O‘zbekiston | 17:09 / 09.11.2021
10685
4 daqiqa o‘qiladi

Ijtimoiy tarmoqlarni ikki soat bloklash O‘zbekistonga kamida 2,6 mln dollar zarar keltirgan bo‘lishi mumkin

NetBlocks onlayn servisi hisob-kitoblariga ko‘ra, barcha ijtimoiy tarmoqlarni 2 soatga bloklab qo‘yish O‘zbekiston iqtisodiyotiga 28 milliard so‘mdan ko‘proqqa tushadi.

Foto: Kun.uz

3 noyabr kuni O‘zbekistonda 4 ta internet platformasining faoliyati ikki soatga yaqin vaqt davomida cheklandi. Keyinchalik bu ish prezident bilan kelishmagan holda amalga oshirilgani uchun uch nafar yuqori lavozimli amaldor ishdan olindi.

NetBlocks servisi yaratgan xizmat ijtimoiy tarmoqlarni bloklash davlatga qanchaga tushishini o‘z formulasiga asosan hisoblab beradi.

Unga ko‘ra, O‘zbekistonda 3 noyabr kuni soat 19:00 dan 21:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida Twitter, Facebook, Instagram va YouTube'ni bloklab turish O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun kamida 259 ming dollarga yoki 2 milliard 781 million so‘mga tushgan bo‘lishi mumkin.

Ushbu servis Telegram, TikTok, WeChat va Vkontakte'ni bloklash ortidan kelgan/kelayotgan zararni hisoblamaydi. Shuning uchun ular yuqoridagi hisob-kitoblarga qo‘shilmagan. Servis aynan o‘sha ikki soat davomida O‘zbekistondagi barcha tarmoqlarning yopilishini taxminan 2,6 million dollarga baholamoqda.

Shuningdek, Twitter ijtimoiy tarmog‘i joriy yilning 2 iyul kuni yopilib, hozirgacha (2 iyul – 9 noyabr sanalari oralig‘ida) blokda turgani ortidan O‘zbekiston iqtisodiyoti taxminan 101,3 million dollar yoki 1 trillion 84 million so‘m yo‘qotgan. Aniqrog‘i davlat zarar ko‘rishda davom etmoqda, chunki haligacha Twitter'ning O‘zbekistondagi faoliyati cheklangan.

NetBlocks baholash xizmati 2019 yil yanvar oyidan ishga tushgan. Ushbu xizmat ijtimoiy tarmoqlarning barchasi yoki alohida platformalar bloklangan holda iqtisodiyotga qancha zarar keltirishini o‘z formulasiga asosan hisoblab chiqaradi.

180 davlatdan 20 mingdan ortiq a'zoni birlashtirgan Butunjahon internet hamjamiyati va NetBlocks tahlil markazi ushbu hisoblagich muallifi hisoblanadi.

Servis ma'lumotiga ko‘ra, bloklash ortidan keladigan zararlar Jahon bankining ko‘plab hududiy ko‘rsatkichlari, Xalqaro elektron aloqalar kengashi, Yevrostat va boshqa manbalar asosida hisob-kitob qilinadi.

O‘zbekiston hukumati hozirga qadar bo‘lib o‘tgan voqealarga izoh bermadi.

Qonunni qabul qilgan Oliy Majlis deputatlari va senatorlar ham uning ijrosi yuzasidan asoslantirilgan iqtisodiy tahlillarga ega bo‘lmagan bo‘lishlari mumkin.

Bundan tashqari, raqamli texnologiyalar davrida inson qadriga xizmat qilmaydigan, bunday bahsli va oxiri o‘ylanmasdan qabul qilingan qonun hamda uning ijrosi fuqarolarning ishonchi, mamlakatning xalqaro maydondagi imijiga, investorlarning fikriga va turizm salohiyatiga qilgan salbiy ta'sirini milliardlar bilan ham o‘lchab bo‘lmaydi.

Ushbu harakatlar “Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risida”gi qonunning 27-1-moddasi doirasida Facebook, Google, Telegram va boshqa servislar O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiga oid ma'lumotlarini jisman O‘zbekiston hududida saqlash shartlarini bajarmagani uchun amalga oshirilgan.

Farrux Absattarov tayyorladi.

Mavzuga oid