O‘zbekiston | 09:00 / 13.11.2021
1494
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda davlat xizmatlari ko‘rsatishda 9 oyda 3796 ta qonunbuzilish holati qayd etilgan

Navoiy viloyatida 2021 yilning 9 oyi davomida jami davlat xizmatlari ko‘rsatishda 11 ta tashkilot tomonidan 3 796 ta qonunbuzilish holati aniqlangan. Bu haqda DXA Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma'lum qilindi.

Foto: DXA Navoiy boshqarmasi matbuot xizmati

Ta'kidlanishicha, ro‘yxatda 2003 ta qonunbuzilish bilan kommunal xizmat ko‘rsatish idoralari “yetakchilik” qilmoqda. Shuningdek, soliq organlari 52 ta, yer resurslari va davlat kadastr idoralari 135 ta, moliya idoralari 44 ta, bandlik va mehnat munosabatlari idoralari 60 ta, hokimliklar 88 ta, sog‘liqni saqlash muassasalari 669 ta qonunbuzilishga yo‘l qo‘ygan. Kiritilgan ta'sir choralari natijasida vakolatli idoralarning 12 nafar xodimlariga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan hamda 1 nafar xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan. Shuningdek, boshqarma tomonidan 85 ta ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma rasmiylashtirilib, 84 nafar mas'ul xodim ma'muriy javobgarlikka tortilgan. 

Ayni vaqtda viloyatda davlat xizmatlari markazlari orqali aholiga 150 dan ortiq turdagi davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda. 9 oyda aholi va tadbirkorlik sub'yektlariga jami 244 381 ta davlat xizmati ko‘rsatilgan. Joriy yil davomida tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlari tomonidan 4 299 ta tadbirkorlik sub'yekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

Qayd etilishicha, viloyatda 2021 yilning 1 noyabr holatiga 22 141 ta tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma berilgan, 8 038 ta oilaga nikoh tuzilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma rasmiylashtirilgan. Shuningdek, 1 019 ajrim, 4 547 o‘lim holati bo‘yicha dalolatnoma yozuvlari kiritilgan.

Mavzuga oid