«GAI»da navbatdagi tartibsizlik: Samarqandda avtomashinalarga «texpasport» berilmayapti, jarima bildirishnomalari jo‘natilmayapti
Qariyb yarim yildan buyon Samarqand viloyat IIB YHXBda rasmiylashtirilayotgan avtotransport vositalariga transport vositalarini qayddan o‘tkazish guvohnomasi («texpasport») o‘rniga ikki varaq qog‘oz berilmoqda.
Samarqand viloyatida «GAI»lar XXI asr — kompyuterlar, texnika va taraqqiyot asridan «eson-omon» XX asr — ruchka, qog‘oz-qalam va cho‘t bilan ishlashga o‘tishdi.
Avtotransport vositasi xarid qilgan minglab fuqarolarning avtomashinalari qonunchilikda belgilangan tarzda rasmiylashtirilmayapti va bazaga kiritilmayapti.
Mashina egalariga taqdim etilayotgan, qog‘ozda ruchka bilan yozib berilayotgan vaqtinchalik «texpasport» muddati ikki oyga mo‘ljallangan bo‘lsa-da, fuqarolar orasida olti oydan buyon yangi namunadagi kartochkali «texpasport» ololmay yurganlar bor. Bu orada ular uch marta «GAI» idorasiga sarson bo‘lib kelib ketishgan. Ularning qo‘lidagi qog‘ozga faqat muddatni uzaytirish to‘g‘risida yozuv kiritib berilgan.
Aytaylik, kimdir avtomashinasini garovga qo‘yishi yoki ijara shartnomasi tuzib, notariusdan o‘tkazishi kerak. Ana shunday paytda bu juda katta muammo keltirib chiqarmoqda.
DYHXX bu borada shu paytgacha haydovchilarga biror ogohlantirish bergani yoki oldindan uzr so‘ragani kuzatilmagan.
Vaziyatni kuzatgan fuqarolarning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, eng hayratlanarli jihati — «texpasport» kimlargadir berilmoqda. Albatta, tanish-bilishchilik va ma'lum bir «muomalalar» evaziga. Demak, uni berish uchun texnik imkoniyat bor.
Kun.uz manbasining ma'lum qilishicha, ayni kunlarda DYHXXning jarimalarni qayd etish bazasi ham ishlamayapti. Qayd etilgan jarimalarni undirish uchun ijro ishi ochilmayapti.
Tahririyatga murojaat qilganlardan biri so‘nggi to‘rt oy ichida 15taga yaqin qoidabuzarlik kameralar orqali qayd etilgani, biroq ulardan birortasi SMS yoki boshqa yo‘l bilan bildirilmaganini aytib o‘tdi.
Haydovchining so‘zlariga ko‘ra, uni qoidabuzarlik uchun to‘xtatgan YPX inspektori qo‘lidagi planshetdan qoidabuzarliklarini ko‘rsatib bergan. U o‘zining uyali aloqa telefoniga o‘rnatgan Road24 mobil ilovasida ham qoidabuzarliklar ko‘rsatilmaganini aytib o‘tdi.
Boz ustiga, unga qoidabuzarlik o‘z vaqtida ma'lum qilinganida, yo‘llarda sekinroq yurib boshqa qoidabuzarlik sodir etmaslikka harakat qilishi, qolaversa, to‘lovda 30 foizlik chegirmadan foydalangan bo‘lishini aytdi.
Xo‘sh, baza ham risoladagidek ishlamayotgan ekan, bu holatda ko‘chada sodir bo‘layotgan va foto-video uskunalari orqali qayd etilayotgan, ma'muriy bayonnoma tuzilayotgan qoidabuzarliklar nima bo‘ladi? Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 330-moddasiga ko‘ra, ma'muriy jazo qo‘llash to‘g‘risidagi qaror chiqqanidan so‘ng u uch oy muddatda ijroga qaratilmasa, bunday qarorlar ijro etilmaydi.
Ya'ni haydovchi qoidabuzarlik sodir etsa, jarima uch oy ichida undirilmasa, avvalo MIB bunday ma'muriy ishni ijro qabul qilmaydi. Bu holatda haydovchi jarima to‘lashdan ozod etiladi.
Xo‘sh, DYHXX tizimida nega bunday nosozliklar, tushunmovchiliklar sodir bo‘lmoqda?! Samarqand viloyat IIBdan kimdir bunga jo‘yali javob bera oladimi? Nosozlikmi, kamchilikmi, muammomi — haydovchilar boshiga kelgan o‘sha qachon bartaraf etiladi?
Ikkinchidan, bu borada davlatga yetkazilgan zararni kim gardaniga oladi?! Prokuratura nega tomoshabin? IIV YHXBBdan izoh kutib qolamiz.
Shuhrat Shokirjonov.
Mavzuga oid
13:24 / 28.11.2024
“Samarqandni odamlar shahriga aylantirishimiz kerak, hozir mashina-shaharga aylangan” - Turdimov
21:39 / 27.11.2024
Samarqandda tramvayning 3-yo‘nalishi ochilishi mumkin
11:25 / 29.09.2024
Samarqandda beshta mashina ishtirokida YTH sodir bo‘ldi
11:14 / 24.09.2024