O‘zbekiston | 22:10 / 16.11.2021
32577
13 daqiqa o‘qiladi

“Qayerliksiz?” - O‘zbekistonda mahalliychilikni kuchaytirgan uchta omil

Sudlarga bo‘lgan ishonchsizlik, qonunlarning ustuvor emasligi va korrupsiya ortidan kriminal va yarim kriminal toifalarning jamiyatdagi nufuzi ortadi.

Foto: Kun.uz

Regionalizm, traybolizm – bu ijtimoiy fenomenning nomlari ko‘p. Garchi bu so‘zlar iste'molimizda bo‘lmasa-da, kamdan kam o‘zbekistonlik bir marta bo‘lsa ham mahalliychilik ko‘rinishiga duch kelmagan. Masalan, vatandoshimiz bilan O‘zbekiston ichida yoki chet elda birinchi bor uchrashganimizda odatda kutilgan savol – “qayerliksiz” bo‘ladi. Va bu savol siz shu topda qaysi shahar yoki tumanda yashayotganingizni yoki tug‘ilganingizni bilish uchun emas, balki sizning ajdodlaringiz qaysi viloyatda yashab o‘tganini bilish uchun beriladi.

Chet elda yashash va sayohat qilish tajribam meni bu haqda o‘ylashga undadi – nega bu yerlarda odamlar o‘z vatandoshlarining qaysi viloyatdan kelib chiqqaniga unchalik qiziqmaydilar-u, o‘zbekistonliklar qo‘shni viloyatlik vatandoshlari haqida bir qancha stereotiplarni shakllantirib olgan?

Shaxsan men o‘z qulog‘im bilan “falon viloyatliklar yolg‘onchi va farosatsiz bo‘lishi” ekani haqida eshitganman. Shu bilan birga, men “faqatgina falon viloyatlik bo‘lmasin” degan shart bilan o‘ziga biznes-hamkor tanlaydiganlarga duch kelganman. O‘sha “falon” viloyat esa suhbatdoshimning qaysi viloyatlik ekaniga karab o‘zgarardi va mamlakatimizning istalgan viloyati bo‘lishi mumkin edi.

Muammoning sabablariga sho‘ng‘ishdan avval, keling, bunday ijtimoiy fe'l-atvor oqibatlarini – mevalarini aniqlab olaylik. Bu turdagi tafakkurning iqtisodiy oqibatlari haqida ko‘plab tadqiqotlar bor. O‘rganishlar shuni ko‘rsatyaptiki, millat ichida sodir bo‘ladigan bo‘linish (qutblashish yoki polyarizatsiya) jamiyatda o‘zaro ishonch (ijtimoiy ishonch) darajasini pasaytiradi, investitsiyalar kelishini kamaytiradi, davlat xarajatlarini ko‘paytiradi, jiddiy kelishmovchiliklar uchun zamin yaratadi.

Boshqacha qilib aytganda, regionalizm, mahalliychilik O‘zbekistonning iqtisodiy va hatto siyosiy hayoti uchun jiddiy xavf tug‘diruvchi omildir.

Kim aybdor?

Mahalliychilik jamiyatimiz uchun shaksiz zarar keltirishini aniqlab oldik. Biroq bu illatning kelib chiqishi noaniq bo‘lib turibdi.

O‘zbekistonda regionalizm sabablari bir nechta. Biz faqat uchtasi haqida gaplashamiz: qonun ustuvorligi sohasidagi muammolar, propiska institutining ta'siri va “poytaxt taassubi” deb ataladigan holat.

Qonun ustuvorligi

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida (15-modda) qonun ustuvorligi mustahkamlangan, uning 18-moddasi esa har kim: jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy holatidan qat'i nazar qonun oldida teng ekanini belgilaydi. Biroq O‘zbekiston sudlari faoliyati, xususan 2016 yildan boshlangan islohotlargacha bo‘lgan faoliyati dunyo hamjamiyati tomonidan tanqidga uchrab keldi – adolat va shaffoflik darajasi past bo‘lgani uchun. Adliya vaziri Ruslanbek Davletov esa 2012-2016 yillar oralig‘ida atigi 7 ta oqlov hukmi chiqarilganini, chunki sud tizimi hukmlarni “shtampovka” qilishga safarbar etilganini aytdi. Ya'ni jinoyat ishlari ko‘rilganda adolatga umid qilish qiyin edi. Bu jinoyat ishlari haqida edi.

Fuqaroviy huquqiy tizim bilan bog‘liq holat ham ko‘ngildagidan yiroq. Qonun ustuvorligi indeksi bo‘yicha O‘zbekiston 128 mamlakat ichida 72-chi o‘rinda, o‘zining xatarli darajadagi yuqori korrupsiyasi va kelishmovchiliklar sudda ko‘rib chiqilishining qiyinligi bilan.

Fuqaroviy sudlar kishilarning o‘zaro kelishmovchiliklarini hal qilish uchun kerak. Ammo sudlarga nisbatan ishonch bo‘lmasa, qanday qilib odamlar maishiy va iqtisodiy kelishmovchiliklariga yechim topishi mumkin? Bu savolga javob berish uchun ekstremal misollarga murojaat qilishimiz mumkin – davlatchiligi sust yoki umuman mavjud bo‘lmagan mamlakatlarda kishilar bunday kelishmovchiliklarini qanday hal qilishadi?

Kolumbiya universiteti professori Deniyel Korstandj bu borada Yamanda tadqiqot o‘tkazdi. Yamanda an'anaviy sud instituti deyarli yo‘q, jamiyat qabilaviy munosabatlar asosida yashaydi: qabilaviy huquq ustuvor, bunda sudyalar vazifasini oqsoqollar bajaradi, qonunlar rolini esa qabilaning yozilgan yoki yozilmagan qonunlari bajaradi.

Korstandjning tadqiqoti shuni ko‘rsatdiki, Yamanda qonun ustuvorligi yuksalgan zahoti yamanliklar qabilaviy huquqqa nisbatan munosabatlari o‘zgarar ekan, ya'ni davlat qonunlariga hurmatlari oshar ekan. Davlat joriy qilgan huquqiy tizimni kuchli hisoblagan yamanliklar qabilaviy huquqqa qarshi ekanlar va aksincha, davlat qonunlari ishlamayati deb hisoblaydiganlar qabilaviy qonunlar tarafdori ekan.

Ya'ni odamlar tomonidan o‘ylab topilgan qabilaviy qonunlar kelishmovchiliklarni hal qilishning shunchaki vaqtinchalik nomukammal vositasi sifatida ko‘rilar ekan – davlat institutlari mustahkamlangani zahoti yamanliklar qabilaviy sudlarni samarasiz hisoblay boshlashadi.

Yamanliklar davlat sudlari ishlashini istashlari tushunarli: qabilaviy sudlar ishlatilganda kishilar kamroq odamlar bilan huquqiy munosabatlarga kirisha oladilar. Bunda qabilalar turli qonunlar to‘plamini ishlatishlari sabab turli qabila vakillari o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solish imkonsizdir. Inchunun, qabilalar bir-biriga ishonchsizlik bilan qarashadi, toki davlat qonunlari ustuvor bo‘lmaguncha.

Yaman – legal-ana'anaviy sud tizimiga muqobil sudlar paydo bo‘lgani kuzatilayotgan yagona davlat emas. Somali va Afg‘onistonda ham urush, harbiy intervensiyalar, qo‘zg‘olonlar va boshqa siyosiy bo‘hronlar sabab butun mamlakatda qonun ustuvorligini ta'minlash imkonsiz bo‘lib qolgan. Afg‘onistonda “pashtunvali”, Somalida “ksir” – bular universal davlat huquqini joriy qilish bilan bog‘liq muammolar sabab hanuzgacha qabilalar ichra munosabatlarni tartiblab kelmoqda.

Baxtimizga O‘zbekiston bunday achinarli holatdan yiroq. Biroq bizdagi davlat sud tizimining nomukammalligi bilan mahalliychilik kuchayishi orasidagi aloqa o‘zgarishsiz qolyapti deb bemalol aytishimiz mumkin.

Davlat sudlariga bo‘lgan ishonch past bo‘lsa, odamlar adolat o‘rnatishning muqobil vositalariga murojaat etishadi. Masalan, bunaqa holatda biznes shartnomalar tuzayotgan tomonlarga o‘zlari yashayotgan viloyat vakili bilan aloqa qilish qulayroq bo‘ladi: kelishmovchiliklarni davlat sudi orqali hal qilish o‘rniga “muammo bo‘lsa falon obro‘li akalar orqali hal qilaman” degan kayfiyat, ya'ni o‘zaro kelishmovchiliklarni hal qilishda lokal richaglarni ishlatishga xohish kuchayadi. Richag vazifasini esa bu yerda nufuzli tanishlar, umumiy tanishlar, otalar, bobolar, ustozlar va boshqalar o‘taydi.

Tabiiyki, bunday richaglar soni tomonlar turli hudud vakillari bo‘lganda sezilarli kamayadi, tomonlar yashaydigan hududlar qancha uzoq bo‘lsa, shuncha kamayadi. Shu uchun davlat sudlariga bo‘lgan ishonch pasayganda kishilar “begonalar” bilan aloqa o‘rnatishdan chetlanishga urinishadi. Bu hol ularda o‘ziga xos fe'l-atvorni – regionalizmni shakllantiradi.

Qo‘shimcha sifatida aytish kerakki, sudlarga bo‘lgan ishochsizlik oqibatida kriminal va yarim kriminal toifalarning jamiyatdagi nufuzi ortadi, chunki aslida sud hal qilib berishi kerak bo‘lgan kelishmovchiliklarni sud orqali hal qilish qiyinlashganda omma ichida ma'lum “avtoritetlar”ga murojaat etish holatlari ko‘payadi. Bu esa, tabiiyki, odamlarning tafakkuriga ta'sir etadi, zero, adolat demokratik vositalar orqali umumqabul qilingan qonunlar vositasida emas, balki ko‘cha “reshala”larining irodasi orqali “qaror topishi” kishilar ongida, albatta, iz qoldiradi.

Propiska” instituti merosi

Prezident Shavkat Mirziyoyev propiskani kishanga o‘xshatdi va 2020 yil boshida konstitutsiyaga xilof bunday tizimni bekor qilishga topshiriq berdi. U Xorazmga tashrifi paytida o‘z boshidan o‘tganlarini, poytaxtga kelganda propiskasi bo‘lmagani uchun qay darajada qiynalganlarini aytib berdi. “Aybim – Toshkentda tug‘ilmaganim edi”, degan edi u.

Rostdan ham teng huquqli O‘zbekiston fuqarolarini 30 yil davomida “poytaxtda yashashga loyiq bo‘lgan” va “loyiq bo‘lmagan”larga bo‘lish kishilarning hududlararo o‘zaro aloqalariga kuchli zarba berdi.

Erkin harakatlanishga nisbatan qonunchilikda belgilangan cheklovlar hamda kapital va ishchi kuchiga bo‘lgan talabning poytaxtda mujassamlashishi nafaqat nominal, balki Toshkent bilan boshqa regionlar o‘rtasida iqtisodiy notenglikni keltirib chiqardi. Ishchi kuchining Toshkentga kirib kelishini sun'iy cheklash poytaxt va viloyatlarda maosh hajmidagi notenglikni paydo qildi.

Iqtisodchilar Robert Andersen va Josh Kyurtis 44 davlat ma'lumotlariga tayanib, kishilarning o‘z-o‘zini sinfiy identifikatsiya qilishi (o‘zini kambag‘al, o‘rtahol yoki boy hisoblashi) qancha pul topayotganiga emas, balki boshqa vatandoshlari topayotgan daromadlar nisbatiga bog‘liqligini aniqlagan. Ya'ni yiliga 20 ming dollar (xarid imkoniyati paritetiga to‘g‘irlangandan keyin) topayotgan kishi AQShda kambag‘al, Myanmada boy hisoblanadi. Boshqacha qilib aytganda, kishilar doim o‘z iqtisodiy farovonligini nisbiy kategoriyalarda baholaydi. O‘zbekistonda, propiska tizimi effekti sabab sinfiy turlanish hududiy tus oldi, zero farovon hayotni sof mehnat, iste'dod bilan emas, hatto korrupsiya bilan ham emas, balki poytaxt propiskasi bilan bog‘lash tendensiyasi kuchaydi. Iqtisodiy notenglikni hududiy kelib chiqish bilan bog‘lash kayfiyati kuchaydi, bu esa toshkentliklar va viloyatliklar o‘rtasida adovatni paydo qildi.

Propiska tizimi mamlakatning ijtimoiy kapitaliga katta zarar keltirdi. Uning asoratlari ketgani yo‘q – bekor qilingan bo‘lsa ham, oqibatlari hali hamon ijtimoiy hayotimizning naqd o‘rtasidan qizil chiziq bo‘lib o‘tib turadi.

Hamma yo‘llar Toshkentga olib boradi yoki “poytaxt taassubi”

Poytaxt taassubi (ingl. “capital city bias”) – iqtisodiy fenomen bo‘lib, rejali iqtisodiyot yoki katta davlat sektoriga ega, shu bilan birga noproporsional katta resurslarni poytaxtga tashlaydigan mamlakatlarga xosdir. Bunday holat oqibatida markaz va hududlar o‘rtasida balans buziladi.

O‘zbekiston sobiq sovet ittifoqining infrastrukturani rivojlantirishga bo‘lgan yondashuvini me'ros qilib oldi va ma'lum miqdorda davom ettirdi. Masalan, transport infrastrukturasi talab-taklif asosida emas, markazlashgan rejalashtirish asosida kengaydi: “markaz”ni hududlar bilan bog‘lash uchun temir yo‘llar qurildi.

Hozirgi O‘zbekistonda ham sovet merosining o‘rni bor. “O‘zbekiston temir yullari” korxonasi saytidagi poyezdlarning qatnov jadvaliga qaraydigan bo‘lsak, bitta bo‘lsa ham viloyat markazidan o‘tadigan jami poyezdlarning 82 foizi yoki Toshkentdan, yoki Toshkentga yo‘nalish olgan. “O‘zbekiston havo yullari”ning 2019-2020 yilgi ichki reyslari jadvalida 35 reysdan 1 tasidagina uchish yo qo‘nish nuqtasi Toshkent emas.

Yuqoridagilardan bir qiziq manzara shakllanadi: propiska tizimi “viloyatliklar”ning poytaxtga kelishini cheklagan, shu bilan birga transport infrastrukturasidagi disbalans aynan poytaxtni ular uchun “uchrashadigan joy”ga aylantirgan.

Ya'ni propiska Toshkentda yashovchilarni boshqalarga qarshi qo‘ygan bo‘lsa, infrastrukturaning nomutanosibligi hududlararo aloqalarni ma'lum miqdorda cheklagan edi. Bularning hammasi mahalliychilik va hududlararo murosasizlikni ozuqalantirar edi.

Xulosa

Mahalliychilik – mamlakatning uyg‘un rivoji uchun katta dushman. Odamlarning madaniy o‘ziga xosliklari, tildagi turfalik va boshqalar bu fenomenga sabab bo‘lishi mumkin, ammo aynan qonun ustuvorligi bilan bog‘liq muammolar, propiskaga o‘xshagan institutlar va infrastrukturadagi hududlararo disbalans tarixan yuqori vaznli faktorlardir.

Propiskaning bekor bo‘lgani shaksiz taraqqiyot va milliy birdamlikka qarab tashlangan muhim qadam bo‘ldi. O‘ylaymizki, 2016 yilda boshlangan demokratik islohotlarni, xususan sudlar mustaqilligi va shaffofligini ta'minlash hamda iqtisodiyotni liberallashtirishda davom etish bu jarayonni tezlashtiradi.

Shahzod Yo‘ldoshboyev,

Georgetown universiteti talabasi, AQSh

Kun.uz kolumnistlarni hamkorlikka chorlab qoladi. Dolzarb mavzulardagi mualliflik maqolalarini @Muhammadshakur Telegram-manziliga yuborishingiz mumkin.

Mavzuga oid