Sport | 11:33 / 19.11.2021
11402
12 daqiqa o‘qiladi

Fatidan Gavigacha. Xavi «Barsa» kelajagi bunyodkori sifatida kimlarni ko‘rmoqda?

Foto: Fc Barcelona

«Barselona» sobiq futbolchisi va klub tarixidagi eng kuchli yarimhimoyachilardan biri Xavini bosh murabbiy etib tayinladi. U kataloniyaliklar tarkibida 767ta uchrashuv o‘tkazib, 25ta sovrin yutishga muvaffaq bo‘lgandi. Ulardan 4tasi Chempionlar Ligasi, 8tasi La Liga chempionlik titullari ekanligi esa alohida ahamiyatga ega. Bundan tashqari, 2 karra Yevropa va Ispaniya tarixidagi yagona jahon chempionligini qo‘lga kiritgan. Eng muhim jihat shundaki, u «La Masiya» tarbiyalanuvchisi. Demakki, uning rejalari aynan mana shu akademiya futbolchilari asosiga qurilishi kerak. Xo‘sh, hozircha ispaniyalik mutaxassis ixtiyorida qanday ishonchli va umidli yosh iste'dodlar mavjud? Birgalikda ko‘rib chiqamiz.

Ansu Fati (19 yosh)

«Barselona» vunderkindlari haqidagi gapni boshqa kim bilan boshlash mumkin?! 19 yoshli Ansu allaqachon klubning yetakchilaridan biriga aylanib bo‘lgan. Unda hujumlarni tashkil etish, jamoadoshlari dinamikasini his etish va golni sezish qobiliyatlari jam bo‘lgan. Yana bir fakt – Fati «Barselona» tarixida gol urgan eng yosh futbolchi. La Ligada gol urgan eng yosh futbolchilar orasida 3-o‘rinda qayd etilgan. Ansu Chempionlar Ligasida gol urgan eng yosh va 18 yoshgacha bittadan ko‘p gol urgan yagona futbolchi sanaladi. Rekordlari ro‘yxatini Fatining Ispaniya milliy jamoasi tarkibida gol urgan eng yosh futbolchi ekanligini eslatish bilan tugatishimiz mumkin.

Endi 19 yoshga qadam qo‘ygan Fati shu vaqtga qadar qator o‘yinlarni jarohat sababli o‘tkazib yuborishga ham ulgurdi. Debyut mavsumida 18ta bellashuvni boshlang‘ich tarkibda boshlagan hujumchi 9ta gol urishga erishgandi. Biroq jarohat uni yana ko‘plab gollar urish imkoniyatidan mahrum etdi.

«Barsa»dagilar unga to‘liq ishonishadi. Shu sababdan, Messi ketganidan so‘ng bo‘sh qolgan 10-raqam aynan Fatiga topshirildi. Bu esa unga qo‘shimcha mas'uliyat yuklaydi. Ha, u jarohatdan qaytishi bilanoq bir nechta ajoyib gollar bilan muxlislarga umid bera oldi. Ammo bir necha hafta avval navbatdagi jarohatdan so‘ng yana maydondan chetda qolmoqda.

Foto: Fc Barcelona

Pedri (18 yosh)

2020/2021 yilgi mavsum Fatiga atalmagani rost, lekin bu vaqtda «ko‘k-anorranglilar» yangi iqtidor egasini tom ma'noda kashf etishdi. Atigi 5 million yevro evaziga «Las Palmas»dan klub o‘rinbosarlari tarkibiga olib kelingan yarimhimoyachi tez orada asosiy jamoaning asosiy futbolchilaridan biriga aylanib oldi. U La Ligada uzoq yillik tajribaga ega katta futbolchilarga qarshi tengma-teng o‘yin ko‘rsata oldi.

Ochig‘i, hech kim Pedri bu qadar tezlikda katta futbolchiga aylanib qolishini kutmagandi. U «Barselona» tarkibida o‘tkazishi mumkin bo‘lgan 56ta bellashuvdan atigi 4tasini o‘tkazib yubordi. Ispaniya milliy jamoasi bosh murabbiyi Luis Enrike ham yosh futbolchiga to‘liq ishonch bildirgan holda Yevro-2020da uni doimiy maydonga tashladi. Uning harakatlarini bir nechta uchrashuvlardan so‘ng maqtagandi. Olimpiadani ham qo‘shganda 18 yoshli havbek 2020/2021 yilgi mavsum hisobidan 73ta o‘yinda maydonga tushirildi. U Xavining qo‘l ostida o‘zini yuqori darajali yarimhimoyachi sifatida qaytadan kashf etishi mumkin.

Foto: Fc Barcelona

Erik Garsiya (20 yosh)

Hujum va yarimhimoyaning bittadan umidli vakillari haqida so‘z yuritdik. Navbatni himoya chizig‘iga beramiz. Erik Garsiya kataloniyaliklarning yaqin kelajakdagi eng ishonchli himoyachilaridan biriga aylanishi mumkin. Ayni paytda Garsiya o‘z potensialini to‘liq namoyish eta olmayapti. Sababi, «Manchester Siti»da u uzoq vaqt o‘yin amaliyotisiz qolib ketgandi va sport formasini tiklab olish oson kechmayapti. Lekin zaxiraga mixlanishi oldidan ingliz klubida ham ajoyib futbol namoyish etishga muvaffaq bo‘lgandi.

Barselonada Garsiyaga yangi Pikega qaragandek qarashadi. Jyerar ham Manchesterga borib kelgach, «Barsa»ning himoyadagi qo‘rg‘onlaridan biriga aylangandi. Faqat u Manchesterning qizil tarafida bo‘lgandi. Xavi Erik uchun o‘ta kerakli murabbiy bo‘lishi katta ehtimol. Sababi, unga «La Masiya»daligidayoq qisqa paslar bilan hujumni himoyadan boshlashni o‘rgatishgan. Kuman qo‘l ostida esa u katta naf keltira olmadi. Ko‘ramiz, yangi murabbiy qo‘l ostida ispaniyalik fulbek o‘zini qayta kashf qila olarmikan.

Foto: Fc Barcelona

Gavi (17 yosh)

«Barsa» so‘nggi yillarda natija jihatdan o‘z mavqeyini boy berayotgani rost. Lekin «La Masiya» haqida bunday deya olmaymiz. Dunyoga mashhur akademiya o‘zining yangidan yangi yulduzlarini taqdim etishda davom etmoqda. Gavi ulardan biri. 17 yoshli futbolchi joriy mavsum klub va milliy jamoa safida o‘zini yaxshi ko‘rsatib, barchaning e'tiboriga tushishga muvaffaq bo‘ldi.

Gavining o‘yinini yaqindan kuzatgan futbol muxlislari uning shunchaki ko‘zni quvnatuvchi driblyor emasligini tushunib yetadi. Joriy mavsum barcha musobaqalarda 17ta uchrashuvda maydonga tushgan futbolchi 6 marta sariq kartochka ishlab oldi. Ya'ni, u yakkakurashlarga faol kirishuvchi, jamoaning pressingdagi harakatlariga o‘z hissasini qo‘shuvchi haqiqiy markaziy yarimhimoyachi. Gavining o‘yinini diqqat bilan kuzatgan tajribali futbol muxlislari unda yangi ustozi Xaviga o‘xshash jihatlar ham borligini payqaydi.

Foto: Fc Barcelona

Niko Gonsales (19 yosh) 

Yarimhimoya chizig‘ida klub kelajaklaridan biri bo‘lishi mumkin bo‘lgan futbolchilardan biri Niko Gonsales. Bu yoqda Buskets, De Yong va Riki Puch kabi asosiy tarkib da'vogarlari ham bor, ammo biz yoshlar haqida gaplashmoqdamiz. Bu kabi katta nom egalaridan asosiy tarkibdagi o‘rinni tortib olish uchun «Super Depor» afsonasi – Fran Gonsalesning o‘g‘li tinimsiz izlanishi va mashg‘ulotlarda o‘zini ko‘rsatishi kerak.

U markaziy yarimhimoya va tayanch zonasida o‘ynay oladi. Jismoniy imkoniyatlari juda yaxshi holatda, baquvvat futbolchi. Niko jamoasiga to‘pni olib berishi va himoya va hujum o‘rtasini bog‘lab berishi mumkin. Zamonaviy futbol markazdagi ustunlikka tayanmoqda va rotatsiya uchun Xaviga Niko tipidagi futbolchilar asqatadi.

Foto: Fc Barcelona

Yusuf Demir (18 yosh) 

«Avstriyalik Messi» yoz davomida muxlislar e'tiborini o‘ziga qaratib keldi. O‘rtoqlik uchrashuvlarida ajoyib gollarga mualliflik qilgan futbolchi Messining ketishi tufayli umidsizlikka tushgan «ko‘k-anorranglilar» muxlislariga yupanch vazifasini o‘tab berdi. Kuman esa mavsum avvalida uni zaxirada qoldirdi. Buni to‘g‘ri qabul qilish mumkin. Misol uchun, jamoa yirik hisobda yutib tursa, Demir kabi yosh iqtidorlarga imkoniyat berishga harakat qilasiz. Biroq o‘tirgan o‘rindig‘ingiz qimirlayotgan bo‘lsa, Lyuk de Yongni maydonga tashlab, barcha unga havodan to‘p uzatishini talab qila boshlaysiz.

Usmon Dembelening hamon jarohatdaligi inobatga olgan holda chap oyoqli vinger Xavi qo‘l ostidagi ilk uchrashuvlarda kichik imkoniyatlarga ega bo‘lishi mumkin.

Foto: Fc Barcelona

Alexandro Balde (18 yosh)

«Barselona» Xordi Albaga munosib voris bo‘lishi mumkin bo‘lgan Mark Kukurelyani 6 million yevro evaziga sotib yuborgan. Aslida, klub uning uchun 10 milliondan ko‘p pul ishlab olishi mumkin edi. Endi klubning bor umidi Alexandro Baldedan bo‘lib turibdi. Mavsum davomida o‘zi ishtirok etgan bir nechta o‘yinlar orqali Balde ushbu umidlarga loyiq ekanini isbotlay oldi.

UYeFA Chempionlar Ligasi doirasida «Bavariya»ga qarshi o‘tkazilgan bellashuvda Alba jarohat olgach, aynan Balde maydonga tashlandi. 18 yoshli qanot himoyachisi o‘sha kuni nemis vingerlariga o‘z qanotida imkon bermadi. Lekin ungacha myunxenliklar yetarlicha gol urib bo‘lishgandi.

Foto: Fc Barcelona

Arnau Tenas (20 yosh)

Mark Andre Ter Shtegen bor ekan, «Barselona» darvozasida birinchi da'vogar borasidagi savol kun tartibida bo‘lmaydi. Kuman vaqtida Netu klubning zaxira posboni sifatida ko‘rildi. Xavi esa katta ehtimol bilan 20 yoshli Arnau Tenasni ikkinchi darvozabonga aylantiradi. U oyoq bilan yaxshi o‘ynay oladi. Raqib bosim o‘tkazayotgan paytda, shunchaki to‘pni tepib yuborishni emas, ochiq turgan sherigiga to‘pni aniq yetkazib berishning uddasidan chiqadi.

Foto: Fc Barcelona

Abde Ezzalzuli (19 yosh) 

«As-Sadd»dagi faoliyatidan shuni ayta olamizki, Xavi vingerlarni juda yaxshi ko‘radi. U o‘zining tanishtiruv marosimida ham qanot hujumchilaridan faol foydalanishni maqsad qilayotganini aytib o‘tdi. «Barselona»ning asosiy jamoasida esa atigi 2ta sof vingerlar bor: Ansu Fati va Usmon Dembele. Ikkisi ham jarohatlar girdobida qolib ketyapti. Qolganlar ularning o‘rnini bilintirmaslikka harakat qilishmoqda.

Qanotlardagi tanqislikni ko‘rgan Xavida «Barselona B»ga murojaat qilishdan o‘zga chora qolmaydi va bu yerda marokashlik Abde Ezzalzuli birinchi bo‘lib uning e'tiboriga tushadi. Unda vingerlarga xos tezlik, dribling va ajoyib pas berish mahorati jam bo‘lgan.

Foto: Fc Barcelona

Ilyas Akomach (17 yosh) 

Xavi tanishtiruv marosimidan bir kun avval «Barselona» yoshlarining «Sevilya»ga qarshi o‘yinini (4:0) kuzatdi va matbuot anjumanida ikki marta o‘rinbosarlar jamoasi yetakchisi Ilyas Akomachni tilga oldi. 17 yoshli vinger yoshlar tarkibining eng yulduzli vakillaridan biri hisoblanadi.

Andalusiyaliklarga qarshi bellashuvda 2ta gol urishga erishgan futbolchining muvaffaqiyati Xavi kuzatgan o‘yinga shunchaki to‘g‘ri kelib qolmagandi. U bundan oldingi bellashuvlarda ham ko‘plab foydali harakatlarni amalga oshirib, jamoasining g‘alabalariga hissa qo‘shib kelgan. Tez orada uni «Kamp Nou»dagi katta o‘yinlardan birida ko‘rib qolsak ham ajab emas.

Foto: Fc Barcelona

Abdulvosid Valixonov tayyorladi.

Mavzuga oid