O‘zbekiston | 15:24 / 18.11.2021
12305
4 daqiqa o‘qiladi

Erkaklarga ham himoya orderlari berilishi mumkin

Zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarga berib kelingan himoya orderlari erkaklar va voyaga yetmagan shaxslarga ham taqdim etilishi kutilmoqda.

Himoya orderi tajribasidan nafaqat er-xotin munosabatlarida, balki rahbar-xodim va qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasida yuzaga keladigan kelishmovchiliklarning oldini olishda ham foydalanilishi mumkin. Bu haqda IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘i Baxtiyor Berdialiyev Kun.uz'ga bergan intervyusida ma'lum qildi.

“Himoya orderi nima o‘zi? Bilasiz, qonun bilan hammaning huquq-manfaatlari himoya qilingan. Ya'ni Jinoyat kodeksi jinoiy ta'qib qilish orqali, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi ma'muriy ta'qib orqali albatta fuqarolarning haq-huquqlarini himoyalaydi. Shunga qo‘shimcha ravishda qonun qabul qilinganki, himoyaga olish, ya'ni bir shaxs bilan ikkinchi shaxsning bir-biriga yaqinlashishi, munosabatga kirishishiga ma'lum bir vaqtga cheklov o‘rnatiladi. Shuningdek, zo‘ravonlikka uchragan shaxsga yetkazilgan moddiy va ma'naviy zarar qoplab beriladi.

Qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasida, oilada er va xotin o‘rtasida yoki rahbar bilan xodim o‘rtasida turli kelishmovchiliklar yuzaga kelib turadi. Tomonlar bir-biriga qo‘l ko‘taradi, kimdir zo‘ravonlik qurboni bo‘ladi, haq-huquqlari poymol etiladi. Bunday vaziyatda himoya orderlaridan foydalanish yaxshi samara beradi.

Shu paytgacha xotin-qizlar zo‘ravonlikka uchragan vaqtdan boshlab himoyaga olardik. Agar qonunchilikka kiritish taklif etilayotgan o‘zgarish ma'qullansa, himoya orderini erkaklarga hamda voyaga yetmaganlarga nisbatan ham qo‘llashimiz mumkin bo‘ladi”, dedi Baxtiyor Berdialiyev.

IIV mulozimining ta'kidlashicha, zo‘ravonlikka uchragani uchun himoya orderi berilib, profilaktika inspektorlari kuzatuvida bo‘lgan xotin-qizlarning 98 foiziga nisbatan qayta kuch ishlatilmagan, haq-huquqlari boshqacha tarzda buzilmagan. Shu sababli ushbu tajribadan nafaqat er-xotin munosabatlarida, balki rahbar-xodim, qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasida yuzaga keladigan kelishmovchiliklarning oldini olishda ham foydalanish istagi yuzaga kelgan.

Baxtiyor Berdialiyev/Foto: KUN.UZ

“Tajriba shuni ko‘rsatdiki, profilaktika inspektorlari tomonidan himoyaga olingan shaxs – davlatning himoya orderini olgan jabrlanuvchining oldiga zo‘ravon qayta yaqin kelishga cho‘chib qoladi. Chunki yaqinlashsa yoki yana kuch ishlatsa, buning oqibatlari jinoiy javobgarlikka tortilishgacha borib yetishi mumkin.

Shu sababli bizga himoya orderlarini zo‘ravonlikka uchragan yoxud haq-huquqlari boshqacha tarzda buzilgan xotin-qizlargagina emas, erkaklar hamda voyaga yetmaganlarga nisbatan ham qo‘llanishi haqida ko‘p takliflar bo‘ldi. Mazkur takliflar asosida qonun loyihasini ishlab chiqdik.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan ma'qullanadigan bo‘lsa, qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasida, tashkilotlarda rahbar va ishchilar o‘rtasida yuzaga keladigan nizolarni hal qilishda katta natija beradi deb o‘ylayman.

Himoya orderi olgan jabrlanuvchilarning 98 foizi qayta zo‘ravonlikka duch kelmadi yoki haq-huquqlari boshqacha tarzda poymol etilmadi. Ya'ni ushbu amaliyot juda katta samara berdi. Bir yarim yillik eksperimentdan so‘ng mana shunday qarorga keldik”, deydi IIV vakili.

Parlament quyi palatasi axborot xizmatining xabar berishicha, 16 noyabr kuni “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan ko‘rib chiqilib, muhokamalardan so‘ng birinchi o‘qishda qabul qilingan.

Mavzuga oid