasida 260 ming kishi halok bo‘lgan. Har bir hodisaga o‘rtacha 4600 kishi to‘g‘ri keladi. Bu esa boshqa tabiiy ofatlarga qaraganda eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. 2004 yilning dekabr oyida Hind okeanida bo‘lgan sunami natijasida eng ko‘p odam –  14ta mamlakatda 227 ming kishi halok bo‘lgan. Indoneziya, Shri-Lanka, Hindiston va Tayland aholisi eng ko‘p jabr ko‘rgan.

Ana shu falokatdan uch hafta o‘tgach, xalqaro hamjamiyat vakillari Yaponiyaning Kobe shahrida yig‘ilib, 2005-2015 yillar uchun Xiog doiraviy harakatlar dasturini qabul qilishdi. Bu hujjat tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish sohasida ilk global kelishuvga aylandi.

Tsunami o‘zi nima?

“Tsunami” so‘zi ikkita yaponcha so‘zlar “tsu” (bandargoh, port) va “nami” (to‘lqin) so‘zlaridan kelib chiqqan. Ko‘p hollarda sunami zilzila tufayli yuzaga keladi. Okean yaqinida yoki okeanning tubida, inson faoliyati tufayli yuzaga keladigan yirik portlashlar yoki meteoritlarning qulashi ham sunamini yuzaga keltiradigan hodisalardan hisoblanadi.

Mavzuga oid