O‘zbekiston | 21:48 / 26.10.2024
21034
17 daqiqa o‘qiladi

Allamjonovga suiqasd, qonun ustuvorligida pasayish va Yevropaga yo‘l - hafta dayjesti

Abgor ahvolda bo‘lgan yo‘llarimizdan biri nihoyat qaytadan qurildi: Qo‘ng‘irot–Beyneu avtomagistrali o‘zbek iqtisodiyotini Yevropaga yaqinlashtiradi. Oylik maoshlar o‘sishi sekinlashmoqda: ta’lim va tibbiyot haligacha eng orqada. Yana bir xalqaro reytingda O‘zbekistonning o‘rni pasaydi, va bu bejizga emas. Ortda qolayotgan haftaning shu va boshqa muhim xabarlari – Kun.uz dayjestida.

Oylik maoshlarning o‘sish sur’ati sekinlashishda davom etmoqda

9 oylik yakunlariga ko‘ra, respublikada nominal hisoblangan o‘rtacha oylik ish haqi miqdori 5 mln 150 ming so‘mga yetgan. Statistika agentligining ma’lum qilishicha, bu – o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda 16 foizga ko‘p. Shu bilan birga, yilning bu davrida oyliklarning o‘sishi 2022 yilda 19 foiz, 2023 yilda esa 25 foiz bo‘lgandi.

Bu yil qayd etilgan 16 foizlik o‘sish, asosan, xususiy sektor bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Chunki yanvar–sentabr oylarida budjet tashkilotlarida maoshlar oshishi kuzatilmadi. Oyliklar o‘tgan yil oxirida, 1 dekabrdan boshlab 7 foizga ko‘tarilgan edi. Shundan kelib chiqilsa, budjet tashkilotlaridagi maoshlar o‘sishi respublikadagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 2 barobar kam bo‘lgan. Bu o‘rinda 9 oylik rasmiy inflatsiya 10,5 foiz bo‘lganini ham unutmaslik kerak.

Maoshlar bo‘yicha hududlar o‘rtasidagi farq oshishda davom etyapti. Toshkentda hisoblangan o‘rtacha oylik 8,7 mln so‘m, Qashqadaryoda esa 3,6 mln so‘mni tashkil etgan. O‘rtadagi farq bir yil ichida 7 foizga oshib, 2,4 barobarga yetgan. Umuman, respublika bo‘yicha oylik ko‘rsatkich 5 mln 150 ming so‘m chiqishida poytaxtning o‘rni katta. Agar Toshkent shahrini inobatga olmasa, hududlardagi o‘rtacha maosh 4 mln 250 ming so‘m chiqadi. Daromad solig‘i va boshqa ushlanmalarni chiqarib tashlaganda, viloyatlarda o‘rtacha oyliklar 3 mln 700 ming yoki 290 dollar atrofida ekani ma’lum bo‘ladi.

Statistika agentligining bu hisobotidan kelib chiqadigan yana bir xulosa – oyliklar miqdori bo‘yicha tabaqalanish nafaqat hududlar kesimida, balki sohalar kesimida ham oshishda davom etyapti. Maoshlar eng yuqori bank-moliya va sug‘urta sohalarida o‘rtacha oylik 14,5 mln so‘m, aloqa va axborot sohasida 12,8 mln so‘m, sanoatda 6,3 mln so‘mni tashkil etyapti. Eng kam oyliklar hamon sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida: tibbiyotdagi o‘rtacha oyliklar 3,3 mln so‘m, ta’limda esa 3,5 mln so‘mga yetgan. Bu ikki sohadagi o‘rtacha oylik va barcha sohalar bo‘yicha o‘rtacha oylik darajasidagi farq yana oshgan. Oddiyroq aytganda, ustozlar va tibbiyot xodimlarining oyligi oshayotgan bo‘lishi mumkin, lekin boshqa kasb egalarining oyliklari ularnikidan tezroq oshyapti.

Eslatib o‘tamiz, 1 oktyabrdan boshlab o‘qituvchi va shifokorlarning maoshlari 15 foizga, budjet tashkilotlarida ishlovchi boshqa xodimlarning maoshlari esa 10 foizga ko‘tarildi.

O‘zbekiston BRICSda hamkor-mamlakat maqomini oladi

Bu haqda birlashmaning Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan BRICS+ formatidagi sammitidan keyin rus matbuoti xabar berdi. Turli manbalarga ko‘ra, BRICS birlashmasida yangi ta’sis etilgan hamkor-mamlakat maqomi 13 ta davlat, xususan O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkiya va Belarusga berilishi mumkin.

Rasmiy Toshkent bu ma’lumotni hozircha tasdiqlamadi, shu bilan birga, rad etgani ham yo‘q. Prezident Shavkat Mirziyoyev Qozondagi sammitda so‘zlagan nutqida BRICSga ta’rif berib, uni “teng huquqlilik, bloklardan xolilik, bir-birining manfaatlarini hisobga olish va suverenitetga hurmat tamoyillari asosida harakat qilayotgan” birlashma deb atadi. O‘zbekiston rahbarining fikricha, o‘zaro aloqalarning bunday modeli, BMTning markaziy rolini saqlagan holda, jahon tartibotining bugungidan ko‘ra adolatliroq yangi arxitekturasini shakllantirish uchun asos bo‘la oladi.

Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida G‘azo va Livanda bo‘layotgan bemisl fojialarni qoraladi. “Tinch aholi, ayniqsa, bolalarning begunoh qurbon bo‘lishini hech qanday siyosiy maqsadlar oqlay olmaydi”, dedi prezident. Davlat rahbari o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirib, Falastin muammosining faqat bitta yechimi borligini ta’kidladi: mojaro “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyili asosida, tinch yo‘l bilan hal qilinishi kerak.

“Til masalasida uzoqni o‘ylab ish tutish kerak” — prezident

Bugungi kunda dunyoda 7 mingdan ortiq til mavjud bo‘lsa, ulardan faqat 200 ga yaqini davlat tili maqomiga ega. O‘zbek tilimiz rasman ana shunday elita tillar qatoriga qo‘shilganiga 21 oktyabr kuni 35 yil to‘ldi. Bu kun O‘zbek tili bayrami kuni sifatida nishonlanadi, bayram tadbirlarida milliy tilimiz ulug‘lanadi, keng jamoatchilik tilimiz rivoji yo‘lidagi muammolarni yodga oladi.

Shavkat Mirziyoyev bayram munosabati bilan yo‘llagan tabrigida davlat tili rivoji uchun qilinayotgan va qilinishi kerak bo‘lgan ishlarni sanab o‘tdi, davlat tili millati va tilidan qat’i nazar barcha fuqarolarni bitta xalq bo‘lib birlashtirishga xizmat qilishi kerakligini ta’kidladi. “Har qanday xalq uchun o‘ta hassos va ta’sirchan bo‘lgan til masalasida ortiqcha ehtiros va hissiyotlarga berilmasdan, uzoqni o‘ylab, vazminlik bilan ish tutish kerakligini hammamiz yaxshi anglaymiz”, dedi prezident.

O‘zbek tilida so‘zlashuvchilarni bayram bilan diplomatik korpus vakillari ham qutladi. AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik o‘zbek tilida tabrik yo‘llab, tilimizni qanchalik o‘rganib olganini bozorlik qilish orqali ko‘rsatib berdi. Elchixona tarqatgan videoda u sabzi xarid qilayotib, “nega qimmat, dollar oshdimi, kami bormi” deya savdolashganini ko‘rish mumkin.

Allamjonovga suiqasd

Prezident administratsiyasi sobiq mulozimi Komil Allamjonovga suiqasd uyushtirildi. Kun.uz manbasiga ko‘ra, voqea 26 oktyabrga o‘tar kechasi tungi soat 1:30 lar atrofida Allamjonovning Qibray tumanidagi uyi yaqinida sodir bo‘lgan. Ikki noma’lum shaxs u o‘tirgan mashinaga bir necha bor o‘q uzib, hodisa joyidan yashiringan, Allamjonov va haydovchiga zarar yetmagan.

Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, fuqaro S.S. boshqaruvidagi Range Rover avtomobili Qibray tumani Ifor ko‘chasi bo‘ylab harakatlanayotgan vaqtda ikki noma’lum shaxs tomonidan hujumga uchragan. Ular mashinaga bir necha marta o‘q uzib, voqea joyidan yashiringan. Voqeada hech kim tan jarohati olmagan. Qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi shaxslarni aniqlash va ushlash bo‘yicha tezkor-qidiruv tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Komil Allamjonov bundan bir oy oldin Prezident administratsiyasining Axborot siyosati departamenti rahbari lavozimidan ozod etilgan, u faoliyatini xususiy sektorda davom ettirishini ma’lum qilgandi.

2016 yildan beri ilk marta O‘zbekistonning qonun ustuvorligi reytingidagi o‘rni pasaydi

Hali isitish mavsumi boshlanmagan bo‘lsa-da, Toshkent yana dunyoning havosi eng iflos shaharlari reytingida tez-tez yuqori o‘rinlarni egallamoqda. Masalan, seshanba kuni tongda poytaxtimiz global antireytingda 6-o‘ringa ko‘tarilgan bo‘lsa, oqshomga yaqin 3-o‘ringa ham chiqib oldi. Bu vaqtda shahardagi PM2,5 zarralari miqdori 1 kub metr havo tarkibida 70 mikrogrammdan oshgan. Mutaxassislar bunday vaqtda ochiq havoda kamroq bo‘lish, niqob taqish va derazalarni yopishni tavsiya qiladi.

Shu kuni Bosh prokuratura qator idoralar bilan birgalikda Toshkent viloyati va poytaxt havosini ifloslantirayotgan sanoat korxonalari ustidan tekshiruv boshladi. Ma’lum bo‘lishicha, atrof-muhitga salbiy ta’siri bo‘yicha I va II toifaga kiruvchi sanoat korxonalarida zamonaviy filtrlar o‘rnatish paysalga solinyapti. Bu borada 2024 yil uchun belgilangan vazifalar Toshkent viloyatidagi 27 ta korxonadan 19 tasida, Toshkent shahrida esa 31 ta korxonadan atigi 8 tasida bajarilgan. Aniqlangan shu va boshqa qonunbuzilish holatlari alohida nazoratga olinib, “keskin va murosasiz” choralar ko‘rilishi va’da qilindi.

Bosh prokuratura bayonotida moratoriyga qaramay daraxtlar noqonuniy kesilayotgani, shaharsozlik bosh rejalari tasdiqlanmay turib jadal qurilish ishlari ketayotgani ham alohida ta’kidlab o‘tilgan. Kun.uz bunday holatlardan yana biri Farg‘ona shahrida ro‘y berganidan xabar topdi. Muxbirimiz surishtiruviga ko‘ra, shahar markazidagi Sayilgoh va al-Farg‘oniy ko‘chalari tutashgan joyda 5 yulduzli mehmonxona qurilishi boshlanishidan oldin bu yerdagi 25 yillik daraxtlar boshqa joyga ko‘chirilgan, lekin keyinroq ular qurib qolgan.

Yana bir holatda daraxtkushlikning boshida bevosita ekologiya sohasi amaldori turgani e’tiborli. Ma’lum bo‘lishicha, Jizzax viloyati Do‘stlik tumani Ekologiya inspeksiyasi boshlig‘i lavozimida ishlagan Fazliddin Abdusamatov qidirilmoqda. Ayblovga ko‘ra, u tumandagi Navro‘z mahallasida, yo‘l bo‘yida ekilgan 14 tup qimmatbaho shumtol (yasin) daraxtini qurib qolgan degan vaj bilan kesib tashlagan. Lekin, o‘tkazilgan sud-biologik espertizasi bilan, bu 14 tup shumtolning 3 tupi aslida qurimagan bo‘lgani aniqlangan. Shundan keyin tabiatga yetkazilgan zarar 228 mln so‘mga baholanib, sobiq amaldor qidiruvga berilgan.

Samarqand viloyati Toyloq tumanida ro‘y bergan boshqa bir holatda esa, 1 tup tutni kesgan fuqaro 75 mln so‘m jarima to‘laydigan bo‘ldi. U Xo‘jayuz mahallasidagi bitta sog‘lom tut daraxtini kesib, tabiatga 71 mln so‘mlik ziyon yetkazgan. Ma’muriy jarimani ham qo‘shganda, huquqbuzar to‘laydigan summa 75 mln so‘mga yetgan.

Toyloqda oddiy fuqaro, Jizzaxda esa tuman darajasidagi amaldorning daraxtkushlik uchun jazoga tortilayotgani fonida, yana bir holat e’tiborni tortadi. Gap shundaki, Toshkentning qoq markazida ro‘y bergan, kazo-kazolarga borib taqalishi aytiladigan qurilishga aloqador jinoyat ishi qumga tomgan tomchidek mavhumlik ichiga singib ketdi. Esingizda bo‘lsa, shu yil may oyida sobiq MXX binosi o‘rnida mehmonxona qurilishi doirasida, 53 tup qimmatbaho ko‘p yillik daraxtlar noqonuniy ravishda ko‘chirib ketilgan edi. Kun.uz o‘sha jinoyat ishining taqdiri nima bo‘ldi, aybdorlarga chora ko‘rildimi degan savollar bilan o‘tgan hafta Bosh prokuraturaga murojaat qilgandi, lekin mahkama qayta-qayta yo‘llagan savollarimizni javobsiz qoldirdi. Bunaqangi sukut “delo” imi-jimida yopib yuborilgan bo‘lishi mumkin degan taxminlarni o‘rtaga chiqarmoqda.

Ana shunday voqealar fonida, O‘zbekistonning qonun ustuvorligi reytingidagi o‘rni 2016 yildan beri birinchi marta pasaygani ajablanarli emas. World Justice Project xalqaro tashkiloti shu hafta e’lon qilgan yangi reytingda, O‘zbekiston qonun ustuvorligi bo‘yicha 142 ta davlat orasida 83-o‘rinda ko‘rsatilgan. Bu – o‘tgan yilga nisbatan 5 pog‘onaga pastlashni anglatadi.

Qayta qurilgan Qo‘ng‘irot–Beyneu yo‘li ochildi

O‘zbekistonda eng abgor ahvolda bo‘lgan yo‘llardan biri nihoyat risoladagidek ta’mirlandi. Gap Qoraqalpog‘istondagi Qo‘ng‘irot–Beyneu avtomobil yo‘li haqida ketyapti. Bu yo‘lning 240 kilometrlik qismi, xalqaro tashkilotlar ko‘magi bilan, 323 mln dollar evaziga qaytadan qurildi. 3 yil davom etgan qurilish ishlaridan keyin, Qo‘ng‘irot–Beyneu yo‘li 25 oktyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi tantanali tadbirda ochib berildi.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, endi mamlakatimiz hududlaridan xalqaro tashuvlar masofasi ming kilometrgacha, transport xarajatlari esa 25 foizgacha kamayadi. Bu yo‘l O‘zbekistonni Kaspiy va Qora dengiz portlari orqali Yevropa bilan bog‘laydigan logistika tarmog‘iga aylanadi. Bundan tashqari, “A-380” xalqaro yo‘lagining O‘zbekistondan o‘tgan qismida kunlik transport qatnovi 3 karra oshishi kutilmoqda, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tadbir doirasida Toshkent xalqaro aeroporti qarshisidagi yo‘l o‘tkazgich ham to‘liq ishga ishga tushirildi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda oxirgi 8 yilda 2 ming kilometr yo‘l qaytadan qurilgan, 100 ming kilometri ta’mirlangan. Kelasi yil yana ming kilometr yo‘l qurilishi rejalashtirilmoqda.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Uch oy davom etgan saylovoldi targ‘ibot kampaniyasi yakunlandi. 27 oktyabr kuni mahalliy kengashlar va parlament deputatligi uchun saylovlar bo‘lib o‘tadi. Qonunchilik palatasi deputatlari bu gal aralash majoritar-proporsional tizimda saylanadi, ya’ni 75 deputat to‘g‘ridan to‘g‘ri saylovchilar bergan ovozlar orqali, yana 75 nafari partiyalarga berilgan ovozlar asosida, partiyaviy ro‘yxatlar bo‘yicha parlamentga kiradi. Markaziy saylov komissiyasi 1 milliondan ortiq vatandosh muddatidan oldin ovoz berganini qayd etgan.

Prezident Toshkentdagi drenaj tizimi borasida qat’iy e’tiroz bildirdi. “Kuni kecha bo‘lgan kuchli yomg‘ir haqiqiy ahvolni ko‘rsatdi”, dedi Shavkat Mirziyoyev dushanba kungi yig‘ilishda. Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, drenajni to‘g‘rilashning o‘zi yetarli emas: suvni havzalarda to‘plash tizimini tashkil qilib, daraxtlarni sug‘orishga ishlatish kerak. Shahar hokimligiga yil oxirigacha master-reja qilib, drenaj tizimini sun’iy havzalar bilan birga qurish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirig‘i berildi.

O‘zbekistonda gaz qazib olish hajmi kamayishda davom etyapti. Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 9 oylik yakunlari bo‘yicha gaz qazib olish salkam 5 foizga, neft qazib olish esa 7 foizga qisqargan. Ichki qazib olish muttasil kamayayotganiga qaramay, xorijga gaz sotish hajmi oshayotgani e’tiborli. Xususan, hisobot davrida gaz eksporti qiymati 16,5 foizga ko‘payib, 480 mln dollarga yetgan. Shu bilan birga, elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 4 foizga oshgan, dizel va benzin ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari deyarli o‘zgarishsiz qolgan.

Kollejlar va kasb-hunar maktablari tizimi tugatiladigan bo‘ldi. Prezident qaroriga asosan, endilikda kasbiy ta’lim tizimi faqat texnikumlardan iborat bo‘ladi. Bu tizimdagi 672 ta ta’lim muassasasi negizida 600 ta texnikum tashkil etilib, 71 ta muassasa umumta’lim maktablariga aylantiriladi. Texnikumlarni a’lo baholarga bitirgan yoshlar o‘qishini bakalavriatning yuqori kurslarida davom ettirishi mumkin bo‘ladi. Kasbiy ta’limda xalqaro standartlar joriy etilishi, texnikumlarga qisman akademik va moliyaviy mustaqillik berilishi ko‘zda tutilmoqda.

Import qilingan avtomobillarni texnik sinovlardan o‘tkazish ishlari Piskent tumanidagi poligonga ko‘chiriladi. “1 noyabrdan boshlab insonlar hayoti xavfsizligini ta’minlash, iste’molchilar huquqini himoya qilish maqsadida avtotransport vositalarining sinovini bojxona hududida emas, balki sinov bazasi, ya’ni Piskent poligoniga olib borib, o‘sha yerda o‘tkazamiz”, deya ma’lum qildi Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori o‘rinbosari Odiljon Tohirov. Ijtimoiy tarmoqlarda bu yangilik avtomobil importini qiyinlashtirishi mumkinligi haqida yozishmoqda.

Mavzuga oid